«Bolalikka qaytib»: O‘zbek milliy qo‘g‘irchoq teatridan fotoreportaj
1939yilda faoliyatini boshlagan O‘zbek milliy qo‘g‘irchoq teatri 82 yildan beri millionlab bolalarga xizmat qilib kelmoqda.
Teatrda Po‘latjon Doniyorov rahbarligida Nurxon Eshmuxamedov, Hamidulla Abdullayev, Olim Xolimtoyev kabi qo‘g‘irchoqbozlar elga tanildi. Dastavval, «Petrushka-shum bola», «Vanyaning bolalar bog‘chasi», «Yolg‘onchi bola», «Sembo» va «Petrushka-xorijiy», «Maks va Morits» kabi tarjima spektakllarni ommaga taqdim etgan.
Yigirmanchi asrning 50-yillarga kelib «O‘rmonda», «Sehrli quticha», «Ziyod botir», «To‘ti va Qumri», «O‘rmondagi hodisa» kabi bir qancha spektakllar tomoshabinlarga havola etildi. Ayniqsa, Toshkentlik yozuvchi Benderning «Kechirasiz, o‘rtoq Dovruq» komediyasi yosh tomoshabinlar davrasida mashhur bo‘ldi. 1980 yillarning boshigacha qo‘g‘irchoq teatri repertuarida qirqqa yaqin spektakl bo‘lib, yiliga 500 martadan ortiq tomoshani muhlislarga xadya etgan.
Mustaqillikning dastlabki yillarida teatr jamoasi moliyaviy qiyinchiliklarga duch kela boshladi. Shunga qaramasdan, bugungi kunda Respublika qo‘g‘irchoq teatri rekonstruksiya qilinib, bino zamonaviy va muhtasham holatga keltirildi.
Teatrning tomosha zali 311 tomoshabinni sig‘dira olish imkoniga ega. Teatr jamoasida Dinara Yo‘ldosheva, Nigora Faxrutdinova, Alisher Ikromov kabi bir qancha iqtidorli xodimlar mehnat qilmoqda.
O‘zbek milliy qo‘g‘irchoq teatri Rossiya, Qirg‘iziston, Tojikiston va Qozog‘istondagi qo‘g‘irchoq teatri ijodkorlari bilan yaqin aloqa o‘rnatgan. E’tiboringizga mazkur teatrdan fotoreportajni keltirib o‘tamiz.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter