Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

«Bosh ko‘targanning boshi kesiladi!» – Qirg‘iziston milliy xavfsizlik idorasi rahbaridan keskin ogohlantirish

«Bosh ko‘targanning boshi kesiladi!» – Qirg‘iziston milliy xavfsizlik idorasi rahbaridan keskin ogohlantirish

Qirg‘iziston Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi (MXDQ) raisi Qamchibek Tashiyev mamlakatdagi uyushgan jinoiy guruh vakillarini keskin ogohlantirdi.

«Endilikda mamlakatimizda «qonundagi o‘g‘ri»lar, uyushgan jinoiy guruh va to‘da rahbarlariga o‘rin yo‘q! » – deb bayonot bergan maxsus xizmat rahbari.

Ta’kidlanishicha, prezident Sadir Japarov boshchiligidagi siyosiy jamoa mamlakatda qonun ustuvorligi va tartib-intizomni o‘rnatish borasida qat’iy maqsadni ko‘zlagan. Siyosiy irodaga qarshi chiqib, yangi jinoiy guruhlar tashkil etishga uringanlar esa beayov jazolanadi.

Avval xabar berganimizdek, 4 oktyabr kuni Qirg‘iziston maxsus xizmatlari Bishkekda o‘tkazgan amaliyot chog‘i nafaqat mamlakat, balki MDH mintaqasida ham otning qashqasidek taniqli bo‘lgan jinoiy avtoritet Qamchibek Kolbayev (Qamchibek Asanbek) o‘ldirildi.

Huquq-tartibot idoralari «qonundagi o‘g‘ri» qarshilik ko‘rsatgani sababli otib tashlanganini bildirgan.

MXDQ raisi Qamchibek Tashiyev o‘z murojaatida marhum Qamchibek Kolbayevga yaqin bo‘lgan shaxslarni ham ogohlantirgan.

«Men jinoiy avtoritet atrofidagi shaxslarni rasmiy ravishda ogohlantirmoqdaman. Agar kimki qonunni buzishga urinsa, qonunga zid harakatlar sodir etishni ko‘zlasa, qonun doirasida jazolanadi. Jazolanganda ham qattiq jazolanadi! Agar biror bir jinoyatchi boshini ko‘tarsa, uning boshini kesamiz! Men buni ochiq aytmoqdaman», – degan Q.Tashiyev.

«Kolya qirg‘iz» laqabi bilan tanilgan Qamchibek Kolbayevning o‘limi mamlakatda jinoiy guruhlarga qarshi shafqatsiz urush ochilganini tasdiqlamoqda, deydi tahlilchilar.

Q.Kolbayevning o‘limi ortidan Qirg‘izistondagi jinoiy olam yetakchiligi ayni paytda qamoqda jazo o‘tayotgan boshqa bir kriminal avtoritet Ulan Toktosunovga o‘tishi haqida ovoza tarqalgan edi.

Mahalliy matbuot xabariga ko‘ra, Qirg‘izistonda yagona «qonundagi o‘g‘ri» bo‘lib turgan U.Toktosunov MXDQ raisining ogohlantirishi fonida kriminal yetakchi maqomidan voz kechgan.

«Qonundagi o‘g‘ri» maqomidan Alloh uchun voz kechganimni rasman ma’lum qilaman», – degan U.Toktosunov.

 

 

 

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring