Bolalar bog‘chalari Yerevanda 20-mayda ochiladi
20-may kuni Yerevanda koronavirus infeksiyasiga qaramay bolalar bog‘chalari ochiladi, deya jurnalistlarga ma’lum qildi Armaniston poytaxti vitse-meri Tigran Virabyan.
«Bolalar bog‘chalari Yerevanda 20-mayda ochiladi. Rahbariyat maxsus qoidalarni joriy etdi. Birinchi navbatda, bolalar bog‘chalariga ota-onasining ikkalasi ham yoki faqat onasi ishlaydigan, shuningdek, kam ta’minlangan oilalardagi bolalar borishi mumkin», — dedi Virabyan. Uning so‘zlariga ko‘ra, rahbariyat Yerevandagi 161 ta bog‘chaga qatnagan bolalarning qariyb 30 mingdan ortiq ota-onasi bilan bog‘langan. Ulardan 11 ming nafari farzandlarini maktabgacha ta’lim muassasalariga yuborish istagini bildirishgan.
Virabyanning aytishicha, rahbariyat bog‘cha xodimlari uchun bir oyga 160 mingta niqob va bir necha ming litr dezinfeksiyalovchi vositaga buyurtma bergan. «Xavfli guruhga kiruvchi taxminan 20-22% xodim ishga chiqmaydi, lekin oylik maoshi saqlab qolinadi», — dedi vitse-mer.
Uning so‘zlariga ko‘ra, maktabgacha ta’lim muassasalariga ota-onalarning kirishi qat’iyan man etiladi, har kuni ertalab xodimlar bolalarning tana haroratini o‘lchaydi, yaqin aloqada bo‘ladigan o‘yinlarni o‘ynamaslik rejalashtirilmoqda. Mutaxassislar har kuni maktabgacha ta’lim muassasasi hududini dezinfeksiya qilishadi, oziq-ovqat mahsulotlarini yetkazish tartibi kuchaytiriladi.
Armanistonda koronavirus tarqalishiga qarshi kurashish uchun 16-martdan 13-iyungacha favqulodda holat e’lon qilingan. «RIA Novosti»ning yozishicha, mamlakatda 4823 kishi kasallikka chalingan, 61 nafari vafot etdi, 2019 ta bemor tuzaldi. 18-maydan jamoat transporti faoliyati to‘liq tiklandi, savdo markazlari ochilmoqda, umumiy ovqatlanish xizmatlari yopiq binolarda ham ko‘rsatilishi mumkin, sport zallari, madaniy-tarixiy joylar ochilishi rejalashtirilgan. Avvalroq sanoat korxonalari faoliyatiga ruxsat berilgandi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter