Biz hamkorlikda 15 ming nafar ingliz o‘qituvchilari malakasini oshirishga kirishganmiz – Blinken
AQSh Davlat kotibi Entoni Blinken xorijiy va mahalliy OAV uchun tashkil qilingan matbuot anjumanida O‘zbekistonga qilingan ilk tashrifidan olgan taassurotlari haqida to‘xtalib, Prezident Mirziyoyev hamda tashqi ishlar vaziri vazifasini bajaruvchi Saidovga «iliq va samimiy qabul uchun» o‘z minnatdorchiligini bildirdi.
«Bizning mamlakatlarimiz orasidagi sheriklik munosabatlari O‘zbekiston mustaqillikka erishgandan keyin boshlangan va keyingi yillarda yanada kengayib bormoqda. Bu yerdagi barcha aloqalarni mustahkamlashga intilish hissini sezdim. Bu hamkorlik mamlakat yoshlariga e’tibordan boshlanadi. Amerika Qo‘shma Shtatlari o‘tgan yil davomida 25 mln dollar sarmoya kiritdi. Biz O‘zbekiston hukumati bilan hamkorlikda o‘zbekistonlik 15 ming ingliz o‘qituvchini malakasini oshirishga va 10 mingta maktabni ingliz tili darsliklari bilan ta’minlashga kirishganmiz», – deydi u.
Blinken, shuningdek, O‘zbekistonga tashrifi doirasida O‘zDJTUga borgani va u yerda ingliz tilidan tahsil olayotgan yoshlar bilan uchrashganini aytib o‘tdi.
«Bugun men o‘zbekistonlik yosh o‘quvchilarni ingliz tili o‘rganayotgan darsida ishtirok etdim. Bu shunchaki ingliz tilini o‘rganish emas, balki o‘zbekistonliklarning yosh avlodini ish o‘rinlari bilan raqobatga tayyorlash, mintaqa bo‘ylab ingliz tilida so‘zlashuvchilar bilan aloqa o‘rnatish, Qo‘shma Shtatlarda akademik liderlik almashinuv dasturlari eshiklarini ochishdir», – deydi Entoni Blinken.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter