Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

«BBC World News» telekanalida O‘zbekiston turizmiga bag‘ishlangan targ‘ibot kampaniyasi boshlandi

«BBC World News» telekanalida O‘zbekiston turizmiga bag‘ishlangan targ‘ibot kampaniyasi boshlandi

Jahonning yetakchi telekanali «BBC World News» tomonidan butun dunyo sayyohlarining katta auditoriyasini o‘zida jam qilgan «The Travel Show» haftalik teledasturi orqali O‘zbekistonning turizm salohiyatiga bag‘ishlangan maxsus ko‘rsatuvlar tez orada efirga uzatiladi.

Dunyo bo‘ylab 200 dan ortiq mamlakatlar va hududlarda jami 450 milliondan ortiq auditoriya kuzatib boruvchi «BBC World News» telekompaniyasi bilan Madaniyat va turizm vazirligi hamkorligida amalga oshirilayotgan loyihaga ko‘ra, «The Travel Show» haftalik teledasturi doirasida maxsus O‘zbekistonga bag‘ishlangan 23 daqiqalik teleko‘rsatuv ommaga havola etilishi rejalashtirilgan.

Shu kunlarda «BBC World News» telekanali efirlarida reklama sifatida 2 va 4 daqiqalik modullar (O‘zbekiston haqidagi to‘liq teledasturdan parchalar) namoyishi boshlandi.

Bundan tashqari telekanalning ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalari orqali O‘zbekiston haqidagi «The Travel Show» dasturining maxsus sonini targ‘iboti amalga oshirilmoqda.

«BBC World News» telekanalida O‘zbekiston haqida to‘liq metrajli 23 daqiqalik maxsus ko‘rsatuv premeradan tashqari 4 oy davomida takroran 4 marotaba efirga chiqishi belgilangan.

Shuningdek, mazkur telekompaniya tomonidan «Travel Show Uzbekistan Special» ko‘rsatuvi ham tayyorlangan bo‘lib, ko‘rsatuv davomida tomoshabinlar uchun O‘zbekiston bo‘yicha qimmatli ma’lumotlar taqdim etiladi.

Shuningdek, «BBC Travel» ijtimoiy tarmoqlarida O‘zbekiston haqidagi «Travel Show» dasturining maxsus soni efirga uzatilishidan avval doimiy ravishda targ‘ib qilinadi. Dastur materiallari bilan onlayn video parchalar «BBC Travel Show» dasturi sahifasida, «BBC News» onlayn va «BBC Reel»da efirga uzatiladi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring