Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Bolalarni zo‘ravonlikdan himoya qilish choralari kuchaytirilmoqda

Bolalarni zo‘ravonlikdan himoya qilish choralari kuchaytirilmoqda

27 fevral kuni «Bolalarni zo‘ravonlikning barcha shakllaridan himoya qilish to‘g‘risida»gi qonun loyihasi Oliy Majlis Qonunchilik palatasi tomonidan birinchi o‘qishda qabul qilindi.

«Bolalar ruhiyati va xarakteriga ta’sir etuvchi bu kabi salbiy illatlar - zo‘ravonlik va tazyiq kelajakda reviktimizatsiya (qayta shikastlanish) xavfini, xususan keyingi avlodlarda ham zo‘ravonlikning davom etishini sezilarli darajada oshiradi.

Bolalarga alohida zo‘ravonlik holati ham har bir bola uchun katta fojia bo‘lib, uning oqibatlari bolaning butun hayoti davomida davom etadi, uning jismoniy, psixologik, ijtimoiy va axloqiy rivojlanishiga salbiy ta’sir ko‘rsatib, bolaning akademik ko‘rsatkichlariga ta’sir qiladi», deb yozdi O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Ijtimoiy himoya milliy agentligi direktori Mansurbek Olloyorov X tarmog‘idagi sahifasida.

Qonun loyihasida bolalarga nisbatan zo‘ravonlik shakllariga ta’rif berilib, ularni sodir etishni taqiqlash, qonunga binoan ta’qib qilishning huquqiy asoslarini mustahkamlash ko‘zda tutilmoqda. Shuningdek, bolalarga nisbatan zo‘ravonlik shakllari amaldagi uchtadan (jismoniy, jinsiy, ruhiy) oltitaga (g‘amxo‘rlik ko‘rsatmaslik, ekspluatatsiya, bulling) oshirilmoqda.

Mazkur hujjat bilan ilk bor yangi institut joriy qilinyapti. Ya’ni, endilikda bolalarga ham himoya orderi berish taklif etilmoqda. Order vakolatli organ tomonidan zo‘ravonlikdan jabrlanuvchining qonuniy vakiliga yoki bolani o‘z qaramog‘iga olgan boshqa shaxsga hamda zo‘ravonlikdan jabrlanuvchining o‘ziga beriladi.

Bundan tashqari, loyihada bolalarni zo‘ravonlikdan himoya qilishda ota-onalarning ishtiroki va ularning majburiyatlari belgilab qo‘yilmoqda. Jumladan, ota-onalar bolalarning hayoti va sog‘lig‘ini muhofaza qilishi, ularga g‘amxo‘rlik ko‘rsatishi hamda zararli ta’sir ko‘rsatuvchi axborotdan himoya qilishi shartligi, bolalarni tarbiyalashda ularni jismoniy jazolash taqiqlanishi nazarda tutilmoqda.

Hujjatda ta’lim tashkilotlarida bolalarga nisbatan zo‘ravonlikka yo‘l qo‘yilmasligi, ta’lim muassasalarida intizomiy jazo chorasi sifatida zo‘ravonlikning har qanday shakli, shu jumladan jismoniy jazo va boshqa shafqatsiz xatti-harakatlarni amalga oshirish yoki qadr-qimmatni kamsituvchi muomalani qo‘llashga yo‘l qo‘yilmasligi qat’iy belgilanmoqda.

Shu bilan birga, zo‘ravonlik xavfi ostida bo‘lgan bolalar toifalarining (yetim, nazoratsiz, aqliy rivojlanishda nuqsoni bor, fohishalik, tilanchilik bilan shug‘ullanayotgan bolalar) qonun loyihasida aniq belgilab berilganligi, sohadagi vakolatli organlarga zo‘ravonlikdan jabrlangan, zo‘ravonlik xavfi ostida bo‘lgan bolalarni aniqlash, ularning hisobini yuritish hamda zarur hollarda ularga nisbatan zo‘ravonlikning oldini olishga doir yakka tartibdagi chora-tadbirlarni o‘z vaqtida amalga oshirishiga yordam beradi.

Shu sababli ham mazkur hujjatning ishlab chiqilishi mamlakatimizda bolalar huquqining ta’minlanishini mustahkamlash sari yana bir qadam bo‘lganini alohida ta’kidlash kerak. Ijtimoiy himoya milliy agentligi direktori birinchi o‘rinbosari Shahnoza Mirziyoyevaga ko‘ra, qonun loyihasi bundan 4 oy muqaddam yuqori darajadagi Davra suhbati doirasida muhokama qilingan, xususan, bolalar ustidan zo‘ravonlikning har qanday shakliga nisbatan yakdil murosasiz munosabat shakllantirilgan. O‘tgan davr davomida ishchi guruh tomonidan sezilarli ishlar amalga oshirilgan.

«Qonunning joriy qilinishi profilaktika hamda zo‘ravonlik qurbonlariga kompleks yordam ko‘rsatish tizimini yaratishga yordam beradi. Bunda, Ijtimoiy himoya milliy agentligi zo‘ravonlikning barcha shakllaridan himoyalashda har bir bolaning huquqlarini ta’minlovchi vakolatli organ etib belgilandi.

Biz bilan birgalikda ushbu muhim hujjat ustida ish olib borgan barcha ko‘ngilli odamlar, hamkorlar va hamkasblarga minnatdorlik bildiraman. Yana bir marta barchani bolalarga nisbatan zo‘ravonlik barham topishi uchun kuchlarni birlashtirishga undab qolaman!», deya ta’kidlagan u Instagramdagi sahifasida.

Loyihada, shuningdek, zo‘ravonlikdan jabrlangan bolalarning huquqlari hamda ularni zo‘ravonlikdan himoya qilishning umumiy va yakka tartibdagi chora-tadbirlari belgilanmoqda. Xususan, zo‘ravonlik qurbonining murojaati, jismoniy yoki yuridik shaxslarning xabarlari, ommaviy axborot vositalari, Internet jahon axborot tarmog‘i, shu jumladan ijtimoiy tarmoqlardagi xabarlar bolalarni zo‘ravonlikdan himoya qilishning yakka tartibdagi chora-tadbirlarini qo‘llash uchun asos bo‘ladi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring