Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Avtomobillar «suitsidi»: yoritgichlar aybdormasmi? Kimga ishonish kerak o‘zi?

Avtomobillar «suitsidi»: yoritgichlar aybdormasmi? Kimga ishonish kerak o‘zi?

Shu kunlarda ijtimoiy tarmoqlar va messenjerlarda yonayotgan avtomobillarning suratlari keng tarqalmoqda. Foydalanuvchilarning fikrlariga ko‘ra, bunga kunduz vaqtida yoritgichlarni yoqib yurish sabab bo‘lgan.

Toshkent shahar IIBB xodimlari bu masalaga oydinlik kiritish uchun O‘zbekiston Respublikasi FVV Yong‘in xavfsizligi boshqarmasi bilan bog‘lanishibdi.

Xullas, ularning to‘xtamiga ko‘ra, avtomashinalarning yonib ketishiga yoritgichlar sabab emas ekan.

FVV Yong‘in xavfsizligi boshqarmasi xodimlarining ma’lum qilishlaricha, yong‘inga sabab bo‘lgan elektr o‘tkazgichlarning texnik qoniqarsiz holatlari ko‘pincha eski yillarda ishlab chiqarilgan avtomobillarda uchraydi.

«Shunday ekan agar sizning avtomobilingiz «katta yoshda» bo‘lsa, texnik ko‘rik davomida elektr o‘tkazgichlarga alohida e’tibor berish zarur.

Biz bu kabi hodisalar suratlarini tarqatuvchi fuqarolarni, blogerlarni hamda Telegram messenjerida o‘z kanalini yurgizadiganlarni avtomobillarning yonish sabablari to‘g‘risidagi o‘z «mutaxassis» xulosalari bilan insonlarni adashtirmaslikka chaqiramiz», deyiladi IIBB xabarida.

Yoritgichlar aybdor bo‘lmasa, unda nega so‘nggi kunlarda avtomashinalarning «suitsidi» ko‘payib ketdi? Aniq sabab nimada o‘zi? Muammo ko‘proq elektr o‘tkazgichlarga borib taqalayotgan bo‘lsa, kunduzi issiq havoda yoritgichlarni yoqib yurish o‘tkazgichlarga qo‘shimcha bosim yuklamaydimi?

Blogerlar yoki ijtimoiy tarmoqlardagi kanallar mualliflari «mutaxassis» xulosalarini aytishmayapti, ular fojia yuz bermasidan avval ehtiyot choralarini ko‘rish lozimligini bong urishmoqda, xolos.

Buni qarangki, Toshkent shahar IIBB xodimlari FVV Yong‘in xavfsizligi boshqarmasiga tayanib avtomashinalarning yonib ketishiga yoritgichlar sabab emas, deb turgan bir paytda, Samarqandda tuman FVB yong‘in xavfsizligi bo‘limi boshlig‘i buning mutlaqo teskarisini aytmoqda (quyidagi videoni oxirigacha ko‘ring).

15-may kuni Samarqand viloyatida «Matiz» avtomashinasining yonib ketishi sabablarini izohlarkan, mutaxassis transport vositasining «kunduzi yoritgichlarning yoqib yurishi va bizning o‘lkamizda issiq harorat bo‘lganligi sababli elektr simlari bardosh bermagani, natijada qisqa tutashuv yuzaga kelib, yong‘in sodir bo‘lgani»ni ta’kidlaydi.

Qiziq, kimga ishonish kerak o‘zi?

Toshkent shahar IIBB mutaxassislari bloger va telegram kanal yurituvchilarni qo‘shtirnoq ichidagi mutaxassislar deb ta’riflayotgan bir paytda, yurtimizning boshqa bir hududida haqiqiy mutaxassis yong‘in sababini aniq-tiniq qilib kunduzi yoritgichlarni yoqib yurishga bog‘lab tursa, g‘alati bo‘lar ekan.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring