Bobur qo‘rg‘oni – rivoyatmi, haqiqat?
Xalqimiz tarixida buyuk shaxslar, sarkardalar, allomalar ko‘p o‘tgan. Ana shundaylardan biri Zahiriddin Muhammad Bobur bo‘lib, u millatimiz tarixida alohida o‘rin tutadi. Bobur bilan bog‘liq joylar, rivoyatlar xalqimiz orasida tildan tilga ko‘chib yuradi. Shulardan biri bilan tanishamiz.
Qashqadaryo viloyati Dehqonobod tumanidagi «Oqrabot» qishlog‘i Hisor tog‘ tizmalarining etagida «M-39 – Toshkent-Termiz avtomobil yo‘li» yoqasida Surxondaryo viloyati bilan chegara hududida joylashgan. Qadimiy «Buyuk Ipak Yo‘li» ham shu qishloq hududidan o‘tganligi haqida ma’lumotlar bor.
Oqrabot qishlog‘ining eng yuqori qismi Dara deb ataladi, daraning boshida archazorlar orasida toshdan qurilgan qo‘rg‘on bo‘lib, xalq orasida «Bobur qo‘rg‘oni» deb yuritiladi. Mazkur qo‘rg‘on haqidagi ma’lumotlar tarixiy manbalarda uchramasa ham, lekin ota-bobolarimizdan, ya’ni avloddan avlodga o‘tib kelayotgan og‘zaki ma’lumotlar, rivoyatlar orqali ko‘pchilikka tanish hisoblanadi.
Qishloq keksalaridan Hayit bobo Rahmon o‘g‘lining (96 yil umr ko‘rib 1992 yil vafot etgan) hikoya qilishicha, Bobur degan podshoh Shayboniyxondan yengilgach Kattapoyga kelib makon tutadi (Kattapoy – Daraning tepa qismi) va dehqonchilik qiladi, g‘alla ekadi. Bobur Kattapoyda ming qo‘sh yuritgan, degan rivoyatlar ham bor.
Bobur raqibi Shayboniyxon to‘satdan hujum qilishidan xavotirda yashagan va yo‘lni kuzatib turishga odamlarini qo‘ygan. Ayg‘oqchilari yordamida Boburning Kattapoyda istiqomat qilayotganligidan voqif bo‘lgan Shayboniyxon kuchli hiyla ishlatadi. Ya’ni yuzlab askarlari bilan birga minglab ot va eshaklarga shox-shabba sudratib, chang-to‘zon ko‘tarib, Boburga qarshi «urush» boshlaydi. Boburning nigohbonlari uzoqdan qiyomat qo‘pib, katta lashkar kelayotganligining xabarini Boburga yetkazadilar.
Bu xabardan so‘ng Bobur oshiqni qo‘liga olib, olchi, umma, chikka o‘zimniki, dikka Shayboniyxonniki deb uch marta oshiqni tashlaydi, uchalasida ham dikka tushadi. Shu bilan jangsiz chekinib, Xurosonga o‘tib ketgan ekan.
Boburning hozirgi Afg‘oniston hududiga o‘tib ketishi milodiy 1503 yillarga to‘g‘ri keladi. Afsuski, «Boburnoma»da o‘n yildan ortiq davr voqealari yozilmagan. Bobur qo‘rg‘oni bilan bog‘liq voqealar ham ana shu davrga to‘g‘ri keladi.
1984-1985 yillarda Dehqobodlik mashhur baxshi Qodir baxshi Rahimov ham Boburning Oqrabotda yashagan davri haqida «Oychinor» nomli doston bitgan.
Qishloq keksalari gurungida «Shayboniy keldi — Bobur qochdi» iborasi hozirgacha qo‘llaniladi. Bu ibora ko‘pincha davraga biror kishi kelib qo‘shilganda boshqasi davrani tark etganda aytiladi.
Muhtaram prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev sayyohlik sohasini rivojlantirish uchun bir qancha qarorlar chiqardi. Bobur qo‘rg‘onini ham aslidek asrab, targ‘ibot va tashviqot ishlari olib borsak, sayyohlarni jalb qilsak, shonli tariximizning bir parchasini yaxshiroq o‘rganishga va kelajak avlodga yetkazishga katta hissa qo‘shgan bo‘lar edik.
Baxtiyor Nazarov,
Dehqonobod tumanidagi 7-maktab o‘qituvchisi
PS: Oqrabot qishlog‘idagi ushbu tarixiy joy va uning turistik salohiyati haqida Xabar.uz’da avval ham maqola chop etilgan edi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter