«Bild» talqini: Germaniya nega yutqazganini bilamiz
Germaniya terma jamoasi nega JCh-2018 ni erta tark etdi: bu savol hamon nemis matubotining bosh mavzularidan biri bo‘lib turibdi. Masalan, «MIR 24» sayti Germaniyaning «Bild» tabloidiga asoslanib xabar tarqatishicha, nemis futbolchilarining omadsiz yurishiga aynan kompyuter o‘yini sabab bo‘lgan.
«Bild» yozishicha, Moskva yaqinidagi Vautinkadagi bazaga kelib joylashgandan so‘ng, terma jamoaning bir necha nafar a’zosi ertalabgacha futbol o‘ynab chiqqan — faqat bu chim ustida emas, kompyuterda yuz bergan. Aytishlaricha, voqeadan xabar topgan bosh murabbiy Yoaxim Lyov ma’muriyatdan bazadagi internetni hech bo‘lmaganda bir kunga o‘chirib qo‘yishni so‘ragan.
Eslatib o‘tamiz, Germaniya terma jamoasi JCh-2018 dagi birinchi o‘yinni Meksikaga 0:1 hisobida boy bergandi. Buni tasodifga yo‘yishdi, biroq keyin-chi, shvedlar bilan uchrashuvning qo‘shib berilgan vaqtida Toni Kroos «mo‘’jiza gol»ini urmaganida nemislar ikkinchi turdayoq «uchib ketishardi». Ammo eng alamlisi Janubiy Koreyaga qarshi uchrashuvda yuz berdi: faqat g‘alaba uchun maydonga tushgan amaldagi jahon chempionlari 0:2 hisobida yutqazib qo‘yib, sharmandalarcha uylariga qaytib ketishdi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter