Avtomobil savdosi bilan bog‘liq firibgarlik fosh bo‘ldi
So‘nggi vaqtlarda fuqarolar ishtirokida ijtimoiy tarmoqlar orqali firibgarlik jinoyatlari sodir etilish holatlari tez-tez uchrab turibdi. Viloyat IIB TBga «Navoiy Avto Savdo» MChJ o‘zining Telegram guruhi orqali aksiya o‘tkazib, pullik yutuqlarni o‘z egalariga o‘tkazib berish vajidan plastik kartalardagi pullarni asossiz yechib olganligini aytib bir necha fuqarolar shikoyat arizalari bilan murojaat qilishgan.
Kelib tushgan murojaatlarni o‘rganish asnosida viloyat IIB TB tezkor xodimlari tomonidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, surishtiruv ishlari olib borilgan. Ayon bo‘lishicha, tergov hujjatlarida ismi sharifi keltirilgan 25 yoshli fuqaro H.Sh. Telegram ijtimoiy tarmog‘ida Avtomobil savdosi bilan shug‘ullanuvchi kompaniyalarning nomidan foydalanib avtomashina sotib olmoqchi bo‘lgan 20 dan ortiq fuqarolarni chuv tushirgan.
Qariyb 20 mlnga yaqin mablag‘larni o‘z ehtiyoji yo‘lida sarflab yuborgan uddaburon dastlab, o‘zini «Navoiy Avto Savdo» MChJning xodimi deb tanishtirib, Telegram guruhidagi mavjud foydalanuvchilarga sms xabarnomalari jo‘natish orqali fuqarolarning ishonchiga kirib, kompaniya tomonidan aksiya bo‘layotganligini, unda g‘olib bo‘lganlarga 300.000 so‘mdan 1.700.000 so‘mgacha bo‘lgan pul yutuqlari faqatgina plastik kartalarga o‘tkazib berilishini aytadi. Mijozlarga tegishli bo‘lgan plastik karta ma’lumotlarini va sir saqlanishi kerak bo‘lgan mahfiy kodlarni qo‘lga kiritgach katta miqdordagi pul mablag‘larini yechib oladi.
Navoiy viloyati IIB Axborot xizmati xabariga ko‘ra, tezkor surishtiruvlarda ushbu jinoyatni sodir etgan shaxs asli Qiziltepa tumanida yashovchi fuqaro H.Sh bo‘lib, Buxoro viloyati hududida ekanligi aniqlandi va Buxoro viloyati IIB xodimlari tomonidan gumonlanuvchi sifatida qo‘lga olindi. Ayni paytda mazkur holat yuzasidan Navoiy shahar, Zarafshon shahri hamda Buxoro viloyati IIB TB tomonidan tergov ishlari olib borilmoqda va unga nisbatan qamoqqa olish ehtiyoj chorasi ko‘rilgan.
Fuqarolardan bu kabi holatlarga tushib qolmasliklari uchun ijtimoiy tarmoqlardan foydalanayotganda ehtiyot bo‘lishlarini, plastik karta va sir saqlanishi lozim bo‘lgan shaxsiy ma’lumotlarni hech kimga bermasliklari so‘raladi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter