«Berlin – Oqqo‘rg‘on» filmi: Bo‘lmag‘ur savollarga hojat yo‘q!
Taniqli rejissyor Zulfiqor Musoqov suratga olgan «Berlin – Oqqo‘rg‘on» badiiy filmining jurnalistlar uchun uyushtirilgan taqdimoti bo‘lib o‘tdi.
Alisher Navoiy nomidagi kinosaroyning kichik zali jurnalistlar bilan gavjum bo‘ldi. Taqdimotni telejurnalist Shoira Raufboyeva olib bordi. Premera boshlanishidan oldin rejissyor Zulfiqor Musoqov mazkur film 18 dan katta yoshdagilar uchun mo‘ljallanganini aytib, yosh bolalarni olib kirmaslik, tomosha paytida mobil telefondan foydalanmaslikni so‘radi. Shundan so‘ng «Berlin – Oqqo‘rg‘on» namoyish etildi.
Film, asosan, ikkinchi jahon urushining mudhish manzaralari, og‘ir asoratlari haqida. Rejissyor bu davrni bugungi kun bilan bog‘lay olgan. Filmda hujjatli xronikalarga ham murojaat qilingan. E’tiborlisi, tarixiy fakt va dalillar bilan tomoshabinni ekran ortida rejissyorning o‘zi tanishtirib boradi.
Shaxsga sig‘inish davri, bir oila musibati, qishloq ahlining kamtarona va og‘ir hayoti bor haqiqati bilan ochib berilgan. Musoqovning barcha filmlarida bo‘lganidek, «Berlin – Oqqo‘rg‘on»da ham sevgi-muhabbat alohida o‘rin egallagan. Qo‘zivoy va Gulshodaning pinhoniy va oshkora tuyg‘ulari film motivini tashkil etadi. Qizning otasi qatag‘onga uchragani yetmagandek, uning o‘zi va onasini o‘n yarim yilga qamash to‘g‘risida hukm chiqariladi. Bunga chiday olmagan qiz o‘zini soyga otadi. Onasini qamab, olis va sovuq o‘lkaga surgun qiladilar. Qarangki, baxtli tasodif tufayli u hibsdan ozod etiladi. Qizi Gulshoda ham o‘lmagan, qishloq ahli tomonidan qutqarib qolingan edi.
Film kutilmagan qiziqarli syujetlarga boy. Voqealar goh O‘zbekiston, goh Rossiya, goh Germaniyaga ko‘chadi. Stalin, Gitler obrazlari namoyon bo‘ladi. Germaniyadagi oilalarning ham abgor ahvoli, qatag‘on va qatl etilishi ko‘rsatiladi. Qo‘rqoq va xoin Hans og‘ir qilmishlari uchun qanchalik yashirinib, ehtiyot chorasini ko‘rmasin, baribir qasos o‘tining qurboni bo‘ladi.
«Berlin – Oqqo‘rg‘on» – ko‘zda yosh bilan ko‘riladigan film. Ushbu kinoasarni bugungi yoshlar qabul qilmasligi mumkinligi haqidagi rejissyorning xavotirida jon bor. Buni premeradan keyin uyushtirilgan savol-javoblardagi ayrim iddaolar ham isbotlab berdi. Ba’zi hamkasblarning oddiy lavhalardan noto‘g‘ri xulosa chiqargani, jo‘n fikrlagani, noto‘g‘ri talqin qilgani, nojoiz savollar bergani saviyasi haminqadar ekanligini namoyon etdi. So‘raganning aybi yo‘q, deydilar, bu to‘g‘ri. Ammo gohida birgina bo‘lmag‘ur savol ham hafsalani pir qilishi bor gap! Zotan, yuzdan oshiq aktyor va aktrisalarni o‘zida jamlab, bir yarim yil mobaynida suratga olingan «Berlin – Oqqo‘rg‘on» – keng masshtabli kinoasar. Zero, u shunchaki ishlanmagan, balki olti yil tayyorgarlik ko‘rilgan. Arxiv materiallaridan foydalanilgan. Jahon ijtimoiy-siyosiy hayotini yoritish bilan birga o‘zbekning taqdirini ochib beruvchi milliy film u. «O‘zbekkino» agentligi raisi Furqat Zokirov aytganidek, biz, qalam ahli film haqida tomoshabinlarga to‘g‘ri talqinni yetkazishimiz joiz.
Bir so‘z bilan aytganda, yangi-yangi qiyofalarni kashf etayotgan rejissyor Zulfiqor Musoqovni «Berlin – Oqqo‘rg‘on» filmi muvaffaqiyati bilan tabriklash kerak. Uni, albatta, ko‘ring, boshqacha ko‘z bilan tomosha qiling. Ana shunda chol-kampirning o‘zaro munosabatiga doir bo‘lmag‘ur savollarga hojat ham qolmaydi. Film oxirida ko‘zda yosh bilan kulasiz va qarsak chalib yuborasiz.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter