Baydenning foydasiga ovozlarni soxtalashtirishda mafiyaning qo‘li borligi aytilmoqda
Amerikalik mafiozlar Pensilvaniya shtati Filadelfiyada prezident saylovlarida Jo Baydenning g‘alaba qozonishi uchun ovozlarni soxtalashtirishda yordam berishgan. Bu haqda Filadelfiya mafiyasi bossi Joui Merlinoga yaqin manbalarga tayanib «The Buffalo Chronicle» xabar berdi.
Nashr suhbatdoshiga ma’lum bo‘lishicha, Oriq Joui nomi bilan tanilgan Merlino va uning to‘dasi Baydenning shtabi buyurtmasiga binoan uning foydasiga 300 mingta soxta byulletenni tayyorlagan. Uning so‘zlariga ko‘ra, demokratlardan nomzodning vakillari saylov kechasi saylov uchastkalari yopilishidan bir necha soat oldin Merlinoga bo‘sh byulletenlardan iborat bir nechta quti tutqazishgan. U qutilarni Filadelfiya janubidagi ikkita xususiy uyga olib borgan: u yerda uning odamlari ovozlarni soxtalashtirish bilan shug‘ullanishgan.
Ta’kidlanishicha, bu ish uch kunga cho‘zilgan. Shundan so‘ng to‘ldirilgan blankalar solingan qutilar Filadelfiyadagi ovozlarni hisoblash markazlariga tashlab ketilgan. Manbaga ko‘ra, har bir byulleten uchun mafiozlar Demokratlar partiyasidan 10 dollardan olishgan. Shu tariqa ish haqining umumiy miqdori qariyb uch million dollarni tashkil etgan. Ushbu pulning bir qismi mafioz to‘dasining ishiga to‘lash uchun ajratilgan: ularning har biri soatiga ming dollardan olgani aytilmoqda.
Biroq, «The Buffalo Chronicle» suhbatdoshining ta’kidlashicha, endi Merlino Kongressda tegishli ko‘rsatma berib, ushbu tizimni fosh etmoqchi. Buning evaziga u sudlanganliklarini to‘liq bekor qilish, shuningdek, saylov natijalarini soxtalashtirishda ishtirok etgani uchun jinoiy javobgarlikdan ozod qilinishiga umid qilmoqda.
Bundan tashqari, analitiklarning fikricha, bunday iqrordan so‘ng Merlino o‘z hikoyasiga bo‘lgan huquqni Gollivud kinokompaniyalaridan biriga sotish orqali 20 million dollar ishlab olishi mumkin. Shuningdek, ushbu voqealarga bag‘ishlangan kitobni chop etish shartnomasi unga yana 10 million dollar daromad keltiradi.
Avvalroq AQShning amaldagi prezidenti Donald Tramp raqibi Baydenning saylovdagi g‘alabasini soxtakorliklar bilan izohladi. U, shuningdek, saylovlarda «dahshatli buzilishlar» kuzatilganini ta’kidladi.
Demokrat Jo Bayden 7-noyabr kuni o‘zini AQSh prezidenti etib saylanganini e’lon qildi — turli hisob-kitoblarga ko‘ra, u 273 tadan 290 tagacha ovoz to‘plagan: g‘alaba qozonish uchun esa 270 ta ovoz kifoya. Tramp o‘z navbatida saylovlar hali rasman yakuniga yetmaganini, saylov natijalari esa sudda ko‘rib chiqilishini ma’lum qildi. Uning fikricha, Bayden o‘zini mamlakatning yangi rahbari deb e’lon qilishga sal shoshildi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter