Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Besh kishi tomonidan zo‘rlanganini aytgan kelinchakka jazo tayinlandi

Besh kishi tomonidan zo‘rlanganini aytgan kelinchakka jazo tayinlandi

Andijonda 5 erkak tomonidan zo‘rlanganini aytgan kelinchakka nisbatan ikki yarim yil muddatga ozodlikni cheklash jazosi tayinlandi. Bu haqda «Daryo» xabar bermoqda.

Bundan besh yarim oy avval Andijon viloyatida 5 oylik kelinchak besh kishi tomonidan zo‘rlangani haqida ijtimoiy tarmoqlarda xabarlar tarqalgandi.

Tergov harakatlari davomida to‘plangan inkor qilib bo‘lmas dalillarga asosan kelinchak O.O.ning zo‘rlangani to‘g‘risidagi vajlari o‘z tasdig‘ini topmagani sababli jinoyat ishining gumon qilinuvchilarga tegishli qismini Jinoyat-protsessual kodeksining 83-moddasiga (jinoiy hodisa yuz bermagan yoki shaxsning qilmishida jinoyat tarkibi bo‘lmasa) asosan tugatish masalasi ko‘rib chiqilayotgani, fuqaro O.O. va boshqalarning tuhmat qilgani holatiga huquqiy baho berish maqsadida tergov harakatlari davom ettirilayotgani ma’lum qilingandi.

Afsuski, oradan besh oydan ortiq vaqt o‘tgan bo‘lsa-da ichki ishlar vazirligidan tortib, bosh prokuratura, hattoki sud tomonidan ham tergov harakatlari natijasi yuzasidan ommaviy axborot vositalarida hech qanday qo‘shimcha yoki yakuniy ma’lumot berilmagandi.

Andijon viloyat prokuraturasi ma’lumotlariga ko‘ra, 2021 yilning 26 iyun kuni O.O.ga nisbatan Jinoyat kodeksining 139-moddasi 3-qismi (nashr qilish yoki boshqacha usulda ko‘paytirilgan matnda yoxud ommaviy axborot vositalari orqali; og‘ir yoki o‘ta og‘ir jinoyat sodir etishda ayblab; og‘ir oqibatlar kelib chiqishiga sabab bo‘lgan holda; g‘arazgo‘ylik yoki boshqa past niyatlarda qilingan tuhmat) bandlari va boshqa moddalari (aynan qaysi moddalar ekaniga aniqlik kiritilmagan) bilan ayblov e’lon qilinib, «shaxsiy kafillik» ehtiyot chorasi qo‘llanilgan.

Jinoyat ishi ayblanuvchi O.O. va uning himoyachisiga tanishtirilgan va jinoyat ishi bo‘yicha ayblov xulosasi tuzilib, Jinoyat protsessual kodeksining 388-moddasi tartibida sud muhokamasiga yuborilgan. 

Viloyat sudi matbuot xizmatining ma’lum qilishicha, 2021 yil 10 sentyabr kuni Jinoyat ishlari bo‘yicha Bo‘ston tumani sudi tomonidan sudlanuvchi O.O.ga nisbatan sud ishi tegishli tartibda ko‘rib chiqilgan.

Sudning hukmiga ko‘ra, sudlanuvchi O.O. Jinoyat kodeksining 139-moddasi 3-qismining «a» bandi (og‘ir yoki o‘ta og‘ir jinoyat sodir etishda ayblab tuhmat qilish) bilan aybli deb topilgan. Unga nisbatan 2 yil 6 oy ozodlikni cheklash jazosi tayinlangan.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring