Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Bloger Otabek Sattoriyning qamoqqa olinishi holatiga Jurnalistlar ijodiy uyushmasi munosabat bildirdi

Bloger Otabek Sattoriyning qamoqqa olinishi holatiga Jurnalistlar ijodiy uyushmasi munosabat bildirdi

Mana bir necha kundirki, surxondaryolik bloger Otabek Sattoriyning qamoqqa olinishi bilan bog‘liq voqealar mamlakatimiz media muhiti, ijtimoiy tarmoqlar diqqat markazida turibdi, deyiladi O‘zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi munosabatida.

Bu masala bo‘yicha jurnalistika sohasiga aloqador bir qator nufuzli tashkilotlar, deputat va jamoat arboblari munosabat bildirdi. Munosabatlarda bu ishda konstitutsion haq-huquq, haqiqat, adolat, so‘z erkinligiga hurmat va ochiqlik ta’minlanishi lozimligiga da’vat etildi.

Bosh qarorgohi AQShning Nyu-York shahrida joylashgan Jurnalistlarni himoya qilish qo‘mitasi — CPJ (Commitee to Protect Journalists) O‘zbekiston hukumatini hibsga olingan bloger Otabek Sattoriyni ozod qilishga chaqirdi. Tashkilotning fikricha, bloger korrupsiyaga qarshi kurashgani ortidan soxtalashtirilgan jinoyat ishi asosida qamoqqa tashlangan. Buyuk Britaniyaning O‘zbekistondagi elchisi Tim Torlot «agar tovlamachilikni isbotlaydigan dalillar bo‘lmasa, mazkur hibs voqeasi nafaqat xavotirli, balki so‘z erkinligiga rahna soluvchi yana bir harakatdir», deb tashvish bildirdi.

Bu masalada mavhumlik va ziddiyatlar ko‘p. Ichki ishlar vazirligi bergan bayonotdan so‘ng bahs-munozaralar yanada avj oldi. Bunga ayrim savollar javobsiz qolayotgani sababdir.

Xususan, bozordan tanqidiy material tayyorlayotganda yuz bergan voqea uchun blogerning «tovlamachilik»da ayblangani (blogerning o‘zi ayblovni keskin rad etmoqda) uning oilasi, farzandlari, yaqinlari oldida bir necha nafar huquq-tartibot organi xodimlari tomonidan vahima va shov-shuv bilan olib ketilishi uchun yetarlimi? 

Biz qonun ustuvor bo‘lgan mamlakatda yashayapmiz. Qonuniy haq-huquqlarimiz bilan birga burchlarimizni ham e’tirof etamiz. Agar, qonun buzilishiga yo‘l qo‘ysa, jinoyat sodir etsa, kim bo‘lishidan qat’iy nazar, u jurnalist bo‘ladimi, blogermi yoki boshqa kasb egasimi, albatta, qonunda belgilangan tartibda javob berishi shart. O‘zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi bu noxush voqea bo‘yicha ham shunday fikrda. 

IIV bayonotida aytilganidek, «tergov va sud organlarining faoliyatiga nisbatan sun’iy ravishda salbiy munosabat shakllantirish – tergov qilishga yoki sud ishlarini hal etishga aralashish» niyatimiz yo‘q. Aksincha, huquqni muhofaza qiluvchi organlarni mazkur ishni tomonlarning ko‘rsatmalari va barcha holatni hisobga olgan holda xolis va haqqoniylik, adolat bilan ko‘rib chiqishini, barcha fuqarolar kabi jurnalist va blogerlarning ham konstitutsion haq-huquqlari, so‘z va matbuot erkinligi buzilmasligini  istaymiz.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring