Ayol haydovchiga tegishli «Gentra» toshbo‘ron qilindi
Ijtimoiy tarmoqlarda noma’lum erkak «Gentra» avtomashinasini toshbo‘ron qilib, oynalarini sindirayotgani aks etgan video tarqaldi.
Farg‘ona viloyati ichki ishlar boshqarmasining ma’lum qilishicha, 2022 yilning 10 yanvar kuni Oltiariq tumani «Qapchug‘ay» mahalla fuqarolar yig‘inida yashovchi M.X. o‘z xonadoni oldida Z.M., G.K. va S.M. ismli ayollar bilan uy-joy masalasida janjallashib qolgan.
Janjal vaqtida ayollardan biri M.X.ga tegishli Matiz avtomashinasining oynalarini sindirib, zarar yetkazgan. Shuning uchun M.X. ayollarga tegishli «Gentra»ni tosh bilan urib, oynalarini sindirgan.
Mazkur holat yuzasidan tayinlangan sudga oid tibbiy ekspertiza xulosasida besh nafar fuqaro yengil tan jarohati olgani qayd etilgan. Tergovga qadar tekshiruv davomida Matiz avtomashinasiga 1 million 547 ming 709 so‘m, «Gentra»ga esa 8 million 964 ming 254 so‘m miqdorda zarar yetkazilgani aniqlangan.
Fuqarolar M.X., S.M., G.K. va Z.M.ning harakatlarida Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 52-moddasi (yengil tan jarohati yetkazish) va 61-2-moddasi (mulkni qasddan nobud qilish yoki unga zarar yetkazish)dagi ma’muriy huquqbuzarlik alomatlari borligi aniqlanib, to‘plangan hujjatlar Jinoyat ishlari bo‘yicha Oltiariq tumani sudiga yuborilgan.
Bundan tashqari, tomonlar o‘rtasidagi mol-mulk masalasi yuzasidan Oltiariq tumani IIB huzuridagi tergov bo‘limi tomonidan dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter