Attraksiondan yiqilganlar og‘ir ahvolda: SSV va Bosh prokuratura bayonot berdi
12-iyun kuni tungi soat taxminan 22:10 larda poytaxtimizning «Anhor – Lokomotiv» ko‘ngilochar bog‘ida ikki fuqaro attraksionda uchish chog‘ida xavfsizlik kamarlarini taqmaganligi sababli yiqilib tushgani haqida xabarlar tarqaldi.
Sog‘liqni saqlash vazirligi «Melnitsa» nomli qurilmadan yiqilgan 24 yoshli B.E. va 30 yoshli T.M. ning ahvoli haqida quyidagilarni ma’lum qildi:
Baxtsiz hodisadan so‘ng «Tez yordam» brigadasi kelgunga qadar Milliy gvardiya harbiy xizmatchilari jabrlanganlarga birinchi tibbiy yordam ko‘rsatishgan. Tez tibbiy yordam yetib kelgach, jarohat olgan fuqarolar Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markaziga olib ketilgan.
Muassasada bemorlar zudlik bilan shok zaliga olinib, shoshilinch tibbiy yordam ko‘rsatilgan.
Bemorlar ayni paytda neyroxirurgiya bo‘limiga yotqizilgan bo‘lib, ahvoli o‘rta og‘ir darajada. Nafas olish va gemodinamik ko‘rsatkichlari barqaror. Ular shifoxonada belgilangan davo standartlari asosida davolanmoqda.
Shuningdek, Bosh prokuratura ma’lumotiga ko‘ra, attraksion nazoratchisi fuqarolarning xavfsizlik kamari taqilganligini tekshirmasdan, attraksionni harakatga keltirganligi aniqlangan.
Mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 257-moddasi (Mehnatni muhofaza qilish qoidalarini buzish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.
Tergov harakatlari olib borilmoqda.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter