Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Baxtiyor Abdug‘afur: «Biz olimlar xalqning kulgusiga qolaveramiz»

Baxtiyor Abdug‘afur: «Biz olimlar xalqning kulgusiga qolaveramiz»

Foto: «Facebook», skrinshot

Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan post va uning ostida olimlar ustidan oshkora kulib izoh yozayotganlarga javoban yozuvchi va olim Baxtiyor Abdug‘afur o‘z munosabatini bildirdi.

«O‘zbekistonda vaksina yarata oladigan olimlar bor. Zamonaviy biotexnologiyada virus yoki patogen bakteriyaga qarshi vaksina olish muammo emas, lekin shu ilmiy tadqiqotlarni amalga oshiradigan zamonaviy laboratoriya bormi? — deydi Baxtiyor Abdug‘afur. — Ilmiy ishlanma yaratiladi, lekin uni sertifikatlash uchun yillab vaqt ketadi. Olimlar yo‘q deyayotganlar «scholar.google»ga kirib qidiringlar, qancha o‘zbek olimlari chet ellarga ketib ishlayapti. O‘zim ham mikrobiologman, fan doktoriman, ixtisosligim mikrobiologiya va virusologiya. 2012-2018-yillarda Xitoy Fanlar akademiyasida ishlaganman.

Olimlarga nega sharoit yaratilmayapti, deb Innovatsion rivojlanish vazirligi va Fanlar akademiyasiga savol bering, javobini olasiz. Bizda zamonaviy ilm-fan bilan shug‘ullanishga sharoit, mablag‘ va jihozlar yo‘q.

Darvoqe, o‘tgan yili O‘zbekistonning eng kuchli yosh biologi deb tan olingan olim Toxir Bozorovning oddiy ilmiy loyihasi ekspertlar tomonidan o‘ta past baholanib, moliyalanishga tavsiya etilmadi (H-indeksi 7, Germaniyada, Maks Plank institutida doktorlikni himoya qilgan. O‘zbekistondagi eng kuchli molekulyar biolog deb tan olaman).

O‘zim (N-indeksim 6) 2018-yilda xorijdan qaytdim, birorta ilmiy loyiham moliyalangani yo‘q. So‘nggi loyihamni qachon topshirganimni yaxshi eslolmayman. Hozirgacha hujjatvozlik, rasmiyatchilik davom etadi.

Shunday ekan, jiddiy ilmiy tadqiqotlar haqida gap bo‘lishi mumkinmi? Aslo yo‘q. Ilm-fan rivojiga mas’ul idoralarning ishi shu ekan, vaksina yoki shunga o‘xshash xay-teklar chetdan olib kelinaveradi.

Va, albatta, biz olimlar xalqning kulgusiga qolaveramiz».

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring