Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

«Asal oyi»  tugadi. Prezident Bayden va kansler Merkel o‘rtasida jiddiy ziddiyat yuzaga kelmoqda

«Asal oyi»  tugadi. Prezident Bayden va kansler Merkel o‘rtasida jiddiy ziddiyat yuzaga kelmoqda

Foto: «Getty Images»

Dunyo ciyosatidagi mustahkam tartibotlarni ostin-ustun qilayozgan Donald Tramp hokimiyati yakuniga yetib, Oq uy demokratlar vakili Jo Baydenga o‘tganiga ham 20 kuncha bo‘ldi. Bu hodisa ilg‘or jamoatchilik tomonidan o‘ziga xos bayram kabi qabul qilingani rost. Ammo «asal oyi» uzoqqa cho‘zilmay yakunlanayotganga o‘xshaydi. Sababi, dunyoning ikki qudratli siyosatchisi — Germaniya kansleri Angela Merkel hamda AQSh prezidenti Jo Bayden o‘rtasida jiddiy ziddiyat yetilib kelmoqda, deb yozadi Bloomberg nashri.

Ittifoqchilar o‘rtasida «qora mushuk» o‘tishiga Rossiya bilan hamkorlikda barpo etilayotgan «Shimoliy oqim-2» gaz loyihasi sabab bo‘ldi. Boltiq dengizi orqali o‘tadigan magistral gaz quvurlari Rossiya gazini Germaniyaga to‘g‘ridan-to‘g‘ri yetkazish imkonini beradi. Ayni paytda rus gazi ko‘hna qit’aga asosan Qora dengiz orqali yetkaziladi. «Shimoliy oqim-2» loyihasi ishga tushishi bilan Rossiya Sharqiy Yevropa mamlakatlarini aylanib o‘tish imkoniga ega bo‘ladi.

AQSh va ayrim Yevropa mamlakatlari ushbu loyiha Rossiyaga energetik qaramlikni kuchaytiradi deb hisoblaydi. Shuningdek, NATO a’zosi bo‘lgan Sharqiy Yevropa mamlakatlari energetik jabhada zaiflashadi degan xavotir mavjud. Qolaversa, yangi loyiha Ukrainaning gaz yetkazishdagi vositachilik rolini ham yo‘qqa chiqaradi. Bu esa Ukraina iqtisodiyotiga kuchli zarba bo‘lishi aniq.

Yevropadagi aksilputin kayfiyatidagi davlatlar avval-boshdanoq «Shimoliy oqim-2» loyihasiga ro‘yxushlik bermagan edi. Rossiyalik muxolif siyosatchi Aleksey Navalniyning zaharlanishi, keyinroq vataniga qaytgach hibsga olinishi ortidan esa G‘arb mamlakatlari rasmiy Moskvaga nisbatan keskin jazo choralarini ko‘rilishini e’lon qildi. Ayni vaqtda Rossiyaga bosim o‘tkazish uchun Germaniyadan «Shimoliy oqim-2»ni to‘xtatib turish talab qilinmoqda. Rasmiy Berlinning mazkur loyihasiga Germaniyaning an’anaviy yaqin hamkori sanalgan Fransiya ham qarshi.

Angela Merkel hukumati esa «Shimoliy oqim-2» shunchaki tijoriy loyihaligi, unga siyosatni aralashtirmagan ma’qul ekanini ta’kidlab keladi.

Qayd etish joizki, «Shimoliy oqim-2»ga Germaniyadagi muxolif partiyalar ham qarshi chiqmoqda. Mamlakat parlamenti tashqi aloqalar qo‘mitasi raisi Norbert Ryottgenga (Norbert Röttgen) ko‘ra, Rossiya rahbariyati demokratik qadriyatlarni poymol etayotgan bir paytda loyiha bo‘yicha vaqtincha tanaffus — moratoriy e’lon qilish lozim. «Yashillar» partiyasi yetakchisi Robert Habek ham shunday fikrda.

Germaniya rahbariyati tomonidan «Shimoliy oqim-2» loyihasi qattiq himoya qilinayotgani Vashingtonda xavotir uyg‘otmoqda

Yaqin ittifoqchilar o‘rtasidagi munosabatlar taranglashmoqda. Hozircha AQSh masalani muzokaralar yo‘li bilan hal etishga urinmoqda. Ammo tomonlar o‘zaro murosaga kelmasa, Oq uy tomonidan gaz quvuri loyihasi bo‘yicha iqtisodiy sanksiyalar joriy etilishi mumkin. U holda vaziyat battar murakkablashadi, Merkel ma’muriyati murakkab tanlov — dilemma qarshisida qoladi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring