BMT bosh kotibi Ramazonning ilk kunida chaqiriq bilan chiqdi
BMT bosh kotibi Antoniu Guterrish musulmonlarning muqaddas Ramazon oyi boshlanganiga qaramay, G‘azo sektorida xunrezlik davom etayotganini tanqid qildi.
«Ramazon bu shunday muddatki, dunyo musulmonlari uni o‘zgacha nishonlashadi, tinchlik, murosa va birdamlik qadriyatlarini tarannum etishadi. Ammo bu yil Ramazon boshlanganiga qaramay, G‘azoda o‘limlar, bombardimonlar hamda xunrezlik davom etmoqda», – dedi BMT yetakchisi Nyu-Yorkdagi brifingda.
Guterrish muqaddas oy kirgani munosabati bilan G‘azo sektorida zudlik bilan o‘t ochishni to‘xtatishga chaqirdi.
«Bugun men Ramazon ruhiga muvofiq ravishda o‘t ochishni to‘xtatish va (G‘azo sektoriga) hayotiy ahamiyatga ega tezkor ko‘makni yetkazish yo‘lidagi barcha to‘siqlarni bartaraf qilishga chorlayman. Ayni vaqtda bizga butun dunyoning, tarixning nigohi qaratilgan. Biz undan yuz o‘gira olmaymiz. Biz o‘limlarning oldini olish uchun kerakli choralarni ko‘rishimiz shart», – dedi A.Guterrish.
Siyosatchi, shuningdek, asirlarni ozod qilish lozimligini ham urg‘uladi.
BMT bosh kotibi G‘azoda tinch aholi vakillari o‘limi misli ko‘rilmagan darajaga yetgani, xalqaro huquq ham poymol bo‘layotganini taassuf bilan qayd etdi. U Isroil tomonidan Rafahga hujum uyushtirilishi juda og‘ir oqibatlarga olib kelishidan ham ogohlantirdi.
Isroil harbiylari 2023 yil 7 oktyabr kuni HAMAS hujumiga javoban G‘azoga bostirib kirganidan buyon 31100 dan ziyod falastinlik (13500 nafar bolalar va 9000 nafar ayollar) o‘ldirildi, 72760 kishi jarohatlandi.
Ramazonning ilk kunida ham bombardimonlar oqibatida o‘nlab g‘azoliklar halok bo‘lgani xabar qilindi.
Xalqaro tashkilotlar gumanitar halokat yoqasidagi G‘azo sektoriga quruqlik orqali muntazam ko‘mak yetkazish lozimligini talab qilmoqda.
BMT Bolalar jamg‘armasining (YuNISEF) Yaqin Sharq va Shimoliy Afrika bo‘yicha direktori Adel Xodr Isroil blokadasi tufayli G‘azoda bolalar, xususan, chaqaloqlar o‘limi xavfi keskin oshganidan ogohlantirdi.
Xalqaro tashkilot vakili tibbiy xizmat izdan chiqqan hududda bolalar hayotini saqlab qolish ikki karra mushkul ekanini urg‘ulagan. Qayd etilishicha, bolalar ochlik sabab chorva mollariga mo‘ljallangan ozuqalarni ham iste’mol qilishga majbur bo‘lmoqda.
BMTga ko‘ra, so‘nggi vaqtlarda G‘azoda ochlik darajasi 12 baravarga ortdi.
17 yil qisman blokada sharoitida yashagan G‘azo sektori 2023 yil oktyabr oyidan buyon to‘liq qamal ostida. Hududga suv, oziq-ovqat, yonilg‘i kirishi cheklangan.
Ayni paytda 2,3 million aholi hayotiga Isroil bombalaridan tashqari ochlik, tashnalik va yuqumli xastaliklar xavf solib turibdi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter