Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Bastiliya: endi bu yerda hamma raqsga tushadi

Bastiliya: endi bu yerda hamma raqsga tushadi

Afsonaviy Bastiliya. Bu so‘zni eshitmagan odam bo‘lmasa kerak. Ko‘pchilik Bastiliya qamoqxonasini Aleksandr Dyumaning romanlari orqali yaxshi biladi. Qal’a 1382-yilda qurilgan bo‘lib, asosiy maqsadi poytaxtga qilinadigan hujumlarning oldini olish edi. Biroq ko‘p o‘tmay, undan qamoqxona sifatida foydalanila boshlandi. Bu yerga mahbuslar sudsiz-so‘roqsiz, birgina qirol buyrug‘i bilan olib kelinardi. Qamoqxonadon sanoqli mahbuslargina ozodlikka chiqishga muvaffaq bo‘lgan...

14-iyul – Buyuk fransuz inqiboli, ya’ni Bastiliya qal’asi ishg‘ol etilgan kunga bag‘ishlangan Fransiyaning milliy bayrami. 1789-yilning 14-iyul kuni isyon ko‘targan parijliklar qirol zo‘ravonligining ramzi bo‘lmish Bastiliya qamoqxona-qal’asini ishg‘ol qildilar. Mazkur hodisa Buyuk fransuz inqilobining boshlanishi sifatida ko‘riladi. Ayni damda «Bastiliya» so‘zi ozodlik ramziga aylangan, desak mubolag‘a qilmagan bo‘lamiz.

Bastíliya (fransuzcha la Bastille, tarixiy nomi la Bastille Saint- Antoine) – 1370–1381-yillarda qurilgan qal’a bo‘lib, u yerda keyinchalik davlatga xiyonat qilgan jinoyatchilar saqlangan. 1789-yil 14-iyul kuni yuz bergan Buyuk fransuz inqilobi davrida qal’a inqilobchilar tomonidan egallanib, oradan bir yil o‘tar-o‘tmas buzib tashlangan. Ayni damda buzilgan qal’a o‘rnida Parijdagi o‘nlab ko‘chalar tutashgan – Bastiliya maydoni bor.

Bastiliyaning birinchi mahbusi Gugo Obrio ismli kishi bo‘lib, muqaddas joylarni tahqirlashda ayblangan edi. U qamoqda 4 yil o‘tirgach, 1381-yilda yuz bergan inqilob davrida isyonkorlar tomonidan ozod qilinadi. Navbatdagi mahbus Lyudovik XI ning (1465–1481) dushmani bo‘lmish yepiskop Verdenskiy Gilom de Gorakur ekani aytiladi. U 10 yil davomida, faqat o‘tirish mumkin bo‘lgan temir qafasda ushlab turiladi.

Tarixchilarning so‘zlariga qaraganda, Lyudovik XIV hukmronligidan so‘ng, XVIII asrda Bastiliyada o‘sha davrning eng mashhur olimlari – faylasuflar, publitsistlar, hatto kitobfurushlar ham ushlab turilgan. Yozuvchi Volter bu yerda ikki marta – 1717 yilda gersogina de Verrini hajv qilgani, 1726-yilda esa shevale de Rogan bilan bog‘liq mojaro uchun o‘tirishga majbur bo‘ladi. Marmontel, Bomelle, abbat Morelle, Lenge, Alessandro Kaliostro, Markiz de Sad, grafinya De Lamott, Fuke va boshqalar ham Bastiliyada jazo muddatini o‘tashadi.

1789-yilning 14-iyul kuni Bastiliya ishg‘ol qilinganida qal’ada atigi 7 nafar mahbus – 4 nafar soxta pul yasovchi, 2 nafar ruhiy bemor va bir qotil bor edi. Xalqning Bastiliyaga bo‘lgan nafrati inqilob yillarida o‘zining avj nuqtasiga chiqdi. Hatto hukumat vakillari ham tez orada Bastiliya qo‘lga olinishidan xavfsirab turishardi. XVIII asr oxirlariga kelib Fransiya kasodga uchrash darajasiga kelib qoldi. Parij aholisining uchdan bir qismi qashshoqlikda istiqomat qilardi. Moliyaviy inqirozdan chiqib ketish maqsadida Lyudovik XVI 1789-yilning 5-mayida favqulodda masalalarni muhokama qiladigan bosh shtatlarni chaqirishga qaror qildi. Bu masalani muhokama qilishni istamagan deputatlar 17-iyun kuni o‘zlarini Milliy Yig‘in deb e’lon qildilar va 23-iyun kuni qirolga bo‘ysunmasliklari borasida bayonot bilan chiqdilar. 9 iyul kuni esa Milliy Yig‘in o‘zini Ta’sis Yig‘ini deya e’lon qildi. 14-iyulda hukumat qo‘shinlariga qarshi chiqqan xalq Bastiliya tomonga oshiqdi. Ular qal’adagi qurol-yarog‘larni qo‘lga kiritishmoqchi edi. 1789 yilning 12 iyul kuni Kamil Demulen v Pale-Royalda otashin nutq so‘zladi. 13 iyulda Arsenal, Nogironlar Uyi va shahar meriyasi (Hôtel de Ville) talon-taroj qilindi. 14 iyulda esa qurollangan olomon Bastiliyani egalladi. Isyonkorlar ko‘ngillilarni qurollantirish maqsadida qal’ada bo‘lgan qurol-aslahalarni qo‘lga kiritishni rejalashtiradi.

Isyonkorlarning vakillari Bastiliya komendanti markiz de Lonega murojaat etib, qal’ani o‘z xohishi bilan topshirishini talab qiladi. Biroq komendant bu talabga bo‘ysunmaydi. Shundan so‘ng qal’a qo‘riqchilari va isyonkorlar o‘rtasida otishma boshlanadi. Versaldan yordam kelavermagach, qal’ani isyonkorlarga topshirishga qaror qilinadi. Bir necha zobit shafqatsizlarcha o‘ldiriladi. Bastiliyada bo‘lgan mahbuslar ozod qilinadi. Qal’a arxivi deyarli yo‘q qilinadi. Ertasi kuni qal’ani buzib tashlashga kirishadilar. U shahar aholisining sa’y-harakati bilan 1791-yilning 16-may kuni butunlay yo‘q qilinadi. «Endilikda bu yerda hamma raqsga tushadi» degan lavha qo‘yishdi. Qal’a toshlaridan Bastiliyaning kichik maketi va Konkord ko‘prigi qurilishida foydalaniladi. Buyuk Fransuz inqilobi Bastiliyani qamoqxona va qirol hukmronligining ramzi sifatida yo‘q qildi.

Bastiliya qal’asining ishg‘ol etilishi 1880-yildan milliy bayram sifatida nishonlab kelinadi. Kechki payt Parijda bir qator tadbirlar bo‘lib o‘tadi. Yelisey maydonida ertalab mahalliy vaqt bilan soat 10 da prezident ishtirokida harbiy parad o‘tkaziladi. Tunda esa mayyoqbozlik tashkil etiladi. Aytishlaricha, bu kabi bayram Parijda, hatto Yangi yil oqshomida ham nishonlanmaydi.

Sharofiddin To‘laganov

 

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring