Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Bog‘chalarga qabul jarayonida korrupsiyaning oldini olish mumkinmi?

Bog‘chalarga qabul jarayonida korrupsiyaning oldini olish mumkinmi?

Innovatsion rivojlanish vazirligi va BMT Taraqqiyot dasturi hamkorligidagi Innovatsiyalar va boshqaruv yechimlari laboratoriyasida maktabgacha ta’lim muassasalariga qabul jarayonini mukammallashtirish bo‘yicha tavsiyalar muhokama qilindi. Mazkur tavsiyalar maktabgacha ta’lim muassasalariga qabul jarayonini soddalashtirishga, korrupsiyaga imkon qoldirmaslikka hamda fuqarolarga qulaylik yaratishga qaratilgan.

Loyiha mualliflari davlat maktabgacha ta’lim muassasalariga qabul jarayonining mavjud holatini tahlil qilib, bugungi kunda Davlat xizmatlari markazlari orqali bo‘sh joyga yo‘llanma olish uchun 16 ta bosqichdan o‘tilishi aniqlandi. Bu jarayonda elektron raqamli imzo sotib olish majburiyati, bo‘sh joylar haqida ma’lumotlarning o‘z vaqtida yangilanmasligi va haqiqatga mos emasligi, Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali (Yagona Portal) va OpenEMIS axborot tizimi o‘rtasidagi tafovutning mavjudligi aholi tomonidan norozilikka olib kelgan. Bundan tashqari, arizachilar navbat kelgan-kelmaganini bilish uchun bir necha marotaba Davlat xizmatlari markaziga borib kelishlariga to‘g‘ri kelmoqda.

— Me’yoriy-huquqiy bazadagi ayrim kamchiliklarni bartaraf etilmasa, muammo hal bo‘lmaydi, — deydi loyiha muallifi Bunyod Xoshimxo‘jayev. — Inson omili ya’ni, tuman maktabgacha ta’lim bo‘limlari mas’ul xodimlarining yo‘llanma berishidagi ishtirokiga butkul chek qo‘yish kerak. Bog‘chalarda AKTning qisman qo‘llanilishi, muassasaga qabul qilingan va u yerdan ketgan bolalar haqidagi ma’lumotlar bazasining yo‘qligi, harakatlarning muvofiqlashtirilmagani ham muammolar keltirib chiqarmoqda.

Loyiha mualliflari bolalarni maktabgacha ta’lim muassasalariga joylashni yanada mukammallashtirish maqsadida elektron raqamli imzo olishni bekor qilish taklif etilmoqda. Shuningdek, maktabgacha ta’lim muassasalariga qabul jarayonida imtiyozlardan foydalanuvchilarning turini kamaytirish lozimligiga ham alohida urg‘u berildi. Bunda faqatgina ijtimoiy himoyasiz aholi qatlamlarigagina bunday imtiyozlarni saqlab qolish zarurligi qayd etildi.

Tizimni mukammal ishlashi uchun faqat tashkiliy jihatlarga emas, balki qabulga yo‘llanma berish jarayonining texnik tomoniga ham alohida ahamiyat qaratish lozim. Bunda OpenEMIS tizimi va bu tizimning Yagona Portal bilan muvofiqlashtirish ustida dasturchilar ishlashi talab etiladi. Bundan tashqari, FHDYo ma’lumotlar bazasidan bola to‘g‘risida aniq ma’lumotlar olish imkoni yaratilishi kerak. Shuningdek, arizachilar davlat xizmatlari markazlariga betinim qatnashlarini oldini olish uchun bog‘chaga navbatning holatini SMS-xabar jo‘natish orqali bilish imkoniyatiga ega bo‘lishlari lozim.

Bitta arizachi to‘rttagacha maktabgacha ta’lim muassasasiga navbat turishiga sharoit yaratilishi ham muammoning anchayin tez hal etilishiga ko‘mak beradi. Bunda deylik bittasi asosiy, qolganlari qo‘shimcha imkoniyat sifatida ko‘riladi.

Shunday qilib, maktabgacha ta’lim muassasalariga yo‘llanma olish tartibini takomillashtirish orqali Davlat xizmatlari markaziga borish soni 6 tadan 2-3 taga qisqaradi, yo‘llanma olish bosqichlari kamayib, hujjatlarni to‘ldirish soddalashadi, avtomatlashtirish jarayonining mukammallashtirilishi, o‘z navbatida korrupsiya holatlarining oldini oladi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring