Bir rol tarixi: «Brilliant qo‘l» filmidagi barzangi kim edi?

Mashhur rejissyor Leonid Gaydayning «Brilliant qo‘l» filmida ko‘rinib, bu bir daqiqa ham vaqtni olmagani va film titriga tushmagan aktyorning familiyasini hamma ham bilavermaydi. Shunga qaramay, u tomoshabinlarga alp qomati hamda «Otaxon, gugurt topilmaydimi?» deb so‘ragani bilan tomoshabinlar yodida qolgan. Xo‘sh, bu rolni o‘ynagan aktyor kim edi?
«Brilliant qo‘l»da barzangi va sersoqol qahramonni o‘ynagan erkak hech qanday aktyor emas, balki oddiy jurnalist Leonid Pleshakov edi.
Filologiya fakultetini tamomlagan Leonid Pleshakov sovet jurnalistikasida ommalashmagan intervyu yo‘nalishi bilan shug‘ullanmoqchi bo‘ldi. Va aytish joizki, bu borada u birinchi emas va intervyuni mina o‘rnatilgan dalada yurishga tenglashtirardi.
Pleshakovga suhbatdoshning e’tiborini o‘ziga tortish va shu orqali qiziqarli javoblarni sug‘urib olishda tashqi ko‘rinishi yordam berardi. Bo‘yi 1 metr 90 santimetr edi uning. Yelkador barvasta. Soqoli o‘ziga yarashardi. Bu haqda Pleshakovning o‘zi shunday degan edi:
– Intervyu oladigan odamim bilan uchrashganda mening ulkan jussam e’tiborini tortganini sezib qolaman. Va shunday xulosaga kelganman: biz, barchamiz gavdasi tengdoshlarinikidan sal kattaroq va kuchliroq bola boshqalarga hukm o‘tkazgan zamon odamlarimiz. Unga bo‘ysunishar, undan qo‘rqishar va uni hurmat qilishardi. O‘z oshnalarining jag‘iga musht tushirib, kuch bilan obro‘ qozonishga intilgani uchun emas. Yo‘q. Ammo bu ishni qilishi mumkinligi va qo‘l urmagani o‘zgalarning unga va kuchiga nisbatan hurmatini saqlab turardi.
Mening kuzatuvlarimga ishonmaslik mumkindir, biroq aytishim kerakki, nufuzli va hurmatli insonlar bilan uchrashuv chog‘ida savollarimga javob berishar ekan, o‘smirlik davrining bu aks-sadosini sezaman. Men maqtanayotganim yo‘q, chunki bu borada xizmatim singmagan. Muvaffaqiyatli intervyu uchun psixologik holat juda muhim. Qaysidir jihati bilan vrach qabuliga o‘xshab ketadi. Bemor u bilan yolg‘iz bo‘lsa, ko‘rik uchun bemalol yechinadi, qornini paypaslab, o‘zining muammosini aytishi mumkin. Ammo xonada begonalar, hatto hamshira bo‘lganida ham bu uni bezovta qiladi.
Pleshakov iqtidorli jurnalist edi. Uning materiallarida qanchalik og‘ir muammo ko‘tarilmasin, albatta, shaxsiy fikri ham bildirilardi. Shuning uchun «Komsomolka», «Smena», «Ogonyok» Pleshakov maqolalarini chiqarishni ulkan burch hisoblardi. Yaxshigina so‘z boyligiga ega bo‘lgan bu jurnalist hamkasblariga nisbatan ko‘proq fikr bildira olardi. Aynan shuning uchun ham vazirlar, direktorlar, aktyorlar, olis-olisdagi oddiy odamlar unga «ochilardi». Hamkasblar Pleshakovni «yuruvchi» ensiklopediya deyishardi.
U kichik rollarda suratga tushar ekan, o‘z qahramonlarini yorqin insonlarga aylantirar, ko‘plab luqmalari esa aforizmga aylanib ketardi.
«Brilliant qo‘l» filmidan rol qanday nasib etganini Pleshakov shunday eslaydi:
«Komsomolskaya pravda» gazetasi yo‘lagida men Igor Kio va Yuriy Nikulin bilan to‘qnash kelib qoldim. Ular tahririyatga qandaydir ish bilan kelishgan ekan. Igor bilan tanish edim, u haqida yozgandim ham. Nikulinni esa faqat kinoda ko‘rgandim. Tanishdik, qahva ichish uchun bufetga chiqdik.
Stol atrofida esa Nikulin kutilmaganda mendan so‘rab qoldi:
– Sizning ko‘kragingizda tuk bormi?
– Bor, – deb javob berdim.
– Ko‘rsating...
Men ko‘ylagimning tugmalarini yechib ko‘rsatdim va har ehtimolga qarshi birorta fokus ko‘rsatishsa kerak, deb tayyor turdim.
– Bemalol yetadi, – dedi Nikulin.
– Qaysi ishga yetadi? – tushunmadim men.
– Leonid Gayday navbatdagi kinokomediyani surat olishga tayyorlanyapti. Unda mening qahramonim tasodifan kontrabanda xazinasiga bog‘lanib qoladi. Natijada turli sarguzashtlarga duch keladi. Kontrabanda a’zolari uni yo‘q qilmoqchi bo‘ladilar. Bir lavhada qahramonim ko‘ksida bosh chanog‘i haykalchasi osilgan bahaybat odamga duch keladi. Bu o‘tkinchi unga oddiy savol beradi, ammo bosh chanog‘ini ko‘rgan qahramonim qo‘rqqanidan gapirolmay qoladi. O‘zingiz tushunasiz, bosh chanog‘i jundor ko‘krakda zo‘r ko‘rinadi. Xo‘sh, suratga tushishga rozimisiz?
– Yaxshi, sizni qo‘rqitaman, faqat bir shart bilan: menga intervyu berasiz.
– Kelishdik.
Men bu suhbatni hazilga yo‘ydim, ammo ma’lum vaqtdan so‘ng Gayday guruhidan qo‘ng‘iroq qilib, «Mosfilm»ga borishimni, rol uchun libosni kiyib ko‘rishim kerakligini aytishdi. Ko‘p o‘tmay esa, suratga olish maydoniga chaqirishdi».
Lavhani yerosti hojatxonasida olishdi. Pleshakovning ism-familiyasi film titrida yozilmadi, biroq ekranda yigirma soniyali chiqishi uni yuz foiz tanitib yubordi. Qiziq, qisqa lavha to‘rt soat mobaynida suratga olingan.
Shundan so‘ng Pleshakov yana 11 ta filmda rol ijro etdi. Rejissyorlar uni ikkinchi darajali rollarga jon deb taklif qilishardi. Pleshakov suratga olish maydonida qiziqarli odamlar bilan uchrashgani bois ham rozi bo‘lar, ulardan intervyu olishi mumkin edi. «Mosfilm» kartotekasida agar sersoqol qahramon kerak bo‘lsa, bu Leonid Petrovich ekanligini yaxshi bilishardi.
Jurnalist va aktyor Leonid Pleshakov 2004 yil 26 aprelda 72 yoshida vafot etgan.
Akbar Fathullayev.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter