«Beshariq dehqon bozori» rekonstruksiyasi: kimga aza, kimga maz-za?
«Beshariq dehqon bozori»ning changi osmonga chiqishni boshladi.
Sabab: bozor rekonstruksiyaga tushgan.
Asos: O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 27.03.2017-yildagi «2017—2019 yillar davrida dehqon bozorlarini rekonstruksiya qilish qilish va ularning hududida zamonaviy savdo majmualarini qurish dasturini tasdiqlash to‘g‘risida»gi qarori!
Xo‘b yaxshi ish, xo‘b ma’qul tadbir... Yaqin-yaqingacha aksariyat tuman hokimlari lavozimga tayinlanishi hamono ishni bozordan boshlar edi: yo bozorqo‘mni almashtirar, yo bozorning u joy-bu joyiga «tuzatish kiritar», epini qilsa, buzib boshqatdan qurar edi. Bu jarayonda kimlarning «taxti» qulab, kimlarning «baxti» ochilmasdi deysiz?! Ozmuncha bozorlar buzib-qurildimi? Prezidentning yuqoridagi qarori bozorlar faoliyatini tartibga solish, sotuvchiyu xaridorlarga qulay sharoit yaratishni nazarda tutadi, albatta. Eng muhimi, har hokim o‘z qarichidan kelib chiqib, bozorlarni qurib-buzavermaydi.
Nima deysizki, shunday ezgu niyatlarda qabul qilingan Qaror ijrosiga ko‘r-ko‘rona yondashish, odamlarga tushuntirish bermay, shoshma-shosharlik qilinayotgani natijasida mulkdorlarning burni qonab, ularda turli norozilik ehtimolini yuzaga keltirayotir.
Ayni paytda «Beshariq dehqon bozori» MChJda ahvol shunday.
Tuman hokimligidan tortib davlat soliq inspetsiyasi kattalari shu bozorda bir necha yillardan beri tirikchilik qilib kelayotgan mulkdorlarning ko‘zini ochirishmayapti: «Sizlarga 5 kun muddat, do‘konni buzamiz!». Nega? «Do‘koningiz joylashgan yer maydoni bozorniki, vassalom!». Xo‘p, bosh ustiga, yurtga kelgan to‘y... Biroq qonun-tartiblar-chi? Tadbirkorlar tirikchilik qilayotgan do‘konlar o‘z vaqtida tegishli qaror asosida ajratib berilgan. Ularning yerga bo‘lgan huquqi davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgan. Inshootlarga bo‘lgan xususiy mulk huquqini tasdiqlovchi guvohnomalarigacha bor! Baski, ularning keyingi faoliyati nima bo‘ladi? Boshqa joydan yer beriladimi? Tovon to‘lanadimi? Zararlar qachon va qanday qoplanadi? Hamma balo shundaki, shu va shu kabi savollar ochiq, hech kim javob berayotgani yo‘q! Aytilayotgan gap bitta: «Do‘konlar buziladi, harakatingni qil, davay!». Ustiga-ustak, na bozorni rekonstruksiya qilish rejasi, na tadbirkorlarning do‘konlarini buzishga doir hokim qarorini ko‘rsatishadi, deng. Tadbirkorlar faoliyati to‘xtatib qo‘yilishi natijasida ko‘plab insonlar tirikchilik manbaidan ayrilishi jiddiy ijtimoiy qiyinchilikni keltirib chiqarishi tayin. Shunga qaraymay, bu haqda bosh qotirish u yoqda tursin, tadbirkorlar faoliyatini asossiz to‘xtatib qo‘yishga sabab bo‘ladigan har qanday harakat belgilangan tartibda javobgarlikka asos bo‘lishidan birov cho‘chisa, qani?!
Azamatlar ayrim do‘konlarni buzishga ulugurishdi ham. Qizig‘iki, buzilgan do‘konlar orasida bank krediti uchun garov sifatida qo‘yilganlari ham bo‘lib, shoshma-shosharlik natijasida yer bilan bitta qilindi. Yaqin kunlarda garov ta’minoti masalasida qarz oluvchi va bank o‘rtasidan nizo kelib chiqmasligiga kafolat yo‘q, hokimlik esa bir chekkada qolaveradi: «Bizda ayb yo‘-o‘q...».
«Beshariq dehqon bozori»dagi «renovatsiya» quyidagi suratlarda:
Yana bir qiziq holat: buzilishi ko‘zda tutilgan binolarning shundoq orqasida mini-marketlar qurlishi kerak bo‘lgan joylar bor. Biroq ishlar «hali-veri qurilmaydi, mablag‘ yo‘q», degan bahonalar bilan muallaq turibdi. Do‘koni buzilayotgan tadbirkorlarning shu loyihaga bildirilgan qiziqishlariga asossiz puch bahonalar bilan rad javobi berildi: «Sizlar bunga mablag‘ kiritishingiz mumkin emas, Prezident qaroriga zid!». Bekorlar aytibsiz, deydigan odam yo‘q. Prezidentning yuqoridagi qarori 9-bandida bozor qurilishida tadbirkorlik sub’yektlarining mablag‘lari ham moliyalashtirish manbalaridan biri sifatida qayd etilmaganmi?!
Tayyor loyihani «mablag‘ yo‘q» deb ortga surishdan kimga foyda? Tadbirkorlar o‘z mablag‘ini kiritishi kimga ziyon? Shu jarayonda ham manfaatlar o‘yini bo‘layotgani-chi? Odamlarning noroziligi ayting?!
Bir necha do‘konlarni qasra-qusur buzishganidan keyin mutasaddilar biroz xavotirga tushishgan chog‘i, odamlar to‘planib, g‘ala-g‘ovur kuchaymasligi uchunmi, kim bilsin, boshqacharoq harakatga tushishdi. Endi buziladigan do‘konlar oldiga mashina-mashina qaydadir buzilgan bino chiqindilarini to‘kib tashlashdi. Uyum-uyum chiqindilarni ko‘rib, do‘konga birov qadam bosmaydiyu natijada buzish ishlari osonroq ko‘chadiganday go‘yo...
Ajab, Yurtboshi katta-kichik rahbarlardan odamlarni rozi qilishni tinmay talab qilayotganiga qaramay, Beshariq tumanida odamlarni norozi qilishning turfa shakllari o‘ylab topilayotganga o‘xshaydi...
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter