Belarus mudofaa vaziri: KXShTga a’zo davlatlar soni ko‘payadi
Kelgusida Kollektiv xavfsizlik shartnomasi tashkiloti (KXShT) kengayib, o‘nlab davlatlar a’zo tashkilotga aylanadi — Belarus mudofaa vaziri Viktor Xreninning bunga ishonchi komil. U 14 may kuni «Vo slavu Rodini» (Belarus) gazetasiga intervyu berdi.
KXShT kelajagi haqidagi savolga javoban, Xrenin «o‘z jangovar shayligi va tinchlikparvarligi»ni namoyish etgan tashkilot, dunyo tartibi o‘zgargan taqdirda ham, kengayishda davom etishiga ishonch bildirdi.
Xreninning ta’kidlashicha, KXShTni NATO bilan solishtirmaslik kerak. Uning fikricha, 73 yil avval tuzilgan NATO mudofaa tashkilotiga emas, balki butun dunyoga o‘z siyosati va qarashlarini singdirayotgan AQSh qo‘lidagi gurziga aylandi.
KXShT 1992 yil 15 may kuni tashkil etilgan. Ertaga, 16 may kuni Moskvada shu munosabat bilan sammit tashkil etiladi.
«Jangovar shay» va «tinchlikparvar» tashkilotga a’zolikka «navbatda turgan davlatlar» qaysilar — janob Xrenin albatta, ochiqlamadi, ajabmas, ertangi sammitda Lukashenko uchini chiqarib qolsa...
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter