Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Besh million so‘mlik zarardan qochish 15 yillik qamoq bilan tugadi

Besh million so‘mlik zarardan qochish 15 yillik qamoq bilan tugadi

Foto: Xabar.uz

Shofirkon tumanining Shavquvot qishlog‘ida yashovchi A.A. 50 yoshida 15 yilga «kesildi». Bu haqda «Xabar.uz»ga ma’lum qilgan Jinoyat ishlari bo‘yicha Shofirkon tumani sudi raisi Baxtiyor Sa’dullayevning ma’lum qilishicha, aybdor ma’naviy zararni undirishdan qutilish hamda mevazorga ega bo‘lish uchun shunday qabih ishga qo‘l urgan.

Sud hujjatlariga ko‘ra, A.A. qasddan odam o‘ldirishga suiqasd qilish jinoyatini sodir etgan. U oldindan o‘zaro kelishmovchiligi bo‘lgan qo‘shni qishloqda yashovchi mahalladoshi O‘.T. foydasiga viloyat sudi apellyasiya instansiyasi qarori bilan undirilishi belgilangan 5 000 000 so‘m miqdoridagi ma’naviy zararni to‘lashdan qutulish hamda O‘.T.ga tegishli 0,7 gektar mevazorga egalik huquqini uni o‘ldirish orqali qo‘lga kiritish maqsadini ko‘zlagan.

O‘zining jinoiy rejasini amalga oshirishga qulay payt poylagan. O‘.T.ning taxminan soat 00:30 larda mahallaning Regiyon qishlog‘ida joylashgan tungi klubda ekanini eshitib, shu manzilga borgan. Tungi klubda shovqin-suron va hamma mijozlar o‘zi bilan o‘zi ovora bir paytda A.A. fuqaro O‘.T.ga to‘satdan tashlangan. O‘zi bilan olib kelgan oshxona pichog‘ini uning qorin qismiga bir marotaba zarb bilan urgan. Atrofdagilarning e’tiborini tortgan voqea hammani sergaklantirgan va boshqa shaxslarning aralashuvi sababli A.A. oldidan rejalashtirgan jinoyatini o‘ziga bog‘liq bo‘lmagan holda oxiriga yetkaza olmagan. Sudga oid tibbiy ekspertiza xulosasiga ko‘ra, O‘.T.ga hayot uchun xavfli bo‘lgan og‘ir tan jarohati yetkazgan.

Sud majlisida A.A. aybini to‘liq tan olgan. Qilmishidan pushaymonligini bildirgan. Qonuniy yengillik berishni so‘ragan. Biroq, sud olib borilgan tergov harakatlari davomida javobgarlikni yengillashtirish uchun keldirilgan vajlarni rad qilishni lozim topgan. Va unga jinoiy qilmishi uchun qonun sanksiyasi doirasida ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlagan.

A.A. O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 25- (Jinoyatga tayyorgarlik ko‘rish va jinoyat sodir etishga suiqasd qilish), 97-moddasi (Qasddan odam o‘ldirish), 2-qismi, «i» (tamagirlik niyatida)da nazarda tutilgan jinoyatini sodir qilganlikda aybli, deb topilgan va unga shu modda bilan 15 yil ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan.

Aybdor jazoni umumiy tartibli koloniyalarda o‘taydigan bo‘ldi.

 

 

 

 

 

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring