Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Bolaning qo‘lidagi telefon bilan o‘zingizni «almashtiring»

Bolaning qo‘lidagi telefon bilan o‘zingizni «almashtiring»

foto: internet, ochiq manba

Boladan telefonni olib qo‘ymang!

Telefon o‘rniga kitob bermang!

Bolani qiynalishini istayapsizmi?

Hech qachon kitob telefon o‘rnini bosa olmaydi. Bunga bola yoki ota-ona aybdor emas. Bizning miyamiz bunga aybdor. Evolyusiya shuni taqazo etadi. Miya doim oson yo‘lni izlaydi. Kitob o‘qish oson yo‘l emas. Telefonni o‘zlashtirish, unga o‘rganish esa oson yo‘l.

U holda bolani telefondan qutqarish yo‘li qanday?

Albatta, eng oson yo‘l, bu bolaga 7 yoshiga qadar umuman telefon bermaslik. Agar kechikkan bo‘lsangiz, u holda telefonni kitob bilan almashtirish haqida o‘ylamang. Telefondan uzilish yo‘li boshqa, kitobga mehr uyg‘otish yo‘li boshqa.

Boladan telefonni olib qo‘yishning birgina yo‘li bor. Telefonni o‘zingiz bilan almashtirish. Ya’ni, bolani qo‘lidan ushlab hayvonot bog‘iga, parkka, muzqaymoq yeyishga, o‘yinchoq mashina xaydashga, quvlamachoq yoki bekinmachoq o‘ynashga, loydan qo‘g‘irchoq yasashga, qum o‘ynashga, pechene pishirishga, chigirtka tutishga, chumolini tomosha qilishga, xonqizi topishga, suv o‘ynashga, basseynga borishga, kafeda shirinlik yeyishga, bozor aylanishga, karaokeda qo‘shiq aytishga va yana minglab xildagi jismoniy harakatni talab qiladigan faoliyatlarni amalga oshirishga undang. Boshida oson bo‘lmaydi, lekin jarayondan zavqlangan bola telefonni asta-sekin unutishni boshlaydi. Bu harakatlarning muntazamligi muhim.

Kitobga kelsak, telefonga oid yuqoridagi harakatlardan qat’iy nazar bola bilan har kuni yotishdan oldin 3 daqiqadan boshlab kitob o‘qishga odatlaning. Rasmli kitob bo‘lishi shart. Bola 3 yosh bo‘lsa ham, u bilan kitobni muhokama qiling. O‘rganing! Bola bilan yoshiga mos suhbatlar qilishni o‘rganing. Shunda o‘smir bo‘lganida unga nima deyish kerakligini tushunmay yurmaysiz. So‘ng 3 daqiqani 30 daqiqaga oshiring. Bizning taqdirimiz odatlarimizga bog‘liq. Yotishdan oldin ota-ona va bolaning birgalikda kitob o‘qish odati taqdirimizga qanchalik ijobiy ta’sir ko‘rsatuvchi odat ekanligini minglab ilmiy taqiqotar isbotlagan.

Boladan telefonni olib qo‘ymang, telefonni o‘zingiz bilan almashtiring. Bolangiz uchun qiziq bo‘ling, zerikarli bo‘lmang. Telefonning o‘rniga kitob bermang, kitob o‘qishni telefon bor-yo‘qligidan qat’iy nazar bolaning hayotidagi ajralmas bir odatga aylantiring.

                                               Bolalar yozuvchisi Dinara Mo‘minovaning facebook sahifasidan olindi

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring