Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Bolalari tortib olingan it yoxud yumshoq ko‘rpa, o‘yinchoqlar, pishirilgan tovuq

Bolalari tortib olingan it yoxud yumshoq ko‘rpa, o‘yinchoqlar, pishirilgan tovuq

 

Quyosh o‘ynar javdar xirmonda,

Chiptalarda nuri tilla rang.

Bolaladi ona it tongda,

Yetti kuchuk tug‘di mallarang.

Yuvib-tarab tillari bilan,

Oqshomgacha erkaladi u.

Ona itning issiq bag‘ridan

Qor ustida erib oqdi suv.

Rus shoiri Sergey  Yeseninning ushbu she’rini o‘quvchiligimda o‘qiganman. Ehtimol, shu she’r orqali ko‘pchilik bolalarda hayvonlarga nisbatan shafqat uyg‘ongandir. Ehtimol, qahri qattiq bolalar – bo‘lg‘usi otalar bu she’rni o‘qimagan ikkichi bolalardir. Ehtimol, shoirning ushbu she’rni yozishiga bolaligida ko‘rgan qayg‘uli voqealar sabab bo‘lgandir.

Bolalarning aksariyati yoshligida o‘zining do‘sti – hayvoni bo‘lishini istaydi. O‘sha istak vaqtida qondirilsa bola umrbod hayvonga mehrli bo‘ladi, agar vaqtida qondirilmasa yoki bolaning oldida kattalar hayvonlarga ozor bersa, ular ham keyinchalik kattalar qilgan yovuzlikni qaytaradi. She’r odam tasavvur qila olmaydigan va bir vaqtning o‘zida tabiiydek qabul qilgan yovuzlik haqida...

Oqshom payti, tovuqlar endi

Qo‘nog‘iga tizilishgan dam,

Uy egasi xo‘mrayib keldi,

Qopga soldi yettovini ham.

Sho‘rlik ona chopdi ketidan,

Uzoq-uzoq quvlab bordi u.

Muzdek terlar oqib etidan,

Achchiq-achchiq uvlab bordi u...

She’r yana ONA itning iztiroblari haqida. Biz hayvonlarda ham xuddi inson onasidek onalik instinkti borligini unutib qo‘yganmiz. Zero, rivojlangan davlatlar allaqachon hayvonlar ham his-tuyg‘ularni boshidan kechirishini isbotlagan bir paytda, biz hamon ularni azoblash bilan bandmiz.

Xorijlik veterinar – shifokor Linda Saymon: «Itlar odamlar o‘ylaganidan ko‘ra aqlliroq va buni inkor etib bo‘lmaydi. Ular aybdorlik, quvonch, umidsizlik va qayg‘u kabi his-tuyg‘ularni boshdan kechirishlari mumkin. Misol uchun, hammamiz itning tanbeh berganimizdag‘amgin ko‘zlarini ko‘rganmiz yoki mushuk ularning ovqatiga changsolganida nigohida qisqagina jirkanish ifodasiga guvoh bo‘lganmiz. Hatto vafot etgan egalarining qaytishini sadoqat bilan kutgan itlar haqida ma’lumotlar bor. Ular nimadir haqida o‘ylashayotgani aniq...»

Ha darvoqe, egasini bir umr kutgan Xatiko esingizdadir. Egasiga nisbatan sog‘inchni, qo‘msashni his qilgan it bolalari undan tortib olinganda qay ahvolga tusharkin?

Botqoqlardan kechib o‘tdi loy,

Oyoqlari toldi, urindi.

Qaytar ekan tom ustida oy,

Bolasiga o‘xshab ko‘rindi.

Sho‘rlik yana bolasin so‘rab,

Ko‘kka boqib uvladi xasta.

Yangi oy ham asta g‘ildirab,

Tushib ketdi ufqdan pastta.

Bechorani ermaklab, kulib,

Non o‘rniga otishgandek tosh,

It ko‘zidan yulduzlar bo‘lib,

Qorga oqdi tomchi-tomchi yosh...

***

Bir qishloqqa to‘yga bordik. Mashinani to‘y egasining qo‘shnisinikiga qo‘ydik. Shunda yelinlari ko‘rinib turgan, tumshug‘ini old oyoqlariga qo‘yib yotgan, befarq it e’tiborimni tortdi.

«Voy kuchugingizning bollari borakan-a», dedim uy bekasiga.

Salom-alikni quyuq qilgan, har so‘zida «Xudoga shukr» aytishdan charchamaydigan ayol: «Ha tuqqaniydi, ko‘zi ochilmasdan tashlab keldik bollarini», – deya juda bemalol aytdi bu gapni. Men g‘alati ahvolga tushdim. Bu ishining qanchalik vahshiylik ekanini uqtirishdan foyda yo‘qligini angladim, ammo jim ketishni ham istamadim: «Ona – ayol chaqalog‘ini yarim kun emizmasa, bola tuqqansiz buni bilasiz, ko‘kragi toshday qotadi, sut oqadi, bir, ikki kun emizmasa sut qotib og‘riq azob beradi, boladan onani olib qo‘ysa ona o‘zini qo‘yarga joy topolmay dunyo ko‘ziga qorong‘u ko‘rinadi, bu it hozir shu og‘riqlarni, shu hisni boshidan kechirayapti. U tushunmayapti, bollari qayoqqa ketdi va nega yo‘q endi ular. Bizga shunday yovuzlik qilishsa dod solamiz, dilozordan qochamiz, xafa bo‘lamiz. Ammo bu sizga shu qadar sodiqki qilgan yovuzligingizga qaramay uyingizni qo‘riqlaydi». Ayol gaplarimdan g‘alati bo‘ldi...

Ona kuchuk haqida yozilgan ushbu postdan keyin bu ayollar guruhida ham muhokama bo‘ldi. Chunki onalar ushbu ona itning tuyg‘ularini hammadan ham ko‘ra chuqurroq anglaydilar:

Oydin Tojiyeva: – Men yashaydigan shaharda (Turkiya) ko‘cha hayvonlarini saqlaydigan maxsus joylar bor. Erta bahorda ko‘chamizda bir kuchuk bolalagan edi. «Meriya» hayvonlar boshpanasining xizmatchilari kuchukchalarni o‘sha joyga olib ketishdi. Onani esatopisha olmagan. Ona kuchuk qaytib kelib, kechalari uvillab yig‘lab chiqardi. Shunda bir arab millatiga mansub qo‘shnim chidolmasdan, rahmi kelib ona kuchukni bolalarining oldiga olib ketdi. Savobning juda zo‘rini oldingiz, deb duo qilgandik o‘shanda hamma qo‘shnilar.

Habiba Ibragimova: – Bolalagimda, momomning iti bolaladi, yomg‘ir yog‘ayotgandi, biz uni bolalari bilan otxonaga ko‘chirdik, isitdik, eski ko‘rpachalar to‘shadik, har biriga ism qo‘ydik. Va biz o‘zimizcha chiroyli-chiroylilarini tanlab oldik, katta bo‘lsa shaharga olib ketamiz deya. Ikki, uch haftadan keyin borsam momom opalariga va boshqa qarindoshlarga kuchuklarimizni berib yuboribdilar. Shunaqa to‘polon qilib yig‘laganman...

Shahnoza Hakimova: –Uyimiz yonida hali bitmagan xonaga bir it tug‘ibdi – beshta. Biram shirinki. Itning bo‘ynida ipi ham bor, egasi bu yerda tug‘masin deb qo‘yib yuborgan shekilli. Hozir shunga dadam bilan birga qarayapmiz. Bolalarining ko‘zi ochilmagan. Ochilsa odamlarga boqib olishga beramiz, bittasini o‘zimiz ham boqib olmoqchimiz...

Shafoat Kamoliddinova: –Uyimda uchta, ko‘chamda sakkizta egasiz it, xonadonimda beshta mushuk, ko‘chamizda o‘n beshtadan ortiqegasiz mushuklarimiz bor. Har yil emlataman, qo‘shnilarimiz bilan boqamiz. Alloh uchun xar bir jonzot ummat hisoblanadi. Afsuski,yuqoridagi xatolar ko‘proq ota-ona tarbiyasidan kelib chiqadi. Onam rahmatli ko‘chada tashlab ketilgan it-mushuk bo‘lsa olib kelardilar va bu mehr biz farzandlarga ham o‘tgan. Karantin payti ko‘chadagi hayvonlarni boqdim, to‘xtab qolgan ishlarim oldinga yurishib baraka kirdi xonadonimizga. Afsus, oramizda vahshiylar ko‘payib ketdi. Alloh insof bersin. Bizda jazo kuchaytirilmasa bunaqa vahshiylar ko‘paysa ko‘payadiki kamaymaydi.

Guli Irgasheva volonter: – Menga xuddi shunday ko‘zi ochilmagan it bollarini olib kelishganida ikki oy so‘rg‘ich orqali sut berib katta qilganman. Uyqusiz kechalar... o‘zim zo‘rg‘a devor ushlab yurganman, chunki har 40 daqiqada uyg‘onardi. Ikkita edi, undan tashqari yana sal kattaroq(onasini o‘ldirishgan)kuchuk bolachalari bor edi, jami 11ta. Qolgan mushuklarimni gapirmay qo‘ya qolay... Agar shu izohimni o‘qib turganlar orasida hayvonlarga yordam berishni xohlaganlar bo‘lsa biz xursand bo‘lamiz. Safimizga qo‘shiling, har kun biz mashina urgan, odam xafa qilgan, tashlab ketgan, kasal bechoralarga yordam beramiz...

Hayvonlarga yordam beradigan odamlarning doimo ishi yurishgani, g‘oyibdan rahmatlar yog‘ilgani haqida juda ko‘p misollarni keltirishmiz mumkin, ammo ularga vahshiylik qilish ham hech qachon javobsiz qolmas ekan:

Dilorom Rajabova: – Afsus...katta gunohga qolibdi...Bir qo‘shnimiz xuddi mana shu ishni qilgan, ya’ni iti bolalagan zahoti bolachalarini olib borib yo‘qotar edi. Shu qo‘shnimizning 3nafar farzandlari bor edi. Ko‘z o‘ngimizda 18 yoshli qizi o‘zini kanalga tashlab nobud bo‘ldi, 40 yoshga kirmay bir o‘g‘li qanaqadir kasallikdan o‘tib qoldi, yana bir o‘g‘li 15 yillar  bo‘lib qoldi, aravachaga mixlanib qolgan...

Maqolani yozish asnosida hayvonlarning his-tuyg‘ulari, ulardan bolalari olib qo‘yilganda boshidan nimalarni kechirishlarini bilish maqsadida internetdan manba qidirdim.  Hayvonlarga munorsabat bo‘yicha ham bizdan ancha oldinga ilgarilab ketgan xorij manbalaridan savolimga javob topolmadim. Chunki ularda ko‘zi ochilmagan kuchuk bolalarini ajratib olishdek voqea deyarli uchramaydi va o‘rganilmagan. Ammo 3-4 oylik bolalarini xonadonlarga tarqatishning hatto to‘g‘ri emasligi haqida juda ko‘p maqolalarga duch keldim. (Bu endi alohida mavzu.)

Xorijdan izlagan manbalar orasidan kuchuk bolasini tiriklay ko‘mgan haqidagi xabarlarni topa olmagan bo‘lsam-da biz tasavvur qila olmaydigan mehrga to‘la voqealarga duch keldim...

Vendi Tibbets: «Yaqinda o‘n bir yoshli kuchugimizni «uxlatdik»ya’ni «qo‘yib yuborishga» majbur bo‘ldik. U so‘nggi bir yarim yil davomida belidan past – umurtqa pog‘onasi insulti bilan yashadi, ya’ni falaj bo‘ldi. Biz uning qolgan umriga ajoyib hayot bilan ta’minlash uchun hamma narsani qilgan bo‘lsak-da, kichik sherigi bilan dalalarda bemalol yugura olmadi.

Grifon chiroyli it edi. Yumshoq, mehribon va juda yoqimtoy. U tufayli men migrenni (kuchli bosh og‘riq) yo‘qotdim va u menga ko‘p yillar davomida tasalli berdi. Itim insult bo‘lgandan keyin men uning «hamshirasi» bo‘lish navbatim kelganini his qildim. U shunchalik g‘ayratli va yashash uchun harakat qilardiki, biz dori bilan hayotini tugatishga majbur bo‘lamiz, deb o‘ylamagandik. U har doim yaxshi, qulay yumshoq ko‘rpasi borligiga ishonch hosil qilgan.Unga juda ko‘p quchoqlash va mehr berdim. Tovuq va guruch, omlet (sabzi, qovoq va bir oz no‘xat), ba’zida oddiy muzlatilgan yogurt berardim.

Bur kuni uning juda erinchoq bo‘lib qolganini bilib qoldim. Odatda xonaga kirganimda u boshini ko‘tarib, tashqariga chiqarishimizni mamnuniyat bilan kutardi.

Shu kechasi uning ismini chaqirganimda ham u menga e’tibor bermadi. Men uning yoniga borib, ko‘zlariga chuqur qarab ohista silab qo‘ydim, nimadir noto‘g‘ri ekanligini darhol angladim. Yarim tunda u og‘riqdan aniq yig‘lab yubordi. Ko‘z yoshlarim bilan turmush o‘rtog‘imni uyg‘otdim va ertasi kuni ishdan ta’til so‘rab ariza yozdim.

Tuni bilan do‘stimning oldidan ketmadim. Bu o‘ziga xos xayrlashish bo‘ldi. Ertalab biz veterinarimizga qo‘ng‘iroq qildik, u ko‘z yoshlari bilan uyimizga kelib, abadiy uxlatadigan dori-darmonlarni beradigan veterinariya xizmatining raqamini berdi. Biz uning so‘nggi daqiqalari dahshatli yorqin veterinar kabinetida emas, balki tanish muhitda mehribon odamlar orasida bo‘lishini xohladik. Unga sevimli ovqati tuxum va tovuqni pishirdim...  Bu Grifonning oxirgi yegan ovqati edi. Keyin mehribon va juda shirinso‘z veterinar ayol keldi. Men yig‘lab yubordim. Shifokor uning umurtqa pog‘onasiga trankvilizatorlarning birinchi dozasini berdi. Darhol u og‘riqdan qutuldi va hatto biroz tetiklandi, bu esa menga taskin berdi. Keyin veterinar uning old oyog‘igakateter qo‘ydi va tinchlantiruvchi dorining oxirgi dozasi tufayli itimiz abadiy uyquga ketdi...»

Facebookda yaqinda bir Polshada yashayotgan hamyurtimiz ishlayotgan xonadondagi itlarga munosabat haqida post qo‘ydi. Unda ta’kidlanishicha, rak tashxisi qo‘yilgan itni abadiy uyquga ketkazish uchun xonadon egalari juda ko‘p bahslashishibdi. Va mayli qancha yashasayam barcha sharoitlarni yaratib beramiz degan fikrga kelishibdi. U og‘riqni his qilmasligi uchun barcha muolajalarga tayyorligini aytishganiga guvoh bo‘libdi...

Ushbu postni o‘qib juda ko‘p hamyurtlarimiz kulgan smaylik qo‘yibdi, ko‘pchilik hayratlanibdi, yana ko‘pchilik bitta itga shunchalikmi debdi, yana ba’zilar havas qilibdi mehrli odamlarga.

Mening esa  ayol yozgan bir jumla ibora e’tiborimni tortdi:

«Bizning ham itlarnimizning biror joyi og‘rirmikan?»

Rostdan ham yarim metr ipga bog‘lanib uzzu kun katagidan chiqmaydigan bizning ham kuchuklarimizning biror joyi og‘rirmikan? Bolalarini ko‘z o‘ngida tiriklay ko‘mib tashlasak, suvga cho‘ktirsak nimalarni his qilarkin-a?Itlarga yumshoq ko‘rpa, o‘yinchoqlar, tovuq go‘shti, omlet, pishirilgan tuxum... bermasangiz ham mayli, somonxonada bolalari bilan qunishibgina, hech qanday ta’qibsiz, qo‘rquvsiz yashash uchun imkon bering, shuning o‘zi yetarli ularga...

                                                                                                                       Barno Sultonova

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring