Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

«Bir uyda yashab, bir-birimizni sog‘inamiz...» — Oilaviy bolalar uyida tarbiyalanayotgan qizlar (video)

Shag‘al tashlangan, o‘ydim-chuqur, ilonizi qishloq yo‘li oralab borar ekanmiz, qulochlari keng ochiq turgan darvoza qarshisida bizni katta mehr qarshi olayotganini his etdik.

Jondor tumani, «Navgadi» mahalla fuqarolar yig‘inidagi Yangibozor ko‘chasida joylashgan bu xonadonda istiqomat qilib kelayotgan Ahad Saidov hamda Marhabo Behbudovalar 5 farzandni dunyoga keltirishgan. Qismat ekan, ular hali voyaga yetmagan Maftuna ismli qizaloqlarini tuproqqa qo‘yishgan.

«Bu dard, bu armon bizni uzoq yillar o‘tda qovurdi. Hech kimning boshiga bu kulfatni solmasin. Bu dardni faqat farzandini yo‘qotgan ota-ona tushunadi. Uzoq yillar qizalog‘imiz xotirasi bilan yashadik. O‘nta bo‘lsa, o‘rni boshqa degandek, usizlikka ko‘nikish biz uchun juda og‘ir kechdi...», — deydi Marhabo opa.

Foto: «Xabar.uz»

1995 yilda Buxoro shahridagi Pedagogika texnikumini tugatgan Marhabo Behbudova mahalladagi bolalar bog‘chasida tarbiyachi, Ahad Saidov esa qorovul bo‘lib ishlagan. Katta o‘g‘ilni uylantirib, uyli-joyli qilib, ikki nafar qizni ham turmushga uzatishgan ota-ona 2007 yilda tug‘ilgan kenja o‘g‘il bilan hovliga qolishgan.

«2021 yilda kenjamiz Dostonjon to‘shaklab qoldi. Tanasining yarmi ishlamadi. Bu musibat bizni ancha tushkun ahvolga soldi. Shundoq ham yuragimiz yarim bo‘lib qolgan. Yomon xayollarga borib, qo‘rquv bosardi bizni. Hatto, uning nomiga go‘r ham qazib qo‘yishdi. Endi ahvolimizni tasavvur qilavering. Najotkorimiz faqat Alloh bo‘ldi. Shunday kunlarning birida tili zo‘rg‘a so‘zga aylangan o‘g‘lim: «Onajon, sizdan iltimos, Bolalar uyidan bola oling. Men tuzalib ketmasam, sizga yupanch bo‘ladi», dedi. Bu gapni farzandingdan eshitish, naqadar, og‘ir. Bolamga tasalli berdik. Yo‘q. U qo‘llarimni mahkam ushlab, mendan Bolalar uyidan bola olishim uchun va’damni oldi. Shu bilan o‘g‘limda yana muolajalarni davom ettiraverdik. Dostonimiz biroz oyoqqa tura boshladi. Shunda o‘g‘lim yana eslatdi: «Siz menga va’da bergansiz. Agar oyoqqa to‘la turib ketsamu siz Bolalar uyidan bola olmasangiz, mani qattiq ranjitgan bo‘lasiz!» — dedi.  O‘shanda men: «Yo‘q, bolam, albatta, senga opami, singilmi, aka yoki ukami olib kelaman. Uy-joyimni sotib bo‘lsa ham istagingni amalga oshiraman, bolam, faqat sen salomat bo‘lsang bo‘ldi. Shuning o‘zi men uchun baxt, dedim. Chunki o‘shanda men davlatdan bola sotib olish juda qimmat narxda turadi, deb eshitganman», — deydi suhbatdosh.

Marhabo opa 2022 yilning boshlarida kenjatoyining istagi bilan Buxoro shahridagi Mehribonlik uyiga borgan. O‘shanda juda ko‘p qizlarni, bolalarni ko‘rgan. Ularni zimdan kuzatgan.

Oradan ko‘p o‘tmay, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 04.08.2022 yildagi «Oilaviy bolalar uylari faoliyatini takomillashtirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi PQ-345 sonli qarori asosida ishlab chiqilgan yangi tahrirdagi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 17.08.2022 yildagi «Oilaviy bolalar uylari to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash haqida» chiqqan qarori bu xonadon uchun chinakam quvonchga aylangan.

«Bu shunchaki qaror emasdi. Bu qaror menga o‘xshagan ota-onalar bag‘rining farzandlar bilan yana qayta to‘lishiga katta turtki bo‘ldi.  Ayniqsa, o‘g‘lim Dostonjon uchun bayram boshlangandi, go‘yo. Oyog‘imni qo‘lga olib, kerakli idora, tashkilotlarga chopdim. Qarorning yana bir muhim sharti: bolani tanlab, yoki ular orasidan kimnidir ajratib olmaslik edi. Bolani ajratib bo‘larmidi...», — so‘zladi Marhabo opa.

Ular farzandlikka olib ketishi kerak bo‘lgan qizlar bilan yuzlashtirilgan.

Foto: «Xabar.uz»

«Qizlar bilan yuzlashayotib, ko‘nglim biram charog‘on tortdiki... Ayniqsa, ular orasidan Estera ismli qizni ko‘rib, hushimdan ayrilayozdim. «Mening Maftunam, xudoyim mening farzandimni qaytarib berdi. Mening qizim qayta tirilib keldi...» shu so‘zlarni aytib-aytib yig‘ladim. Uning kulgichlari, qarashu hatti-harakatlarida rahmatli qizim gavdalandi. Har uch qizniyam to‘yib-to‘yib bag‘rimga bosdim. Hali bir marta ham yuzlashmagan va ko‘rmagan qizlarga onalik mehrim shu qadar jo‘shdiki, aytib adog‘ qilolmayman...», — so‘zladi Marhabo opa.

Ular Estera Aronova, Shafoat Istamova hamda Mahfuza Hasanova ism-sharifli Mehribonlik uyi tarbiyalanuvchilarini o‘z xonadonlariga farzandlikka olib kelishgan. Xonadonda ularning emin-erkin yashashlari, oilaviy muhit taftini his qilib ulg‘ayishlari uchun barcha shart-sharoit muhayyo qilingan. Muhimi, bu qizlar endi ota-ona mehru taftidan bahramand bo‘lishmoqda. O‘zlarini tengqurlaridan aslo kam sezishmaydi.

Aytishicha, qizlarni uyga olib kelishgach, to‘shakda xasta yotgan o‘g‘il ham uchinchi hafta deganda oyoqqa to‘la turib ketib, asoratsiz tuzalib, shifo topgan.

«O‘g‘limizdan umidimizni uzgandik. Allohning nazarimi bu, bilmadim,  mana shu qizlarim, mana shu farishtalarim xonadonimizga kirib kelishdiyu, Dostonimiz batamom tuzalib ketdi. Ikki opa va bir singilga ega Dostonim ularsiz bir soat ham tura olmaydi. Opalariyu-singlisini himoyalab ham qo‘yadi. Qizlarimga ko‘cha-ko‘yda, maktabda begona ko‘z bilan qarab qo‘yganlar bilan «o‘g‘ilbolacha» gaplashib ham qo‘yadi», — chehrasi ochilib, suhbatga aralashadi Ahad aka.

Foto: «Xabar.uz»

Ahad aka Mehribonlik uylaridagi bolalarni oilalarga qaytarish maqsadida chiqarilgan qaror bolalarni oila muhitida tarbiyalash, bilimli va ma’naviyatli, vatanparvar insonlar qilib voyaga yetkazish uchun muhim asos bo‘lganini so‘zladi.

«Qizlarim begonalikni bilishmaydi. Oila muhitiga qiyinchiliksiz ko‘nishdi. Oila, ro‘zg‘or tushunchalari ular uchun hali yangilik, hayotlaridagi muhim voqea bo‘lgani uchun ham oilaga shu qadar tez singishga harakat qilishdiki... Allohga shukur qilaman. Mol-buzoqlar uchun o‘t-o‘lan o‘rayotganimda, yonimga «Dadajon, yordam beraman!» — deb chopqillab kelishadi. Onasi xamirga unnasa, onasini tandir boshiga yo‘latishmaydi. «Qo‘ni-qo‘shnilar ko‘rib qolishsa, qizlari dangasa ekan, onasini ishlatishyapti, deb o‘ylashmaydimi, nanajon, bizni uyaltirmang!» — deb , hatto, tanbeh ham berib, onasini «ishsiz» qoldirishadi. Biror marotaba uy-ro‘zg‘or ishlarini biri-biriga otishmaydi. Ko‘z tegmasin, zavol ko‘rmay unib-o‘sishsin, qizlarim», — miyig‘ida kulib so‘zlaydi ota.

Marhabo opa turmush o‘rtog‘ining qizlariga ham mehribon, ham qattiqqo‘l ota ekanini, har kuni maktabga, to‘garak yoxud dugonalari bilan aylangani chiqishganida, «Sizlar mening yuzim, oru nomusimsizlar. Shuni unutmanglar», — deya qattiq uqtirib, o‘zi kuzatib qo‘yishini aytadi.

«Qizlar hayal kechikishsa, otasi o‘n bor darvoza oldiga kirib-chiqadi. O‘g‘limiz Dostonjonni xabar olgani jo‘natadi. Ikki katta qizi uchun qanday xavotirda yurgan bo‘lsa, bu qizlari uchun undan o‘n chandon xavotirda turadi. To‘g‘risi, yashirmayman. Qizlarimni to oila muhitiga o‘rgatib, yo‘lga solguncha, uch oycha biroz qiyinchilik sezdim. Ular uy-ro‘zg‘or ishlaridan umuman xabari yo‘q, hatto, pichoqni qanday tutishni bilishmas edi. Eng qizig‘i, nimadir yeyishmoqchi bo‘lishsa, ko‘zimizdan yashirincha olib yeyishgan paytlari ham ko‘p bo‘lgan. Ularga to‘g‘ri pand-nasihatlar berib, oilaning nima ekanini, topgan-tutilgan narsalar o‘rtada, och qolishsa, hech o‘g‘rinchasiz, o‘zlarini noqulay tutmay olib yeyaverishlari kerakligini uqtirdik. Uy-ro‘zg‘or, pishir-tushir, tikish-bichish, to‘qish ishlarini shu qadar tez va mehr bilan o‘zlashtirishdiki,  hatto, o‘zim hayron qolgan paytlarim bo‘ldi. Bir yarim yil, deganda, mana, ko‘rib turganingizdek o‘zlashtirib olishdi», — deydi Marhabo opa.

Foto: «Xabar.uz»

Har bir taomni maromiga yetkazib, dastyor bo‘lib qolgan qizlar bir pasda xamir qorib, uni yoyib, tugib, milliy taomlarni dasturxonga tortishdi. Estera kelajakda jurnalist bo‘lishni maqsad qilgan. Kompyuter savodxonligiga, raqsga, tikish-to‘qishga qiziqishi baland. Rus, ingliz tilllarini o‘zlashtirmoqda. Shafoat esa bolalar shifokori bo‘lishni orzu qiladi. Kenja qiz Mahfuza sportga ishtiyoqmand. «Kelgusida milliy gvardiyachi bo‘laman», — deydi.

Foto: «Xabar.uz»

Ota-ona qizlarning qanday kasb tanlashi, qaysi yo‘nalishda o‘qishi yoki hunar egallashi haqida birga qayg‘urishar ekan. Ularning kelajakda jamiyat koriga yaraydigan farzand bo‘lib kamolga yetishishi uchun tinim bilishmaydi.

E’tiborlisi, qizlarning barcha yangi qarindosh-urug‘lari ham ulardan doim xabar olib turishadi. Navbatlashib, mehmonga chaqirishadi, to‘y-ma’rakalarni ham qizlarsiz o‘tkazishmaydi.

«To‘g‘ri, barcha oilada bo‘lgani kabi qizlar xato qilib qo‘yishadi. Ammo, orada tushunmovchiliklar, deyarli, bo‘lmaydi. Ularning o‘zaro munosabatlarida ham begonalik sezilmaydi.  Shunisiga shukur», — deydi Marhabo opa.

Foto: «Xabar.uz»

Estera esa suhbatga qo‘shilib: «Nimadir xato qilib qo‘ysak, darrov kelib kechirim so‘raymiz, nanajonim, oppog‘imdan. Qo‘shiqlar kuylab beramiz, girdikapalak bo‘lamiz. Ishonsangiz, ba’zan bir uyda yashab, gohida biri-birimizni sog‘inamiz», — deydi kulib onasiga suykalib.

Ha, oilaviy bolalar uylari tashkil etilishidan kutilgan asl natija ham shu bo‘lsa kerak! Qizlar chinakam oilaviy rishtalar og‘ushida yashab, ishonch bilan oyoqqa turishmoqda.

Yaqinda Marhabo opaning xastalanib qolgani haqidagi shifokor tashxisi qizlarni ancha o‘ylantirib qo‘ygan.

«Onamda oshqozon yarasi hamda qandli diabet kasalligi avj olayotganini shifokordan eshitib, qayg‘uga botdik. Onajonimizni murakkab operatsiya kutayotgan ekan. Tez-tez charchab qolyaptilar. Bu bizni xavotirga solib qo‘yyapti. Onamizni ayni topdik, deganda uni yo‘qotishni istamaymiz. Biz onajonimizga Xudodan faqat sog‘lik so‘raymiz», — ko‘zlari yoshlanadi qizlarning.

Foto: «Xabar.uz»

Bizga hamrohlik qilgan Milliy gvardiya boshqarmasi vakili esa onaning salomatligini tiklash uchun zarur choralar ko‘rilishini bildirdi.

«Mening baxtu quvonchim ham endi shu qizlarim. Shular sog‘-salomat bo‘lishsa bas!» — deydi Marhabo opa.

Marhabo opa qizlarining qismati haqida so‘zlab berar ekan, ko‘z yoshlari yuzlarini yuvib o‘tadi.

Ma’lum bo‘lishicha, Esteraning onasi yahudiy bo‘lib, onalik huquqidan mahrum qilingan. U 4 nafar farzandning kenjasi bo‘lgan. Faqat bola tug‘ib, chaqaloqni sotish bilan shug‘ullangan ayol o‘z hatti-harakati uchun onalik huquqidan mahrum qilingan. O‘zga bir xonadonga sotilgan chaqaloqni uni asrab olganlar yaqin qarindoshlari o‘g‘irlab yoxud bosim bilan olib ketmasliklari uchun uni sandiqda yashirib, boqqan. Burda non va suv bilan sandiqda jon saqlayotgan go‘dak haqidagi xabar huquq-tartibot idoralari xodimlarining e’tiborini tortgan. Bola savdosi bilan shug‘ullanganlar qonun oldida javob berishgan bo‘lsa-da, navnihol qiz 14 yildan ortiq vaqt Mehribonlik uyida ulg‘aygan.

«Shafoat qizim ham ko‘p qiyinchiliklar ko‘rgan. U Romitan tumanida tug‘ilgan. Go‘dakkina bolamning ota-onasi cho‘pon bo‘lib, yaqinlarining aytishicha, bir kechada 100 boshdan ortiq qo‘y-qo‘zilarini o‘g‘irlatishgan. Jahldor ota esa o‘g‘li va kelinini shafqatsizlarcha kaltaklab, ularni jazolagan. Afsuski, ular salomatligini yo‘qotishgan. Ruhiy xastalikka chalinishgan. O‘sha paytda bor-yo‘g‘i, to‘rt yoshda bo‘lgan qiz esa yaqin qarindoshlarining qarovisiz ko‘cha-ko‘ylarda yashab yurgan. Uni bekatda topishib, Bolalar uyiga topshirishgan. Bugun qizim mening bag‘rimda. Esli-hushli, odobli qizimni xudo xohlasa, jamiyatda o‘rnini topgach, turmushga uzatish paytimizda omon bo‘lishsa, ota-onasini chaqiraman, deb niyat qilganman», — deydi Marhabo opa.

Suhbatdoshning so‘ziga ko‘ra, kenja qizi Mahfuza Toshkent shahrida tug‘ilgan. Poytaxtdagi 123-Mehribonlik uyida tarbiyalangan. Qizning haqiqiy ota-onasining kimligi bilan hech qachon qiziqmagan.

«Men yoshligimda shu qizimni Toshkentga aylangani borganimda yo‘qotib qo‘yganman. Juda ko‘p va uzoq izladim. Ammo uni topa olmay, yig‘lab-yig‘lab ortga qaytganman. Mana, qizimni topdim va unga yillar davomida berolmagan mehrimni beryapman», — so‘zladi Marhabo opa.

To‘g‘risi, uning so‘zlariga avvaliga tushunmadik, ikkilandik. Biroq, suhbatdoshning aytishicha, ona-ota mehri nima, qavmu-qarindosh nima ekanini bilmay, ko‘zlari Mehribonlik eshiklarida mo‘ltirab o‘sgan qiz – Mahfuzani u chinakam onasi sifatida qabul qilishi uchun unga shunday uqtirgan.

«Qizim tushmagur, shu so‘zlarimni to‘g‘ri qabul qildi. Va shunday deb o‘ylaydi ham. Shunisi ma’qul. Va Allohga shukur qilamanki, bolaligida yo‘qotganim bir qizim bugun uch qiz bo‘lib qaytib, bag‘rimni to‘ldirdi. Men uchun bundan ortiq baxt bormi? Xasdan ham, shamoldan ham qizg‘onaman bu qizlarimni»,— chin onalik mehri bilan so‘zlaydi Marhabo opa.

Marhabo opa hamda Ahad akalarni kuzatar ekanmiz, o‘z bolasini boqishga og‘rinib, tashlab ketayotganlar ko‘z oldimizda gavdalanadi. Xastaligiga qaramay, daryodil bo‘lish, farzandlari qatori ayni nozik yosh – balog‘at yoshiga to‘lgan qizlarni hayotga, jamiyatga, oilaga tayyorlash, boshini silashning o‘zi ham katta qahramonlikdir!

Laylo Hayitova


Ma’lumot o‘rnida: Buxoro shahridagi 32-Mehribonlik uyi 2022 yilda o‘z faoliyatini tugatgan. Unda tarbiyalanayotgan 83 nafar bolalarning 42 nafari 9 ta oilaviy bolalar uyiga joylashtirilgan. Qolgan 41 nafari esa yaqinlariga, ota-onasiga qaytarilib, ta’lim muassasalariga yuborilgan.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring