«Bo‘lg‘usi kelin-kuyovlar innovatsion maktabi» ilk bitiruvchilariga sertifikat berildi
«Oila» ilmiy-amaliy tadqiqot markazi tashabbusi bilan 29-noyabr kuni Urganch shahrida ish boshlagan «Bo‘lg‘usi kelin-kuyovlar innovatsion maktabi» ilk bitiruvchilariga sertifikat topshirildi. Bu haqda markaz matbuot xizmati xabar berdi.
Innovatsion maktabi mashg‘ulotlarida 15 nafar bo‘lg‘usi oila ishtirok etdi. Oila qurish ostonasida turgan ushbu yoshlar ilk qadamni aynan mana shu maktab ostonasidan boshlayotganliklari alohida ahamiyatga egadir. Ular mashg‘ulotlar jarayonida oilaning huquqiy asoslari, oila ma’naviyati, uning reproduktiv salomatligi, oila budjeti, oilalardagi o‘zaro munosabatlar uyg‘unligi kabi mavzular orqali oilaviy hayotga ruhan va qalban o‘ziga xos tayyorgarlik holatini ham his qildilar. Ular dastlab mazkur maktabning maqsad va vazifalari o‘zi nima ekanligi haqida to‘liq tushunchaga ega bo‘lmay kelgan bo‘lsalar, keyingi mashg‘ulotlarni intizorlik bilan kuta boshladilar. Qiziqarli treninglar asosida o‘tkazilgan mashg‘ulotlar ularning tafakkurida oila ma’suliyati masalasiga jiddiy yondashuvni shakllantirdi.
«Oila» ilmiy-amaliy tadqiqot markazining sa’y-harakatlari bilan tashkil etilgan “Bo‘lg‘usi kelin-kuyovlar innovatsion maktabi» hozirda Toshkent, Nukus, Urganch, Qarshi, Samarqand shaharlaridan tashqari ushbu loyiha pilot loyiha sifatida sinalgan Parkent tumanida ham faoliyatini davom ettiryapti. Ayni paytda respublikamizning boshqa viloyatlari hamda Toshkent shahrining barcha tumanlarida maktab ochilishiga tayyorgarlik jarayonlari ketyapti.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter