Qorabog‘ni minadan to‘liq tozalash uchun 10-15 yil vaqt kerak – mutaxassis

Ozarbayjon poytaxti Boku shahrida Xalqaro munosabatlar tahlili markazi hay’ati raisi Farid Shafiyev O‘zbekiston, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Xitoy va boshqa davlatlardan kelgan OAV xodimlari bilan uchrashdi va Qorabog‘dagi ayni vaqtdagi vaziyat haqida axborot berib o‘tdi. Xususan, markaz rahbari mintaqada to‘liq tinchlik o‘rnatish uchun olib borilayotgan ishlarga to‘xtaldi.
Integratsiya
Ayni vaqtda Qorabog‘da istiqomat qilayotgan arman millatiga mansub aholini Ozarbayjon xalqiga integratsiya qilish chora-tadbirlari olib borilmoqda. Buning uchun ularga yetarlicha imkoniyat yaratilgan. Ularning xavfsizligi kafolatlanadi, pensiya va boshqa to‘lovlar o‘z vaqtida amalga oshiriladi, Ozarbayjon fuqarolariga beriladigan barcha huquq va majburiyatlar ularga ham taaluqli bo‘ladi.
Biz har doim konstitutsiyaga muvofiq ish ko‘ramiz. Asosiy qonunimizga ko‘ra bizda ikki fuqarolik taqiqlangan. Ozarbayjon pasportiga ega aholida boshqa davlat fuqaroligi bo‘lgan taqdirda, bu holat Ozarbayjon davlati tomonidan tan olinmaydi. Hozircha Qorabog‘dagi arman aholisi o‘rtasida Ozarbayjon fuqaroligini olish holati uchramadi, ammo buni istaydiganlar yetarlicha topiladi.
Lochin yo‘li
Hozirda Lochin yo‘li to‘liq bizning nazoratimiz ostida bo‘lib turibdi. Hozirda arman tomonidan e’tirozlar bo‘lmoqdaki, ushbu yo‘ldan yuk olib o‘tish taqiqlangani tufayli gumanitar muammolar yuzaga kelayotgan ekan. Vaholanki Qorabog‘ va Armaniston o‘rtasidagi aloqa butkul uzib qo‘yilmagan, biz yuk olib o‘tish uchun Agdam yo‘lini taklif qilmoqdamiz. Ammo ayirmachilar bu yo‘ldan foydalanishni istashmayapti, chunki ularga Lochin yo‘li harbiy yuk olib o‘tish uchun kerak bo‘lardi.
Biz bunga yo‘l qo‘ymaymiz. Agarda Qorabog‘dagi tinch aholiga biror yordam kerak bo‘lsa, biz bajonidil ko‘mak ko‘rsatishga tayyormiz. Masalan, oziq-ovqat va tibbiy mahsulotlar yetkazib beriladi. Ammo Lochin yo‘li orqali harbiy yuk olib o‘tishlariga mutlaqo yo‘l qo‘yilmaydi.
Mintaqada batamom tinchlik o‘rnatilgach barcha yo‘llar shubhasiz ochiladi.
Harbiy kuchlar
Hozirda hisob-kitoblarga ko‘ra Qorabog‘da 10 ming nafar atrofida harbiylar bor. Armaniston tomonidan da’vo qilinishicha, ularning barchasini mahalliy aholi tashkil etadi. Ammo o‘zi 25-30 ming nafar aholi istiqomat qilib turgan joyda 10 ming harbiy bo‘lishi mumkinmi?
Hozir Qorabog‘dagi har to‘rt odamdan biri harbiy hisoblanadi. Bu harbiylashgan hudud.
Minalar
Ayni vaqtda Qorabog‘dagi katta muammolardan biri – minalardan tozalash bo‘lib turibdi. Taxmin qilinishicha, hududni to‘liq tozalash uchun 10-15 yil vaqt kerak bo‘ladi. Masalan, Lochinda 2021 yilda o‘rnatilgan mina aniqlangan. Ya’ni, ayirmachilar yaqin vaqtlargacha ham minalashtirish ishlarini olib borganlar.
Tinchlik muzokaralari
Ozarbayjon har doim tinchlik istagan va bundan keyin ham shunday bo‘lib qoladi. Mintaqamiz tinch bo‘lishi uchun har qanday maydonda muzokara o‘tkazishga tayyormiz. Yevropa vositachi bo‘ladimi, Amerika yoki Rossiya, naf keltirsa bo‘lgani, biz muzokaralarda qatnashishga tayyormiz.
Ozarbayjon xalqaro huquq normalari bo‘yicha mudom haq bo‘lib kelgan, bu borada xalqaro tashkilotlar tomonidan turli rezolyusiya va qarorlar ham qabul qilingan. Ammo shu vaqtga qadar ularning hech biri ishlagani yo‘q. Endi amaliy ishga o‘tish vaqti keldi.
Urush faxriylari
Qorabog‘ urushida ishtirok etgan, yarador bo‘lgan va ayniqsa shahid ketganlarning oilasiga har doim katta e’tibor beriladi. Ushbu holat Ozarbayjon prezidenti Ilhom Aliyevning shaxsan nazoratida.
Biz o‘z qahramonlarimizni qadrlaymiz va ularga barcha yordam hamda ko‘makni ko‘rsatishga tayyormiz.
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekistondagi Haydar Aliyev nomli Ozarbayjon Madaniyat markazi tashabbusi bilan tashkil etilgan safarda Xabar.uz muxbiri ham ishtirok etmoqda. Safar doirasida Qorabog‘ning bir qator hududlaridan reportajlar tashkil etish rejalashtirilgan.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter