Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

«Biz uchun har bir mamlakatning o‘z taqdirini o‘zi belgilash huquqi muhim» – Annalena Berbok O‘zbekistonga tashrifi xususida

«Biz uchun har bir mamlakatning o‘z taqdirini o‘zi belgilash huquqi muhim» – Annalena Berbok O‘zbekistonga tashrifi xususida

Foto: AFP

31-oktyabr tunida O‘zbekistonga kelgan Germaniya Federativ Respublikasi tashqi ishlar vaziri Annalena Berbok tashrifdan ko‘zlangan asosiy maqsadni ochiqlar ekan, suverenitet va davlatlarning o‘z taqdirini o‘zi belgilash huquqi muhim qadriyat bo‘lib qolishini ta’kidladi. Bu haqda olmon bosh diplomati nomidan Markaziy Osiyoga tashrif arafasida tarqatilgan bayonotda so‘z boradi.

Qayd etilishicha, Rossiyaning Ukrainaga bosqini ortidan bir vaqtlar Sovet Ittifoqi tarkibida bo‘lgan davlatlar ham o‘z suverenitetiga qarshi ehtimoliy tahdidlar haqida bosh qotirmoqda.

«Shu bois ham biz – yevropaliklar uchun har bir mamlakatning o‘z taqdirini o‘zini belgilash huquqi, BMT Ustavi va YeXHT tamoyillari, teng huquqli hamkorlikni muhofaza etish muhim ahamiyat kasb etadi. Markaziy Osiyo mamlakatlari hamisha Rossiya, Xitoy va Yevropa o‘rtasida ko‘prik bo‘lishga umid qilgan. Endilikda ular o‘zlarini o‘rtada qolib ketgandek his etmoqda va piyoda bo‘lib qolish qo‘rquvi bilan yuzma-yuz kelgan», – deydi Annalena Berbok.

Ta’kidlanishicha, mintaqa davlatlari istiqbolda Rossiya va Xitoyga bog‘liq bo‘lib qolmasligi maqsadga muvofiqdir.

«Qozog‘iston va O‘zbekistonga tashrifimdan ko‘zlangan asosiy maqsad ham shu – hozirgi vaziyatda (mintaqa) odamlarining Yevropadan kutayotgan umid va istaklariga quloq tutishdan iborat. Germaniya Qozog‘iston va O‘zbekiston bilan diplomatik aloqalar o‘rnatganining 30 yilligida amalga oshirilayotgan tashrif orqali «Germaniya (sizlardan) yuz o‘girayotgani yo‘q» deya mujda yo‘llanmoqda. Aksincha, biz Markaziy Osiyo bilan nafaqat iqtisodiy va madaniy jabhada, balki shaxsiy robitalar borasida ham mustahkam rishtalarni saqlab kelmoqdamiz», – deydi siyosatchi.

Berbok xonimga ko‘ra, 35 million nufusli O‘zbekiston 2021 yilda 7,4%  o‘sish ko‘rsaktichini qayd etdi. Bu esa ulkan salohiyati mavjudligidan dalolat beradi.

Yevropa Ittifoqi tomonidan 2021 yil 1 dekabrda qabul qilingan «Global darvoza» (Global Gateway) deb nomlangan yangi strategiyada raqamlashtirish, iqlim, energetika, transport, ta’lim, sog‘liqni saqlash kabi sohalarni taraqqiy ettirish yo‘nalishlari belgilangan.

Germaniya TIV Markaziy Osiyo bilan ko‘hna qit’a o‘rtasidagi aloqalarni yanada mustahkamlashda «Global darvoza» kabi tashabbuslardan kengroq foydalanishni tavsiya etgan.

«Germaniya va Yevropa yangi tobelik yoki moliyaviy ta’sir vositalarini istisno etuvchi halol va adolatli imkoniyatlarni taklif etadi. Mening nazarimda, teng huquqli hamkorlik – iqtisodiy taraqqiyot va inson huquqlari tanganing ikki tomoni ekanini mudom tushuntirishni anglatadi. Negaki, ishonchli tartib-qoidalar kompaniyalar uchun sarmoyani samarali muhofaza etishni ta’minlaydi; negaki, barqaror taraqqiyot va xavfsizlikka faqat insonlar huquqi kafolatlangandagina erishish mumkin», – deya xulosa yasaydi A.Berbok.

Eslatib o‘tamiz, 31 oktyabr tunida yurtimizga tashrif buyurgan Germaniya tashqi ishlar vazirini aeroportda o‘zbekistonlik hamkasbi Vladimir Norov kutib oldi.

Foto: O‘zbekiston TIV

Vazirning tashrif dasturidan O‘zbekiston TIV hamda prezidenti bilan uchrashuv va Samarqandga safar o‘rin olgan.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring