BMT bosh kotibining telefon so‘zlashuvlari o‘g‘rincha tinglangan. Buning ortida kim turgani ma’lum
BMT bosh kotibi Antoniu Guterrishning telefon so‘zlashuvlari AQSh maxsus xizmati tomonidan maxfiy ravishda tinglangani norozilik uyg‘otdi. Xalqaro tashkilot rasmiy vakili Stefan Dyujarrik Vashingtonga bu borada Antoniu Guterrishning xavotiri yetkazilganini ma’lum qildi.
«BMT bosh kotibi va boshqa yuqori martabali xodimlarning so‘zlashuvlari AQSh hukumati tomonidan kuzatuv va nazorat ob’yekti bo‘lgani haqidagi xabarlar yuzasidan rasman xavotirimizni izhor etdik. Biz bunday xatti-harakatlar AQShning BMT ustavi hamda Imtiyoz va immunitetlar haqidagi konvensiyada ko‘rsatilgan majburiyatlariga nomuvofiq ekanini aniq-tiniq bildirdik», – deydi Stefan Dyujarrik.
O‘tgan hafta internetga sizdirilgan AQSh maxsus xizmatiga tegishli maxfiy hujjatlarni tadqiq etgan BBC nashri BMT bosh kotibi va uning o‘rinbosari so‘zlashuvlari yashirincha tinglangani haqida xabar bergan edi.
Xususan, maxfiy hujjatlarda Antoniu Guterrish don kelishuvida ko‘proq Rossiyaning manfaatlarini himoya qilgani qayd etilgan.
«Guterrish Rossiyaning hatto sanksiya ostidagi yuridik va jismoniy shaxslari oldi-sotdida qatnashayotgan bo‘lsa ham, rus eksport imkoniyatlarini yaxshilash lozimligini ta’kidladi», – deyiladi Pentagon xulosasida.
Maxfiy hujjatlarda BMT bosh kotibining o‘z o‘rinbosari Amina Muhammad bilan muloqoti tafsilotlari ham keltirilgan. Suhbatlardan birida BMT yetakchisi Yevrokomissiya rahbari Ursula fon der Lyayenning Ukrainaga qurol yetkazishni ko‘paytirishga chaqirig‘i yuzasidan xavotir bildirgan.
Ma’lumot o‘rnida, AQSh maxsus xizmatlariga tegishli maxfiy ma’lumotlar 7 aprel kuni internet va ijtimoiy tarmoqlarda keng tarqaldi. Axborot daydjesti shaklida tayyorlangan hujjatlarda Ukraina va Rossiyaning harbiy salohiyati, shuningdek, Xitoy, Hind–Tinch okeani va Yaqin Sharq mintaqalariga doir ma’lumotlar aks etgan.
13 aprel kuni AQSh Federal tergov byurosi Milliy gvardiya harbiy xizmatchisi Jek Teysheyrani Pentagon maxfiy ma’lumotlarini sizdirish gumoni bilan hibsga oldi. 21 yoshli yigit Massachusetsda, Harbiy havo kuchlari 102-razvedka bo‘linmasida 2019 yildan buyon faoliyat yuritib kelgan.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter