Ayrim toifa xotin-qizlarga kontrakt puli to‘lab beriladi
Prezidentining 2021-yil 5-martdagi PQ-5020-son qarori hamda 2022-yil 7-martdagi PF-87-son Farmoniga muvofiq, har yili bazaviy to‘lov-kontrakt asosida davlat oliy ta’lim muassasasining bakalavriat ta’lim yo‘nalishlariga qabul qilingan, ijtimoiy ehtiyojmand oila vakillari bo‘lgan talaba xotin-qizlarni Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari hisobidan o‘qitish tartibi joriy etilgan.
Hukumatning 2021-yil 17-sentyabrdagi 585-son qarori bilan tasdiqlangan Nizomga ko‘ra, bunda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari 2022/2023-o‘quv yilidan boshlab har yili o‘zlarining hududlaridan o‘qishga kirgan 40 nafardan, ikkinchi va undan yuqori bosqichlarda tahsil olayotgan 110 nafar, jami 150 nafar xotin-qizlar uchun mahalliy budjetning qo‘shimcha manbalari hisobidan bazaviy to‘lov-kontrakt summasini to‘rt o‘quv yilining yakunlanishiga qadar to‘lab beradi.
Buning uchun ariza oliy ta’lim muassasasi qabul komissiyasiga berilishi kerak.
Kimlarga beriladi:
- kam ta’minlangan oilalardagi xotin-qizlar. Bunda kam ta’minlangan oila deganda «Ijtimoiy himoya yagona reyestri» axborot tizimi orqali belgilangan tartibda kam ta’minlangan deb e’tirof etilgan oila tushuniladi;
- ijtimoiy ehtiyojmand oila vakillari, ya’ni yetim yoki ota-onasining qaramog‘idan mahrum bo‘lgan talaba xotin-qizlar;
- ijtimoiy ehtiyojmand oila vakillari, ya’ni boquvchisini yo‘qotgan (turmush o‘rtog‘i vafot etgan), voyaga yetmagan farzandlarni yolg‘iz tarbiyalayotgan ehtiyojmand ayollar.
Ushbu Nizom qoidalari:
- ikkinchi va undan keyingi oliy ta’lim olish uchun tanlovda ishtirok etgan talabgorlarga;
- O‘zbekiston Respublikasi hududida joylashgan xorijiy oliy ta’lim muassasalari yoki ularning filiallari, nodavlat ta’lim xizmatlari faoliyati bilan shug‘ullanuvchi tadbirkorlik sub’yektlari hamda oliy harbiy ta’lim muassasalariga nisbatan tatbiq etilmaydi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter