«Besh-o‘n yildan keyin Toshkentda yashab bo‘lmaydi» — Rasul Kusherbayev
Rasul Kusherbayevning aytishicha, vaqti kelib odamlar Toshkentdan ommaviy ko‘chishlariga to‘g‘ri kelishi mumkin. Bizga Toshkentni havosini yaxshilash uchun tezkor va qat’iy choralar kerak. Bu hayot-mamot masalasi.
Rasul Kusherbayev: Toza havo uchun qizg‘ongan kuch va mablag‘ni kasalxonalar qurishga sarflaymiz
Kuni kecha Toshkentga bir muddat xizmat safariga kelgan tanishim Germaniyadagi uyiga qaytib ketdi.
Bugun qo‘ng‘iroq qilib, uni Toshkentda qiynagan yo‘tal kasali uyiga borgach yo‘qolganini aytmoqda. Uning taxminicha, bu yo‘tal Toshkentning zararlangan havosi bilan bog‘liq.
Menimcha u haq.
Men ham oxirgi vaqtlar uy ichidagi havoni tozalab beruvchi cho‘ntakbop uskuna qidiryapman. Aksiga olib qimmat ekan.
Miyaning kislorodga to‘yinmasligi sababli uyqusizlik, tomoqqa chang o‘tirishi ortidan yo‘tal va allergiya kabilar o‘zimni ham qiynashni boshlagan.
Yozishlaricha, ba’zi kunlari (21 dekabr) Toshkent havosidagi PM 2,5 zarralari uchun ruxsat etilgan maksimal konsentratsiyalar (PDK) 57 (ellik yetti) marta ortiqni tashkil qilgan.
Aslida uning bir baravar ortiq bo‘lishi ham inson sog‘ligiga zarar. Bu nafas olish bilan bog‘liq muammolarni keltirib chiqaradi. Ayniqsa, saratonni chaqirarkan.
Bir tomondan avtomobillar ko‘pligi, zavod va stansiyalarning ishlashi atmosferaga zaharli gazlar chiqarishni orttirayotgan bo‘lsa, ikkinchi tomondan poytaxtda yashil hududlar kamayib, daraxtzorlar yo‘qolishda davom etmoqda.
Bu poytaxt va boshqa hududlar havosi bilan bog‘liq vaziyat jiddiyligini ko‘rsatmoqda.
Shu bois, hozir bizga samarasi uzoq vaqt talab etilagan yashil loyihalar bilan parallel ravishda Toshkent havosini tozalovchi tezkor choralar ko‘rishni boshlash kerak.
Masalan, havo tozalovchi uskunalar narxini pasaytirish, havoga zararli gaz chiqaruvchi avtomobillar harakatini kamaytirish, tutun chiqaruvchi barcha zavodlarga tezkor filtrlar o‘rnattirish va hokazo.
Aks holda toza havo uchun qizg‘ongan kuch va mablag‘ni kasalxonalar qurish uchun sarflaymiz!
Odiljon Tojiyev: Shahrimizni ekologik halokatdan qutqarishimiz zarur
Toshkentda havoning ifloslanishiga qarshi tezkor choralar ko‘rish kerakligi kun sayin ayonlashib bormoqda.
Shahrimizni ekologik halokatdan qutqarish, bu mudhish jarayonni ortga qaytarishimiz zarur.
Bu borada shunday qat’iyat kerakki, toki qonun-qoidalarni buzishga, chetlab o‘tishga hech kimda hech qanday istakning o‘zi bo‘lmasin.
Ta’kidlash o‘rinliki, jamoatchilik faollari qatori Qonunchilik palatasi deputatlari ham bu borada asosli takliflar berishmoqda. Masalan, Ekofraksiya vakili Nosirjon Aminov taklifini qo‘llab-quvvatlagan holda o‘zimning ham fikrlarimni bildirmoqchiman. O‘zi aslida, bu haqida Ekopartiya ko‘proq bong urishi kerak edi. Ammo...
Hozirda shahrimiz ko‘chalarida shaxsiy avtotransportni kamaytirish uchun ham turli g‘oyalar berilyapti. Albatta bu o‘rinda jamoat transporti jozibadorligini oshirish orqali bunga erishsa bo‘ladi, deb o‘ylayman.
Ammo jamoat transporti yo‘lovchilar uchun tez, qulay bo‘lishi uchun avtobus yo‘laklari samarali ishlashida ham gap ko‘p. Masalan, nega shu paytgacha shaxsiy transportdagilar yo‘ldagi «A» polosalarda bemalol yurishipti, avtobuslarimiz esa «el qatori» tirbandlikda turipti? Nega bu yo‘laklarni jismonan ajratib qo‘ymaymiz yoki ularda yurgan avtomobillarga haligacha jazo yo‘q?
Vazirlik va idoralar bu borada nazoratni maksimal kuchaytirishlari, amal qilmaganlarni jazolash mexanizmlarini ishlab chiqishlari kerak. Parlament bu boradagi har qanday tashabbuslarni qonunlarga kiritishga tayyor, deb hisoblayman.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter