Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Prezident qarori bilan bir qator gazeta-jurnallar obunasi yaxshilanadi

Prezident qarori bilan bir qator gazeta-jurnallar obunasi yaxshilanadi

Foto: «Fikr.uz»

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev bugun, 5-aprel kuni «O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi faoliyatini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarorni imzolagani haqida xabar bergan edik.

Unga ko‘ra, bir oy muddatda Uyushma muassisligida nashr etiladigan «O‘zbekiston adabiyoti va san’ati» gazetasi, «Sharq yulduzi» – «Zvezda Vostoka», «Jahon adabiyoti», «Yoshlik», «Amudaryo» jurnallari tahririyatlarining moddiy-texnik bazasi mustahkamlanadi.

Bunda ushbu nashrlarni qog‘oz bilan ta’minlash, bosmaxona xarajatlarini qoplash va ularning obunasiga ko‘maklashish uchun «Ijod» jamoat fondiga qo‘shimcha mablag‘lar ajratish nazarda tutilmoqda.

Mamlakatimizdagi bir qator ishlab chiqarish korxonalari, xo‘jalik birlashmalari, kompaniyalar va banklar bilan madaniyat va san’at tashkilotlari o‘rtasida yo‘lga qo‘yilgan «Do‘stlar klublari» faoliyatining ijobiy samara berayotganini inobatga olgan holda:

— «O‘zbekiston adabiyoti va san’ati» gazetasi va «AKFA» MChJ;

— «Sharq yulduzi» – «Zvezda Vostoka» jurnallari va «IMZO» MChJ;

— «Jahon adabiyoti» jurnali va «Delta-Qurmah» MChJ;

— «Yoshlik» jurnali va «Universal Pasking Masters» MChJ;

— «Amudaryo» jurnali va «O‘zqurilishmateriallari» AJ o‘rtasida «Do‘stlar klublari» tuzilib, shartnoma asosida doimiy hamkorlik yo‘lga qo‘yiladi.

Shuningdek, hududlarda tashkil etilgan Is’hoqxon Ibrat, Hamid Olimjon va Zulfiya, Ibroyim Yusupov, Erkin Vohidov, Abdulla Oripov, Muhammad Yusuf nomlari bilan atalgan ijod maktablarining o‘quv dasturlarini takomillashtirish bo‘yicha chora-tadbirlar rejasini ishlab chiqiladi. Bunda Yozuvchilar uyushmasi o‘quv dasturlarini ilmiy va ijodiy jihatdan shakllantirilib, mazkur maktablarga iqtidorli o‘quvchilarni tanlanadi va ko‘zga ko‘ringan yozuvchi va shoirlar tomonidan ijodiy seminarlar olib boriladi.

O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasining tegishli vazirlik va idoralar bilan birgalikda yoshlarni harbiy-vatanparvarlik ruhida tarbiyalash borasidagi faoliyatini kuchaytirish, harbiy qismlar, harbiy yo‘nalishdagi bilim yurtlari, xususan, «Temurbeklar maktablari»da tizimli ravishda ma’naviy-ma’rifiy ishlar tashkil etiladi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring