Bannerlar buzilishi bo‘yicha Xalq deputatlari Toshkent shahar Kengashi qarori ekspertizadan o‘tkazilmagan bo‘lib chiqdi
Aprel oyidan boshlab, ijtimoiy tarmoqlarda Toshkent shahrida reklama konstruksiyalari buzilishi masalasi jamiyatning diqqat-e’tiborini o‘ziga tortmoqda.
Bir guruh tadbirkorlik sub’yektlari noodatiy usul orqali, ya’ni Prezidentdan yordam so‘rab, o‘zlariga tegishli bo‘lgan reklama ob’yektlariga murojaatlarini joylashtirishdi.
Avvalroq, ushbu masala Biznes-ombudsmanning nazoratiga olinganligi to‘g‘risida rasmiy bayonot berilgan edi.
Dastlabki o‘rganishlarga ko‘ra, tadbirkorlarga tegishli reklama konstruksiyalarining demontaji Xalq deputatlari Toshkent shahar Kengashining 2021-yil 27-martdagi 323/37-6-sonli «Toshkent shahrida tashqi reklama sohasidagi faoliyatni tartibga solish to‘g‘risida»gi qarori asosida amalga oshirilmoqda.
Biznes-ombudsman tomonidan yuqoridagi qarorning qonuniyligi o‘rganilganda, «Normativ-huquqiy hujjatlar to‘g‘risida»gi qonunining 21 va 22-moddalari talablariga asosan ushbu qaror loyihasi adliya organlarida ekspertizadan o‘tkazilmaganligi aniqlandi.
Shundan kelib chiqib, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatidan Xalq deputatlari Toshkent shahar Kengashining yuqoridagi qarorning qonuniyligiga baho berish hamda vakolat doirasida uni qayta ko‘rib chiqilishida amaliy yordam berish so‘raldi.
Ayni damda, ushbu holat yuzasidan qo‘shimcha o‘rganishlar olib borilmoqda, deyiladi Biznes-ombudsman xabarida.
Eslatib o‘tamiz, kuni kecha Toshkent shahar hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayev muxbirning ushbu mavzudagi savoliga javob bera olmay, qochib ketgani xabar qilingandi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter