Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Astronomlar galaktikamizda yashiringan qora tuynukni topishdi

Astronomlar galaktikamizda yashiringan qora tuynukni topishdi

Foto: NAOJ

Yaponiya milliy astronomiya observatoriyasi (NAOJ) olimlari Somon yo‘lida, Yerdan 25 000 yorug‘lik yili uzoqligida qora tuynuk borligini aniqlashdi. Bu haqda «Eurek Alert» xabar berdi.

Qora tuynuklar — istalgan materiyani abadiy yutib yuboruvchi juda kuchli gravitatsiyaga ega ob’yektlar. Hatto yorug‘likni ham yutgani bois, ularni ko‘rish imkonsiz. Olimlar buni faqatgina qora tuynuklarning qo‘shni ob’yektlarga ta’siri orqali ilg‘ashadi, xolos.

Bu safar galaktikamiz markazida, Yerdan 25 000 yorug‘lik yili masofasida joylashgan O‘qotar yulduz turkumi yaqinida shubhali harakatlanayotgan gaz buluti yapon olimlari e’tiborini tortdi. Eng yangi «ALMA» teleskopi yordamida kuzatishsa, gaz buluti ko‘rinmas ulkan ob’yekt, aftidan qora tuynuk, atrofida aylanmoqda.

Eng qizig‘i, qora tuynuk noodatiy — taxminan 30 mingta Quyosh massasiga egaligi taxmin qilinyapti. Odatda qora tuynuklar ancha kichik va yengil (5 ta Quyosh massasi) yoki o‘ta og‘irdir — gigant qora tuynuklar Quyoshdan millionlab marotaba salmoqliroq bo‘lishi mumkin.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring