Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Boks federatsiyasi «Uzbek Tigers» janglarining Toshkentga ko‘chirilishi yuzasidan izoh berdi

Boks federatsiyasi «Uzbek Tigers» janglarining Toshkentga ko‘chirilishi yuzasidan izoh berdi

Foto: Pictame

«Uzbek Tigers» jamoasi bokschilarining Termiz shahrida o‘tishi rejalashtirilgan WSB tasnifidagi janglari poytaxt Toshkentga ko‘chirilgach, ayrim nashrlar bunga o‘z munosabatini bildirdi. Mazkur holatni inobatga olgan O‘zbekiston boks federatsiyasi vaziyatga izoh berishga qaror qildi», deb yozmoqda Boks federatsiyasi.

Xabarda aytilishicha, «Cuba Domadores» jamoasiga qarshi bu safargi jang Termiz shahriga taqdim etilgandi. Biroq yaqindagina Toshkentga tashrif buyurgan AIBA vakillari Milliy olimpiya qo‘mitasi rahbariyati bilan uchrashuvda bo‘lib, WSB obro‘sini ko‘tarish masalasida o‘zaro hamkorlik qilishni so‘radi. Bunda teletranslyasiya masalasi katta o‘rin tutishi, shuningdek, ring va uning atrofidagi holatning talab darajasida bo‘lishi muhim ahamiyat kasb etishi ta’kidlandi.

Mazkur uchrashuvdan keyin boks federatsiyasi MOQ bilan o‘zaro maslahatlashib, «Cuba Domadores» hamda «Colombia Heroicos» klublariga qarshi ikki kun oralig‘ida o‘tadigan janglarni Toshkentga ko‘chirishga qaror qildi. Bunda birinchi navbatda teletranslyasiya masalasi va uning sifati hisobga olindi. Shuningdek, biz bilan iliq munosabatlarni yo‘lga qo‘yayotgan AIBA vakillarida yaxshi taassurot qoldirgan va sharoitlari qoniqarli bo‘lgan «Universal» sport majmuasi variantida to‘xtalindi.

Termiz uchun va’da qilingan janglar esa 6—7 aprel sanalariga rejalashtirilmoqda. Shu kuni WSB guruh bosqichining 4-turi doirasida Venesuela bokschilari «Uzbek Tigers» klubiga qarshi ringga chiqadi. AIBA taklifi bo‘yicha, Termizdagi boks kechasiga jiddiy tayyorgarlik ko‘riladi. Teletranslyasiya va tashkilotchilik yuqori saviyada bo‘lishi uchun biroz vaqt kerakligi inobatga olinib, federatsiya boks kechasining sanasini o‘zgartirdi, manzil esa saqlab qolindi.

O‘z navbatida MOQ rahbariyati ham nafaqat viloyatlardagi boks muxlislarini xushnud etish, balki O‘zbekistonning jahonda tutgan o‘rni va mamlakatda sportga bo‘layotgan e’tiborni munosib tarzda namoyish qila olish talabini qo‘ygan. Unga ko‘ra, Hasanboy Do‘stmatov, Shahobiddin Zoirov, Iqbol Xoldorov, Isroil Madrimov, Bahodir Jalolov kabi mashhur bokschilarning viloyatlarda jang o‘tkazish an’anasi saqlab qolinadi. Biroq hamma narsa puxta reja va yuqori tashkilotchilik asosiga qurilishi kerak bo‘ladi.

«Cuba Domadores» hamda «Colombia Heroicos» klublariga qarshi janglar 27 fevral va 1 mart sanalarida o‘tadi. MOQ taklifi bilan boks oqshomiga Toshkent shahridagi imkoniyati cheklangan shaxslar uchun ixtisoslashtirilgan respublika kasb-hunar kolleji, 100-sonli polimilit tayanch harakati buzilgan bolalar internati hamda 23-sonli mehribonlik uyi tarbiyalanuvchilari tashrif buyuradi. Ularni «Universal» sport saroyiga olib kelish uchun maxsus avtobuslar yuboriladi.

O‘z navbatida keyinchalik ham viloyatlarda o‘tadigan janglarni tomosha qilish uchun yuqoridagi kabi imkoniyati cheklangan bolalarni o‘z bag‘riga olgan maskanlarda sharoit bo‘ladi. «Uzbek Tigers» jamoasi guruh bosqichini muvaffaqiyatli bosib o‘tib, chorak finalga yo‘l olsa, Samarqand va Termizdan keyin, qolgan mashhur shaharlar ham boks kechalariga mezbonlik qilish huquqini qo‘lga kiritadi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring