Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Bolalarda 50 ga yaqin buyrak ko‘chirib o‘tkazish amaliyoti bajarildi

Bolalarda 50 ga yaqin buyrak ko‘chirib o‘tkazish amaliyoti bajarildi

So‘nggi yillarda buyrak va jigar ko‘chirib o‘tkazish kabi murakkab amaliyotlarni O‘zbekistonning o‘zida bajarish yo‘lga qo‘yilmoqda. Bu haqda SSV matbuot xizmati xabar bermoqda.

«Xususan, 2017 yildan akademik V.Vohidov nomidagi Respublika ixtisoslashtirilgan xirurgiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazida buyrak transplantatsiyasi bo‘yicha operatsiyalar muvaffaqiyatli bajarib kelinayotgan bo‘lsa, 2021 yildan tibbiyotimiz tarixida ilk bor mahalliy mutaxassislar tomonidan jigar ko‘chirib o‘tkazish yo‘lga qo‘yildi.

Natijada yurtimizda ushbu noyob jarrohlik muolajalari orqali o‘z salomatligini tiklagan bemorlar soni 15 barobarga ortib, yiliga 350 tani tashkil qildi. Qolaversa, 2017-2023 yillarda 1 100 ta buyrak transplantatsiyasi va 70 dan ortiq jigar transplantatsiyasi amalga oshirildi. Vaholanki, bu raqam 2017 yilda atigi 27 tadan iborat edi», deyiladi xabarda.

Shuningdek, mazkur yo‘nalishda tajriba va ko‘nikmalar oshirilib, bugungacha turli yoshdagi bolalarda 50 ga yaqin buyrak ko‘chirib o‘tkazish amaliyoti bajarildi.

Qayd etilishicha, 2022 yil may oyida soha rivoji yo‘lida yana bir muhim qadam tashlandi: Prezidentimiz tomonidan «Inson a’zolari va to‘qimalarining transplantatsiyasi to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasi qonuni imzolandi.

Mazkur hujjat transplantatsiyani amalga oshirishning maqsad va shartlari, ob’yektlari, donorlar doirasi hamda donor va retsipiyentning huquqlarini belgilab berdi. Uni tayyorlashda AQSh, Germaniya, Polsha, Rossiya, Belarus va Ukraina kabi davlatlarning bu boradagi qonunchiligi atroflicha o‘rganilgan.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring