Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Bir safar tarixi — O‘zbekistondagi ilk ichki tranzit aviareysi amalga oshirildi

Bir safar tarixi — O‘zbekistondagi ilk ichki tranzit aviareysi amalga oshirildi

Hayotimda birinchi marta O‘zbekiston ichidagi aviaparvozda manzilga ikkita samolyot almashtirib yetib oldim. Ochig‘i, qachondir shunaqa bo‘ladi, deb hech o‘ylamagan ekanman.

Kuni kecha, 2022 yilning 26 mart sanasida Turizm va madaniy meros vazirligi tomonidan tashkil etilgan infotur doirasida Toshkent-Nukus-Mo‘ynoq reysi amalga oshirildi. Shu tariqa o‘ttiz yilning badalida birinchi marta Mo‘ynoqqa reys samolyoti kelib qo‘ndi. Taassurotlar bir dunyo.

Avvaliga erta tongda Toshkentdan Nukusga uchib keldik. Bu yerda hamma tranzit parvozlarida bo‘lgani singari samolyotdan tushib, yuklarimizni olib, aeroportda qayta ro‘yxatdan o‘tib, yana Mo‘ynoqqa uchadigan reysga chiqdik. G‘alati bo‘larkan. Uncha katta bo‘lmagan tajribam doirasida birinchi marta tranzit yo‘nalish uchraganiga quvondim. Xorij safarlarida bunaqasini ko‘rganmizu, ammo o‘z yurtingdasi boshqacha tuyularkan. Bo‘larkanu!

Nukusdan Mo‘ynoqqa hali hech qachon bunchalar tez bormagandim. Samolyot cho‘l ustidan uchib o‘tib, qurigan Orol sohili bo‘ylab bir aylanib oldi-da, yaqinda foydalanishga topshirilgan yap-yangi uchish-qo‘nish yo‘lagiga qo‘ndi. O‘ttiz yilning badalida ilk reys bu!

Istardikki, bunday reyslarning soni-sanog‘i bo‘lmasin. Oxirgi yillarda ancha faollashgan geologlarimizning hisob-kitob qilishicha, Orol dengizi tubida ko‘pdan-ko‘p tabiiy boyliklarimiz yotibdi. Prezident Shavkat Mirziyoyev tunov kuni Xalqaro investitsiya forumida so‘zlagan nutqida xom-ashyo resurslarini chuqur qayta ishlash va kelgusi besh yilda gaz, gaz-kimyo, elektronika, farmatsevtika hamda to‘qimachilik bo‘yicha 120 milliard dollarlik investitsiyalarni jalb etish bo‘yicha aniq loyihalar ishlab chiqilganini aytgan edi.

Nasib qilsa, mana shu investitsiyaning bir uchi Qoraqalpog‘istonga ham atalgani shubhasiz. Ishonamizki, Mo‘ynoqdagi yangi aeroport mahsulotlarimizni dunyoga yetkazishda hali rosa asqotadi.

Mo‘ynoq-Parij, Mo‘ynoq-London va Mo‘ynoq-Nyu-York reyslarini ko‘rish nasib qilsin...

Ma’lumot uchun: Mo‘ynoq ayeroporti 1990 yillardan beri aviatashuvlar uchun foydalanilmay kelayotgan edi. Ilgari ushbu ayeroportdan Nukus, Urganch, Toshkent va mamlakatimizning boshqa shaharlariga parvozlar amalga oshirilgan. O‘zbekiston hukumati qaroriga asosan Mo‘ynoq aeroportini rekonstruksiya qilish 2019 yilda boshlandi. Bugunga kelib ushbu aeroportning terminal binosi, atrofdagi to‘siqlar va uchish-qo‘nish yo‘lagi to‘liq barpo etilgan.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring