Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Ayrimlarning pensiyalariga 300 ming so‘mdan qo‘shiladi

Ayrimlarning pensiyalariga 300 ming so‘mdan qo‘shiladi

Foto: «Xabar.uz»

Senatning o‘ttiz uchinchi yalpi majlisida «Fuqarolarning davlat pensiya ta’minoti to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasining Qonuniga pensiya tayinlash tartibini takomillashtirishga qaratilgan o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish haqida»gi Qonun muhokama qilindi.

Bugungi kunda O‘zbekistonda 782 ming yoki aholining 2,4 foizini nogironligi bo‘lgan shaxs sifatida pensiya va nafaqa oluvchilar (shundan, 376 ming nafari I va II guruh nogironligi bo‘lgan shaxslar) tashkil etadi.

Amaldagi qonunchilikka muvofiq, I va II guruh nogironlik pensiyasi tayinlangandan keyingi ish vaqti yoshga doir yoki boquvchisini yo‘qotganlik pensiyasi tayinlanayotganida stajga qo‘shib hisoblanadi. Bunda, nogironlik pensiyasi olayotgan fuqaro pensiya yoshiga yetganda yoki boquvchisini yo‘qotganda nogironlik pensiyasini olishni davom ettirsa (boshqa pensiya turiga o‘tmasa) I va II guruh nogironlik pensiyasi tayinlangandan keyingi ish vaqtini qo‘shib nogironlik pensiyasi qayta hisoblanmaydi.

Qonunga muvofiq 2023 yil 1 yanvardan boshlab I va II guruh nogironligi bo‘lgan shaxslarning pensiya tayinlanganidan keyingi kamida 1 yillik ish staji va ish haki miqdoridan kelib chiqib har 2 yilda bir marotaba tayinlangan pensiya qayta hisoblanadi hamda pensiya miqdoriga qo‘shib boriladi.

Qonun qabul qilinsa, 2023 yilda (1994–2022 yillarda ish stajiga ega bo‘lgan) 75 ming nafar I va II guruh nogironligi bo‘lgan shaxslarning pensiyalariga o‘rtacha 300 ming so‘m qo‘shiladi. Kelgusida mehnat faoliyatini olib borganlarning (bugungi kunda I va II guruh nogironligi bo‘lgan shaxslarning 43 ming nafari rasman band) pensiyasi har 2 yilda bir marotaba ish staji va oylik ish haqidan kelib chiqib, qayta hisoblab boriladi.

Qonunga muvofiq pensiya olish huquqi belgilangan o‘gay farzandini 18 yoshgacha kamida 5 yil tarbiyalagan o‘gay ota-onalar bolani tarbiyalagan davrini aniqlash tartibi, O‘zbekiston Respublikasi oldida alohida xizmatlari bo‘lgan shaxslarning pensiyalariga pensiyani hisoblash bazaviy miqdorining 100 foizidan 150 foizgacha miqdorida ustamalar to‘lash tartibi Hukumat tomonidan belgilanishi ko‘zda tutilmoqda.

Ushbu Qonunning qabul qilinishi amaliyotda mavjud turli xil yondashuvlarning oldini olish, korrupsiogen faktorlarni keltirib chiqaruvchi holatlarga barham berish, ijtimoiy adolat tamoyilidan kelib chiqib, nogironligi bo‘lgan shaxslarning daromadini oshirishga xizmat qiladi.

Qonun Senatorlar tomonidan ma’qullandi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring