Bitta firma 699 nafar fermerni aldadi
«Olmoqning bermog‘i, yemoqning qusmog‘i bor», deydi xalqimiz. Garchi bu yil ob-havo noqulay kelib, joylarda suv taqchilligi yaqqol sezilgan bo‘lsa-da, umumiy sharoitdan kelib chiqib, yerdan bir yilda kamida ikki marta hosil olish imkoniyatini qo‘ldan boy bermaslik choralari ko‘rildi. Xususan, g‘alla saranjomlanib olinganidan keyingi qariyb 4 oylik issiq va haroratli kunlar takroriy ekin uchun ayni muddao ekani hisobga olindi.
Yuqorida aytganimizday, noqulay ob-havo Qashqadaryo viloyatida takroriy ekinlar uchun bu yil rejalashtirilgan 35 ming 300 gektar maydonni 5 ming gektar etib qisqartirishni taqozo etdi. Bu ko‘rsatkich o‘tgan yil bilan qiyoslaganda 20 baravar kam ekani holda, maqbul ekinlar sifatida suvsizlikka chidamliligidan kelib chiqib mosh, karam va sabzi qatorida kartoshka ham tanlandi.
Xo‘sh, buning yuqoridagi naqlga qanday daxli bor, dersiz. Gap shundaki, Qamashi, Shahrisabz, Yakkabog‘, Chiroqchi va Kitob tumanlaridagi 1231 ta fermer xo‘jaligida g‘alladan bo‘shagan yer maydonlariga takroriy ekin sifatida kartoshka ekishga ahd qilishgan. Urug‘lik esa chetdan olib kelinishi ko‘zda tutilgan. Shu maqsadda Namangan viloyatidagi «XXX agro» MChJ bilan g‘alla hali pishib ulgurmay, 2018 yilning aprel oyida jami 11 mlrd. 798 mln. so‘mlik shartnomalar imzolangan.
Talab etiladigan 1567 tonna urug‘lik kartoshka xarid qilish uchun bir qator tijorat banklari fermer xo‘jaliklariga imtiyozli kreditlar taklif etarkan, fermerlar ham qulay imkoniyatni qo‘ldan boy bergisi kelmay shartnomaga asosan 100 foiz oldindan to‘lov shaklida «XXX agro» MChJ hisob raqamiga kelishilgan mablag‘ni o‘tkazib berishgan.
«Olarda kirar jonim, berarda chiqar jonim», deganlaridek, shartnomada ko‘rsatilgan urug‘lik kartoshka shu yilning 15 iyuniga qadar yetkazib berilishi kerak bo‘lsa-da, «XXX agro» MChJ tomonidan shu kunga qadar 699 ta fermer xo‘jaligiga 887 tonna 6 mlrd. 622 mln. so‘mlik urug‘lik kartoshka yetkazib berilmasdan, shuncha mablag‘ o‘zlashtirish va rastrata qilish yo‘li bilan talon-toroj qilingan. Bu pulni-ku undirish choralari topiladi, biroq «qusmog‘i» tayin bu «yemoq»ning oqibatida viloyatdagi 296 gektar yer maydonga kartoshka ekilmasdan qolgan. Rasmiy til bilan aytganda, davlatimizning oziq-ovqat xavfsizligi ta’minlanishi sohasidagi siyosatiga salbiy ta’sir ko‘rsatilib, fermer xo‘jaliklarining qonun bilan qo‘riqlanadigan manfaatlariga juda ko‘p miqdorda zarar hamda jiddiy ziyon yetkazilgan.
Mazkur holat yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi huzuridagi inspeksiyaning Qashqadaryo viloyati boshqarmasi tomonidan «XXX agro» MChJ mansabdor shaxslariga nisbatan Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, dastlabki tergov harakatlari olib borish uchun viloyat prokuraturasiga yuborildi.
Bosh prokuratura huzuridagi Inspeksiya
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter