Denovdagi bolalar bog‘chalarida «o‘lik jonlar» uchun oylik maosh yozib kelingan: naqd 4,8 mlrd so‘m!
Hisob palatasining o‘rganishlariga ko‘ra, Surxondaryo viloyati Denov tumani maktabgacha ta’lim bo‘limi markazlashgan buxgalteriyasining ayrim mas’ul xodimlari jami 11,3 mlrd so‘mlik budjet mablag‘larini noqonuniy o‘zlashtirib kelgan.
Jumladan, tumandagi ayrim maktabgacha ta’lim tashkilotlarida 2022-2023-yillarda ishlamagan 141 nafar fuqarolar nomiga 4,8 mlrd so‘m ish haqi hisoblanib, noqonuniy o‘zlashtirilgan.
Masalan, maktabgacha ta’lim tashkilotlari mas’ul xodimlari tomonidan haqiqatda ishlamaydigan yaqin qarindoshining nomiga 136,4 mln so‘m hamda maktabgacha ta’lim bo‘limida uslubchi, hisobchi va santexnik lavozimlarida ishlab kelayotgan 9 nafar shaxslar nomiga 279,4 mln so‘m ish haqini qo‘shib yozib, soxta to‘lov qaydnomalarini tuzish orqali noqonuniy o‘zlashtirgan.
Shuningdek, 2020-2021-yillarda davlat budjeti mablag‘lari hisobidan xodimlar uchun hisoblangan ish haqiga nisbatan bankdan ortiqcha naqd pullar olinib, soxta to‘lov qaydnomalari orqali 1,6 mlrd so‘m hamda hech qanday to‘lov qaydnomalarisiz 3,1 mlrd so‘m budjet mablag‘lari o‘zlashtirilgan.
Bundan tashqari, budjet tashkilotining xarajatlar smetasida xodimlarning ish haqi to‘lovlari uchun rejalashtirilgan 529,1 mln so‘m mablag‘lar xodimlarning roziligisiz ularning ish haqlari hisobidan ushlanmagan holda gazeta va jurnallar obunasi uchun o‘tkazib yuborilgan.
Palata aniqlangan holatlar yuzasidan mas’ullarga qonunchilikda belgilangan choralarni ko‘rish hamda moliyaviy xato va kamchiliklarning kelgusida yo‘l qo‘yilmasligi yuzasidan tegishli tadbirlarni amalga oshirish bo‘yicha Maktabgacha va maktab ta’limi va Iqtisodiyot va moliya vazirliklariga ko‘rsatma yuborilganini ma’lum qildi.
Shuningdek o‘rganish yuzasidan rasmiylashtirilgan hujjatlar huquqiy baho berish uchun Bosh prokuraturaga ham taqdim etilgan.
Hisob palatasi, shuningdek, hisoblangan ish haqiga nisbatan bankdan ortiqcha naqd pullarning olish holatlari 2022-yilda «UzASBO» dasturiy majmuasiga o‘zgartirish kiritish orqali bartaraf etilganini ta’kidlab, o‘z navbatida, bu boradagi o‘zlashtirishlar ham «yangi shakl-shamoyillarda amalga oshirilayotgani»ni bildirmoqda.
Ma’lumot uchun, mazkur tumandagi tekshirishlar Palataning masofaviy tarzda olib borgan risk-tahlillarida tuman maktabgacha ta’lim tashkilotlarining ayrimlarida qariyb 3 mlrd so‘mga yaqin budjet mablag‘larining noqonuniy sarflanganligi bo‘yicha shubhali to‘lovlar aniqlanidan so‘ng boshlangan.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter