Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

BMT O‘zbekistonning degredatsiyaga uchragan yerlar bo‘yicha rezolyusiyasini ma’qulladi

BMT O‘zbekistonning degredatsiyaga uchragan yerlar bo‘yicha rezolyusiyasini ma’qulladi

BMT Bosh Assambleyasi O‘zbekiston tashabbusi bilan yana bir rezolyusiyani qabul qildi.

2024-yil 13-avgust kuni BMTning Nyu-Yorkdagi Bosh qarorgohida BMT Bosh Assambleyasi bir ovozdan «Degradatsiyaga uchragan va qurg‘oq hududlarda barqaror o‘rmonzorlarni barpo etish, daraxt ekish va ularni targ‘ib qilish – ekologik muammolarga qarshi kurashning samarali yechimi» rezolyusiyasini qabul qildi.

Mazkur rezolyusiya O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tashabbusi bilan mamlakatimizda hayotga tatbiq etilayotgan, shahar va qishloq hududlarini ko‘kalamzorlashtirish orqali bioxilma-xillikni saqlash va tiklashga qaratilgan «Yashil makon» milliy dasturi konsepsiyasi asosida ishlab chiqilgan.

Hujjatda Shavkat Mirziyoyevning Bosh Assambleyaning 78-sessiyasi va BMT Iqlim bo‘yicha 28-konferensiyasida iqlim o‘zgarishiga va yerlarning degradatsiyasiga qarshi samarali kurashish bo‘yicha bildirgan asosiy takliflari o‘z ifodasini topgan.

Rezolyusiyaga 90 dan ortiq a’zo davlatlar, jumladan, Markaziy Osiyoning barcha mamlakatlari, Ozarbayjon, Avstriya, Belgiya, Bahrayn, Vengriya, Germaniya, Italiya, Iordaniya, Indoneziya, Qatar, Xitoy, Saudiya Arabistoni, Latviya, Mo‘g‘iliston, Marokash, O‘mon, BAA, Pokiston, Portugaliya, Rossiya, Koreya Respublikasi, Turkiya, Fransiya va dunyoning turli mintaqalarini ifodalovchi boshqa davlatlar hammualliflik qildi.

Rezolyusiyada o‘rmonlarni barqaror boshqarish va daraxt o‘tqazishning iqtisodiy, ijtimoiy va ekologik afzalliklari har tomonlama ko‘rsatilgan. Ularning biologik xilma-xillikni oshirish, iqlim o‘zgarishi va havo ifloslanishi oqibatlarini yumshatish va barqaror rivojlanish maqsadlariga erishishga qo‘shgan hissasi, jumladan kambag‘allikka barham berish va oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlashdagi hissasi alohida ta’kidlanadi.

Rezolyusiyaning o‘ziga xos xususiyati uning atrof-muhitni muhofaza qilish sohasidagi so‘nggi ilmiy yo‘nalishlarga muvofiqligidir. Ekologik toza va ekotizimga asoslangan usullardan foydalangan holda biologik xilma-xillikni saqlash va ko‘paytirish maqsadida BMTga a’zo mamlakatlarga daraxt ekish sohasida aniq tavsiyalar beriladi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring