Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Birlashgan o‘zar – Turkiy davlatlar hamkorligi allaqachon zaruratga aylangan

Birlashgan o‘zar – Turkiy davlatlar hamkorligi allaqachon zaruratga aylangan

Juda bir qiziq zamonda yashayapmiz – yon-atrofdagi «kattakon» davlatlarning birortasi tinch emas. Unisida namoyish, bunisida namoyish, narigisida esa tamoman urush. Har biri shunchalikki, jahon tarixida alohida boblarga arzigulik voqealar.

Mana shularning fonida yaqinda bo‘lib o‘tgan Turkiy davlatlar tashkiloti kengashi yanada kattaroq ahamiyat kasb etadi. Kengashning rasmiy press-relizida qayd etilgandek: «Ko‘hna Samarqand shahridagi sammit turkiy dunyo sivilizatsiyasining zamonaviy tarixida yangi yuksalish bosqichini boshlab berdi».

Bu shunchaki chiroyli so‘zlar emas, turkiy davlatlar uchun xozir birlashish har qachongidan ham muhimroq. Davr talabidir bu.

Qaytarilajak nufuz
Bir vaqtlar taraqqiyot o‘zanini belgilab bergan turkiy davlatlar so‘nggi asrlarda nufuzini ancha yo‘qotdi. Markaziy Osiyo mustamlakachilik zanjiriga o‘raldi, Usmonlilar tanazzulga yuz tutdi. Oqibatda turkiylar taqdirini belgilaydigan siyosiy jarayonlar turkiy xalqlarsiz o‘tdi, qarorlar qabul qilindi.

Bugun mana shu adolatsizlikni to‘g‘irlash uchun tarixiy imkoniyat yuzaga kelgan va Samarqand sammiti darhaqiqat turkiy dunyo sivilizatsiyasining zamonaviy tarixida yangi yuksalish bosqichini boshlab beradi. Zero buning uchun yetarli imkoniyatlar ham bor.

Strategik hamkorlik
Turkiy davlatlarning o‘zaro hamkorligi barcha uchun birdek foydali bo‘ladi. Mintaqa tabiiy qazilma boyliklariga boy bo‘lib, ularni o‘zlashtirishda istiqbolli loyihalar talaygina. Masalan, O‘zbekiston, Qozog‘iston va Turkmaniston tabiiy gazini Trans-Onado‘li tabiiy gaz quvuri orqali Yevropaga eksport qilish imkoniyatiga alohida to‘xtalsa bo‘ladi.

Ushbu quvur yo‘li qardosh Ozarbayjon va Turkiya bilan hamkorlikda katta ahamiyatga kasb etadi va so‘nggi siyosiy jarayonlar natijasida qayta taqsimlanayotgan gaz bozorida turkiy davlatlar o‘rnini keskin oshirgan bo‘lardi.

Transport
Turkiy davlatlar joylashgan hududlar geografik jihatdan mag‘rib va mashriq, shimol va janubni bog‘lab turadi. Bu borada O‘zbekistonning Termiz – Mozori-Sharif – Kobul – Peshovar temiryo‘l liniyasi qurilishi loyihasini amalga oshirish bo‘yicha sa’y-harakatlari alohida ahamiyatga molik.

Turkiy davlatlarning ittifoqi mustahkamlanib, hamkorligi rivojlanib borgani sari tashkilot ichidagi savdo aylanmasida ham, yon-atrofdagi davlatlar bilan oldi-berdi ham kuchayadi.

Tashkilot kelajagi
Umuman olganda, Samarqand sammitida yana ko‘plab masalalar — innovatsiya, ekologiya, turizm, madaniy-gumanitar va boshqa sohalarda hamkorlik ko‘rib chiqildi. Kishini quvontiradigani, bu borada hamkorlik allaqachon boshlab yuborilgan va o‘z mevasini berib kelmoqda.

Endigi masala esa turkiy davlatlarning ittifoqi yangi bosqichga qachon chiqadi, chiqishi esa muqarrar ko‘rinmoqda va u qanday ko‘rinishda bo‘ladi, mana shu savollarga javob topish bo‘lib qoldi. Chunki sayyoramizda kuzatilayotgan siyosiy beqarorliklar ham Turkiy davlatlar tashkilotining nufuzini oshirish istak va xohishdan ham ko‘ra zaruratga aylanayotganini ko‘rsatib qo‘ymoqda.

Bunday vaqtda esa faqat birlashgan o‘zishi mumkin...

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring