Bolali ayolni tepib mashinaga o‘tqazgan IIO xodimi yuzasidan izoh berildi (video)
Bugun, 18-sentyabr kuni ijtimoiy tarmoqlarda ikki nafar PPX xodimlarining bola ko‘tarib tilanchilik qilayotgan ayolga nisbatan qo‘pol munosabatda bo‘lgani, uning qo‘lidan bolasini olib, tepib mashinaga o‘tqazgani aks etgan video tarqaldi.
IIV matbuot kotibi Shoxruh G‘iyosov mazkur holatga baho berib, vazirlik xodimlarning fuqarolarga nisbatan qo‘pol munosabatini oqlamasligini bildirdi.
«Hozirda joylarda qo‘lida chaqaloq ko‘targan ayollar va voyaga yetmagan bolalarning yo‘llarda, bozorlar hamda boshqa joylarda tilanchilik qilish holatlarining oldini olishga qaratilgan kompleks profilaktik chora-tadbirlar olib borilmoqda. Katta ehtimol bilan mazkur videoda tasvirlangan holatda ham aynan yo‘lda tilanchilik qilayotgan ayol IIB xodimlari tomonidan olib ketilgan bo‘lishi mumkin.
Lekin, xodimlarning har qanday vaziyatda ham fuqarolarga nisbatan bunday qo‘pol munosabatda bo‘lishi, keskin qoralanadi. Holat yuzasidan xizmat tekshiruvi o‘tkazilib, qonuniy chora ko‘rilishi ta’minlanadi», – deyiladi rasmiy munosabatda.
Aniqlanishicha, hodisa Farg‘ona viloyatida sodir bo‘lgan va ayni vaqtda holat yuzasidan o‘rganish olib borilmoqda.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter