Biz boshqalarni qoyil qoldirish uchun yashaymiz, nega?..
Taqdir ekan, Turkiyada olti oy yashadim va migratsiya mavzusi bo‘yicha bu mamlakatda asosan qora ishlarda mehnat qilayotgan 100 nafardan ortiq vatandoshim bilan suhbatlashdim. «Bu yerga kelib ishlashingizdan maqsad nima?» degan savolni ularning har biriga berdim. Suhbatdoshlarimning deyarli yarmi «to‘y qilaman», deya javob berdi, qolganlari esa «O‘zbekistonda uy olaman», «avtomobil sotib olishim kerak», «hamma dang‘illama uy quryapti, men ham yana 5 yil ishlasam, eski uyimni buzib, o‘rniga qasr quraman», «shahar markazidan (O‘zbekistonda) uy, mashina olaman va bitta do‘kon qilsam, bo‘ldi, mazza qilib yashayman» kabi javoblar bo‘ldi.
O‘g‘lini uylantirish uchun may oyida Turkiyadan qaytgan Samira bilan suhbatlashdim. U Andijonda ustachilik qiladigan o‘g‘lining boshini ikki qilish uchun Istanbulda uch yil yemay-ichmay pul to‘pladi, hatto kiyim-kechak ham sotib olmadi, deyarli. Bir oy avval to‘y ham o‘tibdi.
– Uch yil to‘plagan pulim to‘yga ketdi. Kamiga to‘yonalarni ham sarfladim. ZAGSga 10 ta mashina qildik, ulardan ikkitasiga 200 dollardan berdik. Bazm kechasiga 2 ta mashhur qo‘shiqchi chaqirdik, 150 nafar mehmon uchun stol tuzadik. Kishi boshiga 200 ming so‘mdan bo‘ldi. To‘ydan keyingi marosimlarning hammasini bir kun keyin o‘tkazdik. «Kuyov qochdi», «Quda chaqiruv», «Yo‘qlandi», «Ko‘rdi»... Quda tomonga sarpo, oziq-ovqat, yo‘l xarajatlari degandek. Hozir qo‘limda deyarli pulim qolmadi. O‘g‘lim hali ishga chiqqani yo‘q. Shu kelin tomondan kelayotgan mazarga qarab o‘tiribmiz. Olib kelmanglar demoqchiman, ammo keyin kunimizni qanday ko‘ramiz, deyapman.
– Oddiyroq to‘y qilsangiz ham bo‘lardi-ku? Bunchalik xarajatga sizni nima majbur qildi?
– Orzu-havas. «Pul topiladi» debman.
Shu o‘rinda 4 oy avval katta qizini turmushga uzatgan istanbullik Demirbeydan to‘ydagi sarf-xarajatlari haqida so‘radim:
– Bizda mehmonlar to‘yga ovqat yegani emas, asosan, o‘yin-kulgu qilgani kelishadi. Men bir to‘yxonani 2 oy oldin 300 dollarga band qildim. Stolga biz kurabiya kabi arzon 2-3 xil shirinlik va 2 turda suv yoki sharbat qo‘yamiz. Tamom. To‘ydagi xarajat oz, ya’ni biz mehmonlarni turli taomlar bilan siylashni xush ko‘rmaymiz. Albatta, boylar shunday qilishi mumkin. Ammo oddiy bir turk oilasi har kishidan 100-150 lira atrofida oladigan to‘yonasi evaziga ortiqcha xarajat qilmaydi.
Chindan ham, turk filmlarini ko‘rganimizda, to‘y marosimidagi mehmonlar deyarli quruq stol atrofiga yig‘ilib olib suhbatlashishadi. Ba’zi stollarda guldan boshqa narsa bo‘lmaydi. Turkiyadaligimda bir tanishimning to‘yida qatnashdim. To‘g‘risini aytsam, o‘sha kuni tushlik ham qilmagandim, to‘yxonaga borsam, stolda bir stakandan suv va tirnoqdek keladigan pishiriqdan boshqa narsa yo‘q ekan. Hech kimning stoldagilar bilan ishi ham bo‘lmadi. To‘y davomida turklar raqsga tushishdan bo‘shamadi. Men 3 soatdan so‘ng och qolib uyga qaytayotganimda, to‘y endi avjiga chiqqandi...
O‘zbekiston Respublikasi Markaziy bank boshqaruvi raisi Mamarizo Nurmurodovning so‘ziga ko‘ra, 2024 yilning yanvar-iyun oylari davomida xorijdan O‘zbekistonga kirib kelgan pul jo‘natmalari o‘tgan yilga nisbatan 25 foizga ortib, 6,5 mlrd. dollarni tashkil qilgan. Bunda Turkiyadagi muhojirlarning ham hissasi bor, albatta. Uch yil ichida qiynalib topilgan 32 ming dollardan oshiq mablag‘ini to‘y va u bilan bog‘liq marosimlarga sarflab yuborgan Samira bugun yana Turkiyaga ketish taraddudiga tushgan. Chunki uning maktabda o‘qiydigan yana 2 farzandi bor. Samira ishlagani ketsa, bolalar akasi va yangasining qo‘lida qoladi. Akasi pul topsa, ovqatlari bo‘ladi, topmasa – yo‘q. Agar Samira to‘yga sarflagan pulining yarmiga o‘g‘li va kelinini ish bilan band qiladigan ishxona ochib berganda edi, bugun ular yangi kelinning oilasi tomonidan kelayotgan mazarga qarab qolmas edilar. Balki Samira ham Turkiyaga ketmagan bo‘larmidi?
Istanbulning Fotih (Fatih) tumanidagi Kapali charsi (Kapalı çarsı) bozorida ro‘mol sotuvchi Ahmetbey shunday deydi:
– Siz – o‘zbeklar «shik» yashashni sevadigan xalqsiz. Bu yerga kelishadi, og‘ir mehnat qilishadi, yemay-ichmay pul to‘plashadi va so‘ng vatanlariga qaytib borib, dabdabali to‘y qilishadi, 5-10 xonali uylar qurishadi, mashina olishadi. O‘zlari yoki farzandlari uchun emas, boshqalarni qoyil qoldirish uchun yashaydi o‘zbeklar...
– Bundan keyin kichik farzandlarimning kelajagi uchun ishlayman, – deydi Samira. – Yillarcha pul to‘plamasdan, har oy kichiklarimning xarajatlari, o‘qishlariga pul jo‘natib turaman. 1-2 oy ish topib joylashgunimgacha bolalarim akalariga omonat. Ko‘zlarimni «chirt» yumib yana Turkiyaga ishga ketayapman...
Sabohat Rahmon, jurnalist
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter