Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Baliq emas qarmoq — Payariqdagi bir oila taqdiri

Baliq emas qarmoq — Payariqdagi bir oila taqdiri

«Kambag‘allarga baliq emas, qarmoq berishni reja qilganmiz. Shuning uchun asosiy e’tiborni qir-adirliklardagi yerlarni yangi texnologiya asosida o‘zlashtirishga qaratganmiz», — dedi biz bilan bo‘lgan suhbatda Payariq tuman hokimining birinchi o‘rinbosari O‘tkir Hamroqulov. Tumanga safarimiz mana shu loyihani o‘rganishdan boshlandi.

Payariqda 600 gektar yerga suv chiqarilib, tomchilab sug‘orish texnologiyasi asosida dehqonchilik va bog‘dorchilik ishlari boshlab yuborilgan. Yana 1200 gektar yerda o‘zlashtirish ishlari amalga oshirilmoqda.

Bularning barchasi bir maqsadga qaratilgan — aholining turmush darajasini oshirish, kambag‘al oilalarni «temir daftar»dan chiqarish va ijtimoiy faol qatlamga aylantirish.

***

Ra’no opa o‘tgan yili turmush o‘rtog‘idan ajrab qoldi. Xo‘jayinini uzoq vaqt beli og‘rib yurdi, keyin oyoqdan qoldi. Shu bilan to‘shakdan turmay, o‘tdi-ketdi. Ortidan 5 farzandi qoldi.

«Dehqonobod» mahalla fuqarolar yig‘inida istiqomat qiladigan Ra’no Eshmuhammedova oilasining yashash sharoitini juda yaxshi, deb bo‘lmaydi. Marhum xo‘jayinining sog‘ligi ko‘tarmadi, uy-joyini rostlab qo‘ya olmadi. Uy bilan birga muammolar ham Ra’no opaga «meros» qolgan. Mahalla gaz tarmog‘idan uzilgan, propan gaz baloni esa har doim ham yetmaydi. Opaning asosiy shikoyatlaridan biri shu.

— Besh kishilik oilaga har oy 12,7 kilogramm propan gazi yetkazib berilishi lozim. Gaz balloniga 20 kilogramm ketadi, shu sababli 40-45 kunda bir marta olib boramiz. Tejab ishlatilsa bitta ro‘zg‘orga yetishi kerak. Masalan, mening xonadonimga bemalol yetib turibdi, — deydi Payariq tuman gaz bo‘limi bosh muhandisi Isomiddin Qodirov.

Xuddi shu fikrni «Dehqonobod» MFY raisi Jasur Kamolov ham tasdiqladi. Aytishicha, uning xonadonida ham bitta gaz balonini ikki oylab ishlatishadi. Ammo nimagadir boshqa xo‘jaliklarda gaz yetishmovchiligi bor. Shikoyatlardan eshitsak:

— Bir yildan beri propan gaz baloni ishlataman, hali biror marta u oydan bunisiga yetgani yo‘q. Har safar yetmay qolganda xususiy gaz quyish shahobchalariga borib, to‘ldirib kelamiz, — deya e’tiroz bildiradi yana o‘sha mahalla fuqarosi Furqat To‘rayev.

Uning so‘zlarini boshqa qo‘shnilar ham tasdiqladi. Gaz yetishmaydi, tamom-vassalom. Oldinda esa kuz-qish mavsumi oyoqlab turibdi. U yog‘ini so‘rasangiz, yana boshqa muammo ham bor.

— Tumanimizda gaz balonlari yetishmovchiligi mavjud. Bu haqda viloyat gaz boshqarmasiga murojaat qilganmiz. Joriy yil uchun 2400 ta gaz baloni bo‘lsa, qishdan chiqib olamiz, — deydi bosh muhandis Isomiddin Qodirov.

***

Ammo bu Payariqdagi muammolarning hammasi emas. To‘rtta yomg‘ir tomchilab qolsa, elektr energiyasida ham uzilishlar boshlanadi. Bunga sabab esa — 70 kilometr joyda simyog‘ochlar eskirib, yaroqsiz holatga kelib qolgan. Yangilashga esa u qadar shoshilishmayapti.

— Tumandagi 28 ta transformatorni yangilash kerak. Bu bo‘yicha ishlar yaxshi ketmoqda, 14 ta transformatorni almashtirganmiz. Ta’mirlash ishlari ham ketyapti. Simyog‘ochlarga kelsak, bizga nima berishsa, o‘rnatyapmiz. Hammasi viloyatga bog‘liq, ular yetkazib bersa, biz ham ishlayveramiz, — deydi Payariq tuman elektr ta’minoti bosh muhandisi Abduqahhor Shakarov.

***

Ra’no Eshmuhammedova va uning 5 farzandining taqdiri qanday bo‘ladi? Unga qanday yordam ko‘rsatiladi? Bu savollarga hokim o‘rinbosari O‘tkir Hamroqulov javob berdi. Uning kayfiyati ancha yaxshi.



«Ikki-uch yilda Ra’no opani boylar qatoriga qo‘shamiz. «Temir daftar»dan chiqish tugul, o‘zi daftardagilarga yordam beradigan bo‘ladi», — deydi u. Bu qadar ko‘tarinkilikka sabab nima?

Mutasaddi hammasini oson tushuntirdi. Aytishicha, adirlikdagi suv chiqarilgan joydan Ra’no opaga 50 sotix yer ajratilgan. Yana hovlisida bir sotixli issiqxona qurilmoqda. Adirlikdagi yerga tok o‘tqazilib, orasiga bodring ekilgan. Tok ikki yilda hosilga kiradi, hozir bodring hosili yig‘ib olinmoqda. Issiqxonani qanday yuritishni esa Andijondan kelgan malakali mutaxassislar o‘rgatishadi. Nafaqat Ra’no Eshmuhammedovaga, balki boshqalarga ham.



— Bu ishlarning barchasi boshlanishi holos. Bekorga «baliq bermaymiz, tutishni o‘rgatamiz», demadim. Biz nafaqat ekin ekishni, balki uni sotishni ham o‘rgatmoqchimiz. Maxsus firmamiz dehqonlarga bodring urug‘ini yetkazib berib, yana o‘zi tayyor mahsulotni sotib olmoqda. Mabodo bozorda bodring narxi oshib ketsa, dehqonlarimiz bemalol bozorga chiqarishlari mumkin. Ra’no opa ham yetishtirgan mahsulotini sotyapti. Ikki yilda yer uchun qilingan harajat to‘liq qoplanib, daromadga aylanadi, — deydi O‘tkir Hamroqulov.

Bunday gaplarni eshitganing sari eshitging keladi. Eng muhimi — mana shu va’dalar amalga oshmaguncha Ra’no Eshmuhammedova «Temir daftar»dan chiqarilmaydi. Oilaga karantin vaqtida besh marta oziq-ovqat mahsulotlari yetkazib berildi. Bir marta 1 million so‘mlik yordam puli ko‘rsatildi. Yaqinda yana davlat tomonidan besh nafar farzandga 500 ming so‘mdan, jami 2 500 000 so‘m berilishi kutilmoqda.

Bu pul bolalarga atalgan — maktabga kiyim-kechak, daftar-qalam degandek. Prezident Shavkat Mirziyoyev maktablar ochilishi haqida gapirarkan, xalq ta’limi va sog‘liqni saqlash xodimlariga qarata: «Sizning qo‘lingizga asosiy boyligimiz — bolalarni topshirmoqdamiz», — dedi. Ra’no opa xonadonida mana shunday boylikdan 4 nafari bor.

Ulardan nafaqat opaning, balki davlatning ham umidi katta. Bolalarimiz omon bo‘lsin.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring