«Inson ichidan har lahzada yuz xil qo‘g‘irchoqlar bosh ko‘taradi»
Har yili 21-mart kuni Butunjahon qo‘g‘irchoq teatri kuni nishonlanadi. Bu kun qo‘g‘irchoq teatrini jahon san’ati sifatida tan olishga qaratilgan. Tarixchilarning ta’kidlashicha, qo‘g‘irchoqlar teatr aktyorlaridan oldin tug‘ilgan. Odamlar sahnaga chiqishdan oldin bu jonsiz aktyorlar dunyoning turli burchaklarida tanilib bo‘lishgan edi. Hindistonda qo‘g‘irchoq teatrining kelib chiqishi miloddan avvalgi 2500-yillarda Hind vodiysi sivilizatsiyasiga borib taqaladi. Yaqinda arxeologlar arqon bilan boshqarilishi mumkin bo‘lgan ajraladigan boshli qo‘g‘irchoqni topdilar. Misrda miloddan avvalgi 2000-yilllarga tegishli qo‘g‘irchoqlarning arxeologik dalillari ham bor.
O‘zbekistonda Qo‘g‘irchoq teatri o‘tmishda taraqqiy etgan bo‘lib, uning «chodir xayol», «chodir jamol», «fonus xayol» turlari faoliyat ko‘rsatib kelgan.
Aslida Qo‘g‘irchoq teatri tabiatni ilohiylashtirish kabi marosimlarga borib taqaladi. Birgina yomg‘irni chaqirish uchun qo‘g‘irchoqlarni tayoqlarga bog‘lab «suz xotin suzma xotin» kabi yomg‘ir chaqirish marosimini eslang. Samarqand iqtisodiyot va servis instituti ijtimoiy fanlar kafedrasi mudiri Akram Azizqulov hamda o‘qituvchi Akbar Alimov o‘z tadqiqotlarida qo‘g‘irchoqbozlar haqida qiziqarli ma’lumotlar bilan bo‘lishadi: «Temuriylar davrida xalq san’atining barcha turlari keng rivojlangan. Ayniqsa, dorbozlar, qo‘g‘irchoqbozlar, kosa o‘ynovchilar, soqqabozlar o‘yinlari xalq orasida ommabop bo‘lgan. Bu kabi xalq san’atining mohiyati va erishgan darajasi Husayn Voiz Koshifiy asarlarida batafsil sharhlab berilgan. U «Futuvvatnomai sultoniy yoxud javonmardlik tariqati» asarida tomosha ko‘rsatuvchilarni uch toifaga ajratadi: kosa o‘ynovchilar, qo‘g‘irchoqbozlar va soqqabozlar. Husayn Voiz Koshifiy tariqat ahli uchun ham bu tomoshalarning ahamiyatini tushuntirib o‘tadi. Qo‘g‘irchoqbozlik san’atining mohiyatini quyidagicha izohlaydi: «Ey aziz, bilgilki, sohibdil darveshlar qo‘g‘irchoq o‘yinidan ko‘p ramzu ishoratlar o‘qib, dunyoning sir-sinoatini fahmlab, hiyla haqiqatlarni kashf etibdirlar. Shuni bilish lozimki, shaklu shamoil, surat olamida zuhur etadigan narsalar hazil-mutoyiba bo‘lsa-da, ammo mohiyat-mazmuniga ko‘ra, ular jiddiy haqiqatlarni anglatadilar.
Koshifiy qo‘g‘irchoq o‘yini (qo‘g‘irchoqbozlik) faqat ko‘ngilochar, hazil-mutoyibali tomosha emas, balki hajv va yumor orqali ijtimoiy jarayonlarda sodir bo‘ladigan yoki insonlar faoliyatida namoyon bo‘ladigan ba’zi bir salbiy illatlarni ochib berish va bundan tomoshabinlarga ibrat olishga undaydigan san’at turi ekanligini ta’kidlaydi.
U qo‘g‘irchoq o‘ynatuvchilar haqida shunday deydi: «Agar qo‘g‘irchoqbozlikning shartlari nimadan iborat, deb so‘rasalar, aytgil: asosiy sharti shuki, qo‘g‘irchoq o‘ynatuvchi dono bo‘lsin va haqiqatdan bahra topsin». Mantiqiy va tanqidiy tafakkurga ega bo‘lgan qo‘g‘irchoq o‘ynatuvchigina jamiyatda sodir bo‘ladigan yoki kishilar fe’lida uchrab turadigan salbiy illatlarni anglamog‘i va qo‘g‘irchoqlar timsolida hazil-mutoyiba orqali kishilarga shunday yetkazmog‘i kerakki, tomoshabinlar bundan ibrat olib xulosa chiqarsin. Qo‘g‘irchoq san’atida ishlatiladigan sahnalar va ularning zohiriy ma’no kasb etishini esa quyidagicha ta’kidlaydi: «Agar(xayma) chodir nimaga ishora qiladi, deb so‘rasalar, bu inson badaniga ishora, deb javob bergil. Chunki inson ichidan har lahzada yuz xil qo‘g‘irchoqlar bosh ko‘taradi va tilga kiradi. Bu xayma, ya’ni badan ichida turli fe’l-ravishlar bo‘lsa-da, biroq bularning hammasi yagona qudratning san’ati, ijodidan boshqa narsa emas. Agar peshtaxta (sandiq) nimaga ishora etadi, deb so‘rasalar, odamzod qalbiga ishoradir, deb aytgil. Zero, qalb ajoyib sandiq bo‘lib, odamning ahvoli, xislatlaridan nishona berib turadi. Shu bois, ham uni «qalb»deganlar (arab tilida qalb so‘zi o‘zgaruvchi, evriluvchi, degan ma’nolarni beradi).»
Tarixga nazar tashlasak, yurtimizda qo‘g‘irchoq teatri (qo‘g‘irchoqbozlik san’ati) salkam yigirma asrlik tarixga ega. Yevropada dastlab Italiyada XVI asrdan, Rossiyada esa XVIII-XIX asrdan bu san’at qayd etilgan. Ko‘rinib turibdiki, Markaziy Osiyo xalqlari qo‘g‘irchoq teatri san’ati rivoji bo‘yicha Yevropa davlatlari va Rossiyaga nisbatan bir necha asr avval yutuqlarga erishgan.»
Xo‘sh, bu kunni qanday nishonlash kerak?
Teatrlar afishasida 22-27-mart kunlari Navro‘z bayrami, Xalqaro qo‘g‘irchoqbozlar va Xalqaro teatr kuni munosabati bilan Ochiq eshiklar kuni e’lon qilingan. Besh kun mobaynida turli xil teatr tomoshalari namoyish etiladi. Eng qizig‘i spektakllarga kirish mutlaqo bepul.
Bir necha sabablar bilan shu kunlarda qo‘g‘irchoq teatrini tomosha qiling, agar siz ilgari hech qachon qo‘g‘irchoq teatrini ko‘rmagan bo‘lsangiz, endi sizning vaqtingiz! Qolaversa ushbu san’at turi haqida o‘qing, o‘rganing. Qo‘g‘irchoq san’ati haqida bir nechta kitoblar va onlayn materiallar mavjud. Ushbu san’at turi qanday paydo bo‘lganligi haqida hamma narsani bilish uchun miloddan avvalgi 2000 yillarga sayohat qiling.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter