Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Bayden bilan Netanyahu orasidan yana qora mushuk o‘tdi

Bayden bilan Netanyahu orasidan yana qora mushuk o‘tdi

AQSh prezidenti Jo Bayden Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyahu bilan telefon orqali muloqotda mintaqada beqarorlikni kuchaytirishga qaratilgan harakatlarni bas qilish, shuningdek, G‘azoda o‘t ochishni to‘xtatish va asirlarni ozod qilish bo‘yicha bitimni tezroq imzolashni talab qildi. Bu haqda «Axios» nashri Vashington hukumatidagi manbalariga tayanib xabar berdi.

Xabaringiz bor, 31-iyulga o‘tar kechasi HAMAS siyosiy yetakchisi Ismoil Haniya Tehronda o‘ldirildi.

Eron va HAMAS Haniyaning o‘limida Isroilni aybladi. Eron rasmiylari bu ishga AQSh aloqadorligi haqida bayonot berdi.

Yaqinda Isroil armiyasi Bayrut shahriga bergan raketa zarbasida «Hizbulloh» harakatining qo‘mondonlaridan biri Fuad Shukr (Sayyid Muhsin) ham o‘ldirildi.

«Axios»ning yozishicha, Oq uy bu ikki shaxsning o‘ldirilganidan taassufda emas. Ammo prezident Bayden Isroil bosh vaziri bu qotilliklarni unga ma’lum qilmasdan, o‘zbilarmonlik bilan amalga oshirganidan xafa bo‘lgan. Shunga ko‘ra u Isroil bosh vaziriga qat’iy norozilik bildirgan.

«The Times of Israel» gazetasi ham «Axios» xabarini tasdiqlagan. Isroil nashriga ko‘ra, Bayden Netanyahuga G‘azoda otashkesimga erishish muhimligini uqtirar ekan, yolg‘on gapirishni to‘xtatishni talab qilgan. 

Isroil armiyasi 2023-yil 7-oktyabrdan buyon HAMASning hujumiga javoban G‘azo sektorida qirg‘inbarot urush olib bormoqda. Hozirga qadar G‘azoda 39 550 nafar  falastinlik, jumladan, minglab bolalar va ayollar halok bo‘ldi. Qo‘shma Shtatlar urushning ilk kunidan boshlab Isroil armiyasini moddiy, siyossiy va ma’naviy qo‘llab-quvvatlab kelmoqda. Shu bois AQSh G‘azodagi xunrezlikka sherik sifatida ayblanmoqda. 

«Politico» nashrining yozishicha, Isroil bosh vazirining G‘azoda olib borayotgan, minglab tinch aholi vakili o‘limiga sabab bo‘layotgan urushi sabab Bayden yetakchiligidagi demokratlar millionlab liberal saylovchilar ovozini yo‘qotmoqda.  Ayni choqda, Oq uy Netanyahu AQShni Yaqin Sharqdagi keng ko‘lamli urushga tortib ketishidan xavotirda.

Prezident saylovi yaqinlashayotgan pallada Oq uy Netanyahu ma’muriyatidan HAMAS bilan tezroq o‘t ochishni to‘xtatish va asirlarni ozod qilish bo‘yicha kelishuv imzolashni so‘ramoqda. Ammo HAMAS siyosiy qanoti rahbari Ismoil Haniyaning o‘ldirilishi sulh rejasini deyarli yo‘qqa chiqargan.

Bayden va Netanyahu munosabati keyingi vaqtlarda ancha taranglashdi. Joriy yil fevral oyida AQSh prezidenti tor doiradagi muloqotlarda Isroil bosh vazirini so‘kinish bilan zikr qilgani o‘rtaga chiqqan edi.

Juz’iy e’tirozlarga qaramay, Vashington ma’muriyati Tel-Avivni qo‘llab-quvvatlash niyatida sobit. Haniyaning Tehronda o‘ldirilishi ortidan Eron yahudiy davlatiga javob zarbasi berishi kutilayotgan shu kunlarda ham AQSh Isroil bilan yelkadosh turibdi. Qo‘shma Shtatlar Isroil mudofaasini qo‘llab-quvvatlash uchun Yaqin Sharqqa qo‘shimcha harbiy kuch va texnika yuborgan.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring